Ochiqlik – tarraqiyot garovi
24.02.2021
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlar sohasini yanada rivojlantirish istiqbollari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Davlat statistika qo‘mitasi, Ochiq ma’lumotlar portali shuningdek, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi vakillari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-apreldagi «Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Davlat statistika qo‘mitasi davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma’lumotlar to‘plamlari ro‘yxatini shakllantirish, yuritish va yangilash, tegishli axborotlarning O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz)da o‘z vaqtida aks ettirilishini muvofiqlashtirishga mas’ul etib belgilandi.

2015-yilda tashkil etilgan Ochiq ma’lumotlar portaliga 2019-yilgi Prezident qarori asosida katta o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, texnik tomondan mukammallashtirilib, portalning konsepsiyasi ishlab chiqildi, xorijiy tillar qo‘shildi, ma’lumotlar bazasi kengaytirildi, vazirlik va idoralar jalb qilindi, ro‘yxatlar shakllantirildi. Natijada ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. Shuningdek, 2019-2020 yillar davomida 100 dan ortiq vazirlik va idoralardagi 385dan xodimning xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda malakasi oshirildi.

Ochiq ma’lumotlar reytingida (Open Data Inventory — ODIN) O‘zbekistonning 63 ball to‘plab, 125ta pozitsiyaga ko‘tarilgani va dunyoda 44-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egallagani islohotlar o‘z natijasini bera boshlanidan dalolat.

Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Elektron hukumat kuzatuvi 2020»da «Ochiq davlat ma’lumotlari indeksi» bo‘yicha O‘zbekiston eng yuqori (Very High OGDI) ko‘rsatkichga ega bo‘lgan jahonning 41 ta mamlakati orasidan joy olgani, ushbu indeksda jami 193ta mamlakat baholanib, ular orasida yurtimiz eng yuqori ball to‘plagani ham katta yutug‘imizdir.

Hozirgi kunda, O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portalida jami 11 mingga yaqin ma’lumotlar to‘plamlari 3 tilda (o‘zbek, rus va ingliz) joylashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, ikki yil oldin portalda 4000taga yaqin ma’lumotlar bor bo‘lib, ko‘pi eskirib ham qolgandi. O‘z vaqtida to‘ldirilmagani, dolzarb emasligidan kelib chiqib, barcha ma’lumotlarni olib tashlandi va o‘rniga butunlay yangilarini joylashtirildi. Hozirgi amaldagi ro‘yxatda 1,5 mingga yaqin ma’lumotlar to‘plami mavjud.

2019-yilning 1-avgustida esa portalning ingliz tilidagi versiyasi ishga tushirildi. Shuningdek, dunyodaga barcha xalqaro statistik hamda xalqaro tashkilotlar ma’lumotlar bazalari o‘rganib chiqildi. O‘sha paytdagi tahlillarga ko‘ra, ularda O‘zbekiston to‘g‘risida atigi 28 foiz ma’lumot mavjudligi aniqlandi. Keyingi to‘ldirish va ma’lumotlarni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirgan ishlar natijasida bu ko‘rsatkich 53 foizdan o‘sdi. Hozirgi maqsad – yangi shakllantirilayotgan ma’lumotlarni portalga joylashtirib borish bilan birga ham xalqaro, ham ichki foydalanuvchilar uchun qulay va yagona bazani yaratishdir.

So‘nggi yillarda elektron hukumatni tashkil etuvchi ko‘pgina davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari yaratildi. Bunga katta-katta mablag‘lar ajratildi. Shunday ekan, endilikda ushbu ma’lumotlardan nafaqat davlat sektori, ijtimoiy masalalar, balki tijorat sohasida ham imkon qadar samarali foydalanish zarur.

Yana bir muhim yangilik: 2021-yil 1-avgustga qadar O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portalining yangi versiyasini ishlab chiqish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq