Xalq ta’limi vazirligida raqamlashtirish va “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning ijro etilishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qay darajada?
10.12.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi (XTV) sohasida Ta’limni raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonnunning ijro etilishi, “Onlayn maktab”, “Raqamli va xavfsiz maktab”, “Elektron darslik”, “Elektron kundalik” kabi axborot tizimlarini joriy etilishi yuzasidan nazorat-tahlil tartibida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha videokonferensiya yig‘ilishi o‘tkazildi. Mazkur tadbirda Qo‘mita a’zolari-deputatlar, Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari hamda ushbu vazirliklarning mas’ul xodim va mutaxassislari ishtirok etdilar.

Tadbirda deputatlar tomonidan XTVda qo‘lga kiritilgan yutuqlar ta’kidlab o‘tilgan holda bir qator kamchiliklarga e’tibor qaratildi, jumladan:

2018-yil 5-sentabrdagi PQ- 3931 qarori 3-ilovasi 26-bandiga ko‘ra, xalq ta’limi muassasalarini keng polosali tarmoqqa ulanishini ta’minlash tomonlar kelishuviga asosan, yildan-yilga tezlikni oshirishni hisobga olgan holda, kamida 10 Mb/s. tezlik kam bo‘lmagan holda ulash vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, “ZiyoNet” tarmog‘i yagona reestrining axborot resurslaridan foydalanish uchun ulanish huquqi “O‘zbektelekom”AK tomonidan berilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bugungi kunda “O‘zbektelekom”AKning mablag‘lari (202 mlrd. so‘m) hisobiga Respublika bo‘yicha 6827 ta xalq ta’limi muassasasigacha 8339 km optik tolali aloqa liniyalari tashkil etildi, biroq optik tolali aloqa tashkil etilgan aksariyat xalq ta’limi obyektlarida telekommunikatsiya xizmatlari uchun mablag‘lar xarajatlar smetasida inobatga olinmagan. Optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan taqdirda ham aksariyat maktablar yuqori tezlikdagi Internetdan foydalanish uchun tayyor emas, ya’ni kompyuterlar texnik talablarga javob bermaydi, lokal tarmoq mavjud emas, litsenziyali dasturiy ta’minotlar o‘rnatilmagan. 2019-yilda jami 10154ta obyektdan 6827 (67%) ta obyektga optik tolali aloqa kabeli tortilgan, shundan 4969 (48%) ta obyektga ulangan bo‘lsa, 5569 ta obyektga ulanmagan. xDSL va GPON texnologiyalarini inobatga olgan holda, 4585 (45%) ta obyektda yuqori tezlikdagi Internetdan foydalanish imkoni mavjud. Shundan, Xorazm viloyatida 100 foiz, Toshkent shahrida 90 foiz maktablar foydalanayotgan bo‘lsa, Farg‘ona viloyatida 36 foiz, Surxodaryo viloyatida 30 foiz, Jizzax viloyatida 20 foiz, Qashqadaryo viloyatida atigi 17 foiz maktablar yuqori tezlikdagi Internetdan foydalanib kelmoqda.

“Kundalik”axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda AT) ishlab chiqaruvchi “Kundalik” XK MChJ (jamiyat) va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi o‘rtasida 2019-yilda memorandum imzolangan bo‘lib, mazkur memorandum asosida tizimni joriy qilish ishlari olib borilgan. Memorandumga muvofiq, Jamiyat O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga tizimning dastlabki kodlari va istiznosizlik litsenziyasi hamda tizimga o‘zgartirishlar kiritish huquqlarini taqdim etmaydi, mazkur amaliyot tizimni takomillashtiruvchi va texnik qo‘llab-quvvatlash vazifalarini amalga oshiruvchi tizim ishlab chiquvchisi zimmasida qoldirilishi ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Axborotlashtirish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish to‘g‘risida” 2005-yil 22-noyabrdagi 256-son Qarorida Davlat organlarining axborot tizimlarini yaratish quyidagi bosqichlardan iborat bo‘lishi belgilangan: talablarni shakllantirish, konsepsiya, texnik topshriq, eskiz va texnik loyihalarni ishlab chiqish, ishchi hujjatlarni tuzish, ishga tushirish va kuzatib borish bosiqichlaridan tashkil topishi, AT ishlab chiqaruvchisi tomonidan bildirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tizimning loyiha texnik hujjatlari o‘rnatilgan tartibda tayyorlanishi va tasdiqlanishi, tizimning to‘laqonli ekpluatatsiyaga topshirilishi davlat-xususiy sheriklik shartnomasi imzolangandan so‘ng amalga oshirilishi belgilangan.

AT ishlab chiqaruvchisi tomonidan bildirilgan ma’lumotlarga asosan, O‘zbekiston Respublikasi “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq quyidagi hujjatlar ishlab chiqilgan: loyiha konsepsiyasi, axborot xavfsizligi siyosati, ma’lumotlarning zahiralanishi va tiklanish reglamenti, texnik topshiriq, foydalanuvchi va administrator qo‘llanmalari. Ushbu hujjatlar to‘plami Davlat-xususiy hamkorlik shartnomasi imzolanishida nazarda tutilgan. Shunga qaramay, ushbu tizim 2019-2020 o‘quv yilida Toshkent shahridagi 300 dan ortiq maktabda tajriba-sinovdan o‘tkazilgan, 2020-2021 o‘quv yilidan esa 1400dan ortiq maktablarga joriy etilgan.

ATning texnik topshirig‘i ishlab chiqilgan, 2020-yil 10-noyabrda Xalq ta’limi vazirligi va “Kundalik” XK MChJ bilan bitim imzolangan, 12-noyabrda Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilganligi sababli vakolatli organ tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmagan.

AT asosi Rossiya Federatsiyasining Dnevnik.ru dan olingan bo‘lib, Jamiyat tomonidan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim normativlariga moslashtirilgan va o‘zbek tiliga tarjima qilingan. AT doirasida hududlarda server qurilmalari va zahira kanallari mavjud emas, ATdan avtorizatsiyadan o‘tishda parollarning ishonchli va ishonchsizligi ko‘rsatuvchi belgi mavjud bo‘lib, ishonchsiz parol kiritilganda ham ATdan foydalanish imkoniyati mavjud.

Onlayn olimpiadalarni tashkil etish “olimpiada.uzedu.uz” axborot tizimi bo‘yicha:

Mazkur axborot tizimi AT O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi buyurtmasiga asosan Xalq ta’limi sohasida axborot kommunikatsiya texnologiyalarni rivojlantirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Axborotlashtirish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish to‘g‘risida” 2005-yil 22-noyabrdagi 256-son Qarori asosida vakolatli organ tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan hamda texnik topshiriq nushasi taqdim etilgan. ATning texnik topshirig‘i 4.1.2-bandida ushbu loyiha doirasida tashqi tizimlar bilan integratsiya ko‘zda tutilmagan, biroq boshqa tashqi tizimlar bilan integratsiya qilish imkoniyati ma’lum bo‘ldi. AT doirasida server qurilmalari va zahira kanallari mavjud emas. ATning mobil ilovasi mavjud emas. Oflayn rejimida ishlovchi mobil ilova yaratilgan.

O‘qituvchilar ishini yengillashtirish, qog‘ozbozlikning oldini olishga qaratilgan islohotlar rejalashtirilgan bo‘lsada, o‘quvchining o‘zlashtirgan baholarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri dars jarayonlarida “Kundalik”.com ATga joylashtirish imkoniyati mavjud emas, maktablardagi internet bilan ta’minlanish holatini inobatga oladigan bo‘lsak, aksariyat o‘qituvchilar darsdan so‘ng o‘z mobil aloqa vositalari orqali mazkur tizimga baholarini joylashtirish bo‘yicha chiqimdor bo‘layotganlarini tushinish mumkin. Vazirlik bu borada har bir fandan o‘quvchilarni o‘zlashtirishini dars jarayonlarida kiritish imkoniyatini yaratish bo‘yicha mexanizm ishlab chiqishi maqsadga muvofiq.

Onlayn darslarda o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini aniqlash bo‘yicha tizim yaratilmagan, o‘quvchilarning onlayn darslarni kuzatib borish imkoniyatlari va samarasini nazoratga olish imkoniyati mavjud emas. Hisobotda Xalq ta’limi vazirligining xati chiqarilgani aytilsada, ishchi guruhiga ushbu xat taqdim etilmadi, tanlov asosida o‘rganilgan Namangan viloyatining xalq ta’limi boshqarmasi, tuman xalq ta’limi bo‘limi hamda tanlanma asosida maktab rahbarlari bilan suhbatlashilganda, bu boradagi Xalq ta’limi vazirligining xatlari yetkazilmagani aniqlandi.

Axborot resurslarida saqlanadigan va ishlov beriladigan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan axborot elektron hujjatlar aylanishini tashkil etish bo‘yicha “Ijro.gov.uz” idoralararo yagona portalga ulangan, E-Xat elektron pochtasidan foydalanish quyi tizimdagi tashkilotlar bilan samarali yo‘lga qo‘yilmagan. Elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan hujjatlarni aylanishini tashkil etish rejalashtirilgan, biroq to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan.

Vazirlik tasarrufidagi 5 714 ta maktabda zamonaviy kompyuterlarning yetarli emasligi, elektron darslar, virtual laboratoriya, axborot tizimlaridan foydalanish samaradorligiga erishish uchun to‘sqinlik qilmoqda.

Yuqoridagi muammolar yuzasidan Xalq talimi vazirining o‘rinbosari R.Karimjanovga deputatlar tomonidan tanqidiy, lekin shu bilan birga, haqli savollar berildi. Savollarning aksariyatiga qoniqarli javoblar olinmadi. Umuman aytganda, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rishda yuzaki qaraganligining o‘zi (vazir o‘rinbosarining tadbirga kech qolib ulanishi, ulangandan so‘ng “menga tayyorlanishga vaqt beringlar” deyishi, qilgan ma’ruzasi umuman qoniqarsizligi va h.k.) hali vazirlikning o‘zida Qonun nima, Parlament oldidagi hisobot nimaligidan dars olishi lozim bo‘lgan mutasaddilar ko‘pligidan xabar bermoqda degan xulosaga keladi odam.

Tadbir natijasi bo‘yicha Qo‘mita tomonidan tegishli qaror qabul qilinib, deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Nazorat davom etadi…

Muallif: Baxtiyor Maniyazov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” DP va Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq