Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-son umumta’lim maktabiga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi — «Spark» avtomobili topshirildi
07.04.2021
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

7-aprel kuni “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida bitiruvchilar salmog‘i yuqori ko‘rsatkichlarni ko‘rsatgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-son umumta’lim maktabiga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi ya’ni “Spark” avtomobili topshirildi.

Mazkur tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sodiqov, Xalq ta’limi vaziri Sh. Shermatov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari O. Davletov ishtirok etishdi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining “Dubai Future Foundation” jamg‘armasi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinayotgan “Bir million dasturchi” (One Million Uzbek Coders) loyihasini istiqbol sari tashlangan muhim strategik qadam, deb bemalol aytish mumkin.

Joriy yil mart oyining yakuni holati bo‘yicha respublika miqyosida www.uzbekcoders.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tib “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ta’lim olayotganlar soni jami 200 ming nafardan ortiqni tashkil etadi. Shu jumladan, ulardan 81 ming nafardan ortig‘i ishtirokchi va 50 ming nafardan ortig‘i bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritdi.

Hududlar kesimida uzbekcoders.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tganlar soni bo‘yicha Navoiy viloyati (36 600 nafar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (27 574 nafar) va Toshkent shahar (25 572 nafar) yetakchilik qilib kelmoqda.

Faoliyat turi bo‘yicha tahlil natijalariga ko‘ra, umumta’lim maktab o‘quvchilari jami loyiha ishtirokchilari orasida 67,2 foiz bilan yetakchi hisoblanadi. Keyingi o‘rinlarda oliy ta’lim muassasalari talabalari 13,1 foiz, ish faoliyati bilan band bo‘lganlar 5,8 foiz, kollej va litsey o‘quvchilari 1,4 foiz va boshqalar 12,5 foiz ni tashkil etadi.

Loyiha doirasida eng ko‘p umumta’lim maktab o‘quvchilari orasida uzbekcoders.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tgan va ishtirokchilar soni bo‘yicha Navoiy viloyatidagi maktablar yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan viloyatidagi umumta’lim maktablari eng faol maktablar ro‘yxatidan joy olgan.

Yosh toifasi bo‘yicha ta’lim oluvchilarning asosiy qismi ya’ni 90% dan ortig‘i 13-34 yoshlar orasidagi o‘quvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi (12 yoshdan kichiklar – 2779 (1,3%), 13-17 yosh –108299 (53,1%), 18-24 yosh – 47393 (23,3%), 25-34 yosh – 30522 (15%), 25-44 yosh – 11078 (5,4%), 45-64 yosh – 3740 (1,8%), 65+ yosh – 72).

2021-yildan boshlab xalqaro IT sertifikatlarini qo‘lga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifalari belgilandi.

Alohida ta’kidlash kerakki, bugungi kunda hayotimiz har jihatdan texnika va texnologiyalar bilan bog‘liq. Hozirgi kunda barcha ta’lim dargohlarida iqtidorli yoshlar va o‘quvchilarga ilmiy izlanishlar olib borish, IT sohasini chuqur o‘zlashtirish va dasturlash asoslarini mukammal tarzda o‘rganib borishlari uchun sharoitlar yaratilgan. Bu esa, kelajak avlodning axborot texnologiyalari sohasidagi savodxonligini yanada oshishi uchun xizmat qiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq