Mustafoning hikoyasi yoki 13 yoshda qanday qilib moushn dizayner bo‘lish mumkin?
04.03.2021
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Biz frilansda ishlaydiganlar haqida maqolalar rubrikasini davom etamiz va bugun 13 yoshida frilans orqali daromad topadigan va o‘z ustida astoydil ishlaydigan Farg‘onalik yosh frilanserimiz haqida gapiramiz.

Ushbu yosh mutaxassisimizning ismi Mustafo. U o‘zi Farg‘onalik, ayni damda Toshkentda yashaydi va 246-maktabda o‘qiydi. Shuningdek, qahramonimiz matematika va ingliz tillari bilan shug‘ullanadi va Rossiyaning Skillbox onlayn universitetida o‘qiydi. Mustafo grafik, moushn va 3D dizaynga ixtisoslashgan va ular bilan 2 yildan beri shug‘ullanib kelmoqda. Mustafo 2 yil ichida yaxshigina portfolio yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi (bajarilgan ishlar soni 150 ga yaqin).

“Hammasi yoshligimdagi dasturlash bo‘yicha kurslardan boshlandi. 10 yoshimda 1.5 yil mobaynida dasturlash kurslariga qatnadim. Keyinchalik dizaynga qiziqishim boshlandi va uni chuqurroq o‘rganishni kirishdim. Natijada menga dasturlashdan ko‘ra dizayn bilan shug‘ullanish ko‘proq yoqa boshladi va o‘zim yoqtirgan narsa bilan shug‘ullanishga qaror qildim”, — dedi Mustafo.

Mustafo dizayn kurslariga qatnamadi. Hamma narsani o‘zi mustaqil ravishda o‘rgandi. Unga o‘quv markazlari ushbu sohani o‘rganishga hali yosh ekanligini aytishardi. Shuning uchun, dizaynni o‘zi o‘qishiga to‘g‘ri keldi.

 “Menga dizayndagi hamma narsa yoqadi, ayniqsa uning deyarli barcha sohada uchrashi. Hech nima dizaynsiz bo‘lmaydi”, — dedi yosh dizayner.

Mustafo va frilans

Yosh moushn dizayner frilansda besh oydan beri ishlaydi. U shu 5 oy davomida 20 dan ortiq kompaniyadan kelib tushgan 50 dan ortiq buyurtmani bajarishga ulgurdi.

“Lekin kelajakda frilanser sifatida ishlash niyatim yo‘q. Ayni damda bu yerda faqat rivojlanish va tajriba orttirish uchun vaqtinchalik ishlayapman. Men frilansda ishlash orqali, jamoa bilan ishlashni, xaridorlar bilan muloqot qilishni, o‘z ishimni baholashni va kelajakda asqatadigan boshqa ko‘p narsalarni o‘rgandim”, — dedi Mustafo.

Mustafo frilans sohasiga frilanserlik bilan shug‘ullanishni maslahat bergan hamkasb dizaynerlari tufayli kelgan. Aytgancha, Mustafo frilansda ishlash jarayonida hanuzgacha hech qanday qiyinchiliklarga duch kelmagan va bundan buyon ham duch kelmasligiga umid qiladi.

Biroq, Mustafo mijozlari bilan ishlayotganda, o‘zining yoshini ulardan yashirishga harakat qiladi, sababi, ularning ishonchini yo‘qotishdan qo‘rqadi. Uning aytishicha, frilansdagi mutaxassislar yoshni emas, porfolio va ish tajribani baholashlari kerak.

Mustafo har kuni 5 soatdan ko‘proq ishlaydi. U kuniga kamida 2 soat vaqtini moushn dizayn bo‘yicha video dars tomosha qilishga hamda o‘z ko‘nokmalarini rivojlantirishga ajratadi.

Mustafoning ota-onasi har doim uni qo‘llab-quvvatlab kelgan va qo‘llab-quvvatlashni davom etadi. Dastlab ular unga dizayner sifatida ishlashi va o‘qishi uchun kerakli bo‘lgan yaxshi noutbukni sotib olib berishdi.

Daromad haqida

“Qancha daromad topishimni ayta olmayman, ammo repetitorga va o‘zimga ketadigan xarajatlarni o‘zim qoplayman”, — dedi yosh moushn dizayner.

IT Parkʼning eng yosh xodimi

 Mustafo frilansdagi faoliyatidan tashqari, IT Parkʼda ham ishlaydi. U IT Parkʼga Farg‘onadagi IT Park filialida bo‘lib o‘tgan frilanserlar yig‘ilishi tufayli kelib qoldi. Frilanserlar yig‘ilishida IT Park direktori Farhod Ibragimov ishtirok etdi va u yosh dizaynerning potensialini ko‘rib, uni Toshkentdagi IT Parkʼda ishlashga taklif qildi. Mustafo taklifni qabul olib, ishlashga roziligini bildirdi.

“Bu yerdagi jamoa o‘z ishining ustalaridan tashkil topgan. Men ulardan ko‘p narsalarni o‘rganishim mumkin”, — dedi Mustafo.

Kelajakka rejalar

“Maktabni tugatgandan so‘ng, men AQSHning Stenford universitetida o‘qishimni davom ettirishni rejalashtirib qo‘yganman. Universitetni tugatgandan so‘ng, O‘zbekistonga qaytib, Google, Tesla, Facebook va boshqa yirik kompaniyalarga o‘xshash katta loyiha yaratib, O‘zbekistonni dunyoga mashhur qilishni xohlayman!”, — deydi Mustafo.

Mustafodan tengdoshlari uchun 5 ta maslahat:

1. Yaxshi o‘qing;

2. Birinchi o‘ringa pulni emas, tajribani qo‘ying;

3. Kompyuter o‘yinlarini kamroq o‘ynang;

4. O‘z ustingizda ko‘proq shug‘ullaning.

5. O‘z yo‘nalishingizga bo‘g‘liq bo‘lgan tendensiyalarni o‘rganing.

Mustafo IT sohasini o‘rganishni istagan har bir kishiga har kuni o‘z ustida shug‘ullanishni, mashq qilishni, yoqtirgan sohasini chuqurroq o‘rganishni tavsiya qiladi. Shuningdek, Mustafoning ukasi va singlisi bor. Ular ham kelajakda akasi kabi frilanser bo‘lishni istashadi. Singlisi iOS dasturlash sohasiga, ukasi esa dizayn sohasiga qiziqadi.

Mustafo kelajagini yorqin tasavvur qiladi va yosh bo‘lishiga qaramasdan, orzu qilishdan va o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yishdan qo‘rqmaydi. Frilans unga yangi narsalarni o‘rganishi, netvorkingni oshirishi hamda tajriba orttirishi uchun yordam bermoqda. Biz Mustafoga oldiga qo‘ygan barcha maqsadlariga erishishi va O‘zbekistondagi eng yaxshi dizaynerlardan biri bo‘lishini tilab qolamiz.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq