Huawei O’zbekistondagi universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
25.02.2021
Rukn: Tadbirlar. Teglar:
Muallif: .

Huawei kompaniyasi Toshkent shahridagi Amity universiteti va Yeoju texnika instituti bilan oʻzaro anglashuv memorandumlarini imzoladi.

Oʻzbekistondagi Huawei kompaniyasi 20 yildirki mahalliy aloqa operatorlari, ekotizim boʻyicha hamkorlar, davlat idoralari va yirik korxona vakillari bilan hamkorlikda, shuningdek, IT texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan universitetlar va institutlar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritib kelmoqda. Olti yildan buyon Oʻzbekistonda “Seeds for the Future” (Kelajak nihollari) taʼlim loyihasi amalga oshirilmoqda va bu loyiha doirasida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari, shuningdek oʻtgan yildan boshlab Toshkent shahridagi INHA universiteti talabalari Huawei kompaniyasida amaliyot oʻtab kelishmoqda.

Taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish va Oʻzbekiston Respublikasi hududida isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlashga hissa qoʻshish uchun Huawei kompaniyasi Toshkent shahridagi “Amity” universiteti va “Yeoju” texnika instituti bilan oʻzaro anglashuv memorandumlarini imzoladi. Memorandumlar boʻlajak IT-mutaxassislarni birgalikda oʻqitish va malakasini oshirishga, ularning AKT sohasidagi mahoratini yuksaltirishga, Huawei kompaniyasi mutaxassislari tomonidan maʼruzalar oʻqishga, shuningdek yoshlarning rivojlanishiga toʻliq hissa qoʻshishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni oʻtkazishni o’z ichiga olgan.

(Amity universiteti bilan Memorandumni imzolash jarayoni)

“Biz raqamli davrga qadam qoʻydik, bu yerda eng muhimi – raqamli bilimlarga ega kadrlarni oʻz vaqtida tayyorlash. Men Oʻzbekistonda IT yoʻnalishidagi universitetlar soni yildan yilga koʻpayib borayotganidan juda xursandman. Bizning kompaniyamizda mahalliy xodimlarning qariyb 70 foizini Toshkent axborot texnologiyalari universitetining bitiruvchilari tashkil etadi. Oʻtgan yildan boshlab, Huawei jamoasiga Toshkent shahridagi INHA universiteti bitiruvchilari ham qoʻshilishdi. Umid qilamizki, bir necha yildan soʻng Amity va Yeoju universitetlarining ilk bitiruvchilari ham bizning safimizga qoʻshilishadi va Oʻzbekistonning munosib IT-mutaxassislariga aylanishadi”, – deya taʼkidladi Huawei kompaniyasining Oʻzbekistondagi direktori, janob Lyu Tszyasin.

(Yeoju texnika instituti bilan Memorandumni imzolash jarayoni)

Huawei kompaniyasi, shuningdek, IT sohasiga ixtisoslashmagan, biroq hozirda maʼlum bir jihatlardan raqamli texnologiyalar bilan bogʻliq boʻlgan universitetlar bilan ham hamkorlik qilib kelmoqda. Dunyoda iqtisodiyotning barcha sohalarida raqamlashtirish jarayoni borayotganini hisobga olsak, IT yechimlar va ularni qoʻllash boʻyicha asosiy bilimlar har qanday oʻquv dasturi uchun foydali boʻladi. Shunday qilib, yaqinda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining pedagogik tarkibi uchun qishloq xoʻjaligi sohasida bulutli texnologiyalar va server texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha maʼruzalar boʻlib oʻtdi. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan birgalikda esa, avvalroq tuzilgan memorandum doirasida “Oʻzbekistonning AKT sharhlovchisi” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq