Mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilgani to‘g‘risidagi masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
05.01.2021
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

4-yanvar kuni O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zТТВRМ” DUK hamda Davlat Bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi mas’ul mutahassislari ishtirokida matbuot anjuman bo‘lib o’tdi.

Matbuot anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi xududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 828-son qaroriga muvofiq mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilgani to‘g‘risida masalalar muhokama qilindi.

Ta‘kidlash kerakki, ushbu qaror mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimi ishga tushirilganidan so‘ng fuqaro va tadbirkorlardan kelib tushgan murojaat va takliflardan kelib chiqqan holda iste’molchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish, telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda tizimni takomillashtirish va qulayliklar yaratish maqsadida ishlab chiqildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda respublika hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat’iy nazar, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgar bo‘ladilar.

Xorijiy davlatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari mobil qurilmalari IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosiga murojaat qiladi.

O‘z navbatida, mobil qurilmalarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qurilma ishlab chiqarish to‘g‘risida tegishli ruxsatnomalarni, shuningdek, vakolatli organlarni mahalliy ishlab chiqaruvchisi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet davlat fuqarosi va O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat qilish yo‘li bilan ro‘yxatga olinadi.

Jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali olib kiritilgan mobil qurilmalar Tizim operatori yoki Tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat etish yo‘li bilan, shuningdek, tizim operatorining sayti orqali, mos ravishda pochta identifikatorining shtrix kodi, kalendar shtempeli bo‘lgan konvert va jo‘natma oluvchining pasportini ko‘rsatgan holda amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan ro‘yxatga olish uchun ko‘rsatilgan mobil qurilmalar olib kirilgan, shu jumladan xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali keltirilgan mobil qurilmalar soni jismoniy shaxslar uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan bojxona chegarasi orqali tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan normalaridan oshmasligi lozim.

Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona to‘lovlari to‘langandan so‘ng IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Tadbirda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan natijalar to‘g‘risida ham so‘z yuritildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tizimni joriy etishning birinchi bosqichida, ya’ni 2019-yil 1-apreldan 1-noyabrga qadar 36,2 mln. IMEI kodlar tizimda avtomatik tarzda bepul asosda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ikkinchi bosqichda (2019-yil 1-noyabrdan 1-dekabrgacha) esa 2,8 mln IMEI kodlar tizim operatoriga murojaat qilish orqali bepul asosda ro‘yxatdan o‘tkazildi. 2019-yil 1-dekabrdan mobil qurilmalarning IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkazish pullik asosda amalga oshirilib kelinmoqda.

Matbuot anjumani yakunida savol-javob qismida ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq