Kundalik fanlarni masofadan o‘rganish va mustaqil o‘qish uchun geymifikatsiya vositalarini tatbiq etmoqda
27.04.2021
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

2021-yil aprel oyida Kundalik “Fabrika razuma” hamkori bilan birgalikda maktab o‘quv dasturi doirasida fanlarni qo‘shimcha o‘rganish uchun multiservis onlayn platforma yaratish bo‘yicha loyihani ishga tushirdi.

Mazkur kurs tarkibiga quyidagilar kiradi: konstruktor, respublika ro‘yxatiga kiritilgan darsliklar bobi, sinf yoki fanlar bo‘yicha guruhlarga ajratilgan o‘quv qo‘llanmalar katalogi. Platformada shuningdek, masofaviy o‘qitish xizmatlari, motivatsiya va geymifikatsiya vositalari mavjud. O‘quvchining raqamli profilida diplomlar, medallar va yutuqlar aks etgan.

“Pandemiya davrida ta’lim jarayoni ishtirokchilari maktab dasturini o‘rganish va fanlarga oid bilimlarini mashq qildirish imkoniyatiga muhtoj ekanligi har qachongidan aniqroq namoyon bo‘ldi. Shu maqsadda Kundalik o‘zining o‘qitish tajribasini raqamli formatga o‘tkazishga tayyor g‘ayratli o‘qituvchilarni jalb etish bo‘yicha tanlov e’lon qildi. O‘zbekistondagi ta’lim jarayonini yanada qulay va o‘rganishni soddaroq qilish bo‘yicha chaqiriqqa Kogon, Namangan va Toshkentlik o‘qituvchilar “labbay” deya javob berdilar. Biz birgalikda 2020-2021 o‘quv yilining oxiriga qadar o‘zlashtirilishi kerak bo‘lgan mavzular ro‘yxatini aniqladik va darslar yaratishni boshladik”, — deydi “Kundalik”ning texnik qo‘llab-quvvatlash xizmati rahbari Hilola Izzatova.

Bugungi kunda o‘qituvchi o‘zining raqamli darsini yaratishi, uni video, audio materiallar, test topshiriqlari bilan boyitishi hamda “Kundalik”dagi “Kalendar rejalashtirish” bo‘limi orqali uy vazifasi sifatida berishi mumkin. Xohish bo‘yicha, darsni fan darsligiga yoki mavzu bo‘yicha rasmiy tematik reja bilan bog‘lash mumkin. Darsni uy vazifasi sifatida topshirishda o‘qituvchi tanlov parametrlarini moslashtirishi va taqdim etish shaklini tanlashi mumkin. Shunday qilib, yuqori sinflar messenjer formatida, kichik yoshdagi o‘quvchilar esa interaktiv o‘yin shaklida dars o‘tishlari mumkin.

Emine Adjimambetova, Toshkent shahridagi 103-sonli maxsus umumta’lim maktabining kimyo o‘qituvchisi:

«Karantin davrida men xorij saytlarida turli xil onlayn xizmatlarni qidirdim. Shuning uchun, men “Kundalik” platformasida bunday o‘quv mashg‘ulotlari va testlarni yaratish mumkinligini bilib, ushbu loyihada jon deb qatnashdim. Mazkur onlayn-mashg‘ulotlar orqali o‘qituvchilar bolalarning ma’lum bir mavzuni qanday tushunishini, ularning mavzuga bo‘lgan qiziqish darajasini baholashlari mumkin. Darsda qatnashmagan yoki materialni darhol tushuna olmagan o‘quvchilar nazariy materialni “o‘zlashtirib olishlari” va o‘zlari mashq qilishlari mumkin”.

Oksana Gurchina, Kogon shahridagi 10-maktabning ingliz tili o‘qituvchisi:

“Aksariyat o‘quvchilar ko‘p vaqtlarini telefonlarida foydasiz o‘yinlar o‘ynashga sarflaydilar. “Fabrika razuma” onlayn trenajorlari o‘tilgan mavzular bo‘yicha qo‘shimcha mashqlarni bajarish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Ishonamanki, bunday ta’lim texnologiyalari yordamida bola turli fanlardan o‘z bilim darajasini oshirishi mumkin”.

Loyiha tajriba-sinov rejimida ishga tushirilgan, shuning uchun algebra, fizika, kimyo va ingliz tili bo‘yicha dastlabki darslar cheklangan miqdordagi maktablar uchun mavjud. Sinov davrida foydalanuvchilarning mulohazalari to‘planadi, bularning asosida mahsulot yangi o‘quv yiliga qadar qayta ishlanib, tayyor holga keltiriladi.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq