Xalqimiz tomonidan va xalqimiz uchun yaratilgan oliy qomus
07.12.2020
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘zbekiston xalqi o‘zining butun rivojlanish tarixi mobaynida jamiyatdagi har bir insonning manfaatlarini birdek himoya qila oladigan, azaliy milliy qadriyatlari, an’analari va urf-odatlarini, o‘zligini, sha’ni va qadr-qimmatini kafolatlaydigan hamda ayni paytda jahondagi rivojlangan davlatlarda qaror topgan ilg‘or Konstitutsiyaviy g‘oyalarni qamrab olgan yaxlit qomusiy-huquqiy hujjatga ehtiyoj sezib yashadi.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng xalqimizning bukilmas siyosiy irodasini va xohish-istagini ro‘yobga chiqarish uchun huquqiy poydevor bo‘ladigan, iqtisodiy-ijtimoiy farovonlikni, madaniy va ma’rifiy taraqqiyotimizni ta’minlaydigan, eng asosiysi, insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan tamoyillar o‘z aksini topgan Oliy Qomusimiz ishlab chiqildi. Bosh Qomusimiz inson manfaatlarini ta’minlash uchun xizmat qiladigan insonparvar fuqarolik jamiyatining, adolatli huquqiy davlatning, demokratik suveren yo‘limizning huquqiy asosiga aylandi.

Shu bilan birga, Konstitutsiyamizda zamonaviy o‘zbek milliy davlatchiligining teng huquqlilik, qonuniylikni ta’minlash, inson huquqlarining so‘zsiz ustuvorligi kabi prinsiplar bilan bir qatorda, o‘zbek xalqining qon-qoniga singib ketgan muqaddas an’analar, xususan, oilaning muqaddasligi, farzandlarning ota-onasi oldidagi burchlari ham aniq-ravshan belgilab berildi.

Biroq har qanday konstitutsiya qanchalik zalvorli va mukammal bo‘lmasin, aholining turmush tarzi va yashash sifati, fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirish kafolatlari nafaqat konstitutsiyaviy normalarning haqqoniyligiga tayanadi, balki ular, asosan, fuqarolar va davlat institutlarining ushbu normalarni ta’minlashga bo‘lgan intilishlari hamda sa’y-harakatlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu bois, Asosiy Qomusimizda belgilangan insonparvarlik prinsiplarining amalga oshishida davlatning samarali faoliyati beqiyos ahamiyatga egadir. Zero, bugungi zamonaviy demokratik jamiyatlarda davlat institutlari faoliyatining samaradorligi konstitutsiyaviy normalarni hayotga tatbiq etish va undagi prinsiplarni ro‘yobga chiqarish darajasiga qarab baholanadi.

Prezidentimiz o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridanoq sobitqadamlik va qat’iyatlik bilan Konstitutsiyaviy vakolatlari doirasida Konstitutsiyamizning barcha normalarini harakatga keltirish hamda ularning ishlashini ta’minlash choralarini ko‘rishga kirishdi va bunga muvaffaq bo‘ldi.

Xususan, davlatimiz rahbari qonunchilik jarayoniga yangi amaliyotni olib kirdi. Normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilishning yangi, demokratik shakllari joriy etilmoqda, qonun hujjatlari loyihalari keng jamoatchilik vakillari, milliy va xorijiy ekspertlar doirasida muhokamalardan o‘tmoqda. Qonun ijodkorligi jarayoniga bunday yangiliklarni tatbiq etilishi natijasida qonun hujjatlarining amaliy samaradorligi va hayotiyligi keskin oshishiga erishilmoqda.

Prezidentimiz Konstitutsiyada belgilangan xalq hokimiyatchiligi prinsipiga alohida e’tibor qaratib, xalqni eshitish va uning tashvishu muammolarini hal etishni, fuqarolarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilishni o‘z siyosiy yo‘lining qat’iy va o‘zgarmas prinsiplaridan biriga aylantirdi. Shu bilan birga, mamlakatimiz Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan  «Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi» degan konstitutsiyaviy normani bajarish vazifasini jamiyatning va davlat organlarining oldiga ko‘ndalang qo‘ydi.

Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda konstitutsiyaviy qonunchilik normalarini amalda qo‘llash sohasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan yuksak kasbiy malaka va beqiyos fidokorlik bilan amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar ko‘lamini tahlil qilar ekanmiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli moddalari misolida ushbu jarayonga oid ayrim muhim misollarga e’tibor qaratmoqchiman.

Birinchi misol. “35-modda. Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.

Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart”.

Mamlakatimizda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning, ularga munosabat bildirishning mutlaqo yangi va samarali tizimi yaratilib, ularni davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqish amaliyoti tubdan o‘zgardi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, shuningdek, tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalari mazkur tizimning markaziy bo‘g‘iniga aylandi. Ushbu yangi tizimlar o‘z navbatida, davlat organlarining xalq tomonidan ko‘tarilayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish borasidagi mas’uliyatini kuchaytirish va pirovard natijada, muhim konstitutsiyaviy normani harakatga keltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ikkinchi misol. “29-modda. Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.

Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin”.

So‘nggi vaqtlarda Prezidentimizning qat’iy irodasi tufayli mamlakatimizning milliy axborot sohasida chinakamiga inqilobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, ommaviy axborot vositalari, mamlakatimiz fuqarolari o‘z fikrini erkin ifodalash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mamlakatimizning axborot maydonida shunday ochiqlik va so‘z erkinligi muhiti yaratildiki, har bir muammo yashirilmasdan oshkora jamoatchilik muhokamasiga olib chiqila boshladi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotning ochiqligi prinsipi qonunchilik yo‘li bilan mustahkamlab qo‘yildi.

Uchinchi misol. “40-modda. Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”.

Davlat rahbari uchun eng noyob va zarur qobiliyatni – oldindan uzoqni ko‘ra bilish va o‘z vaqtida choralar ko‘rish qobiliyatini o‘zida mujassam etgan Prezidentimiz o‘z faoliyatini bajarishga kirishgan birinchi kunlaridan boshlab sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirmaganda, butun dunyoni tahlikaga tushirgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimizni qanday mushkul vaziyatga solib qo‘yishi mumkinligini endilikda tasavvur etish qiyin emas.

O‘zbekiston Prezidenti butun dunyoni tahlikaga solgan pandemiya bilan bog‘liq murakkab va og‘ir vaziyatlarda butun mas’uliyatni qat’iy iroda bilan o‘z zimmasiga oldi va butun davlat idoralarini, jamoatchilikni bu xavfning oldini olish choralarini ko‘rishga safarbar etdi. Natijada O‘zbekiston koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tufayli qurbonlar sonini va iqtisodiy yo‘qotishlarni eng past ko‘rsatkichga tushira olgan ozchilik mamlakatlar qatoridan joy oldi. Milliy va xalqaro hamjamiyat sog‘liqni saqlash milliy tizimidagi islohotlarni amalga oshirishda davlatimiz rahbarining shaxsan ishtirok etganligi fuqarolarning malakali tibbiy xizmatga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish, mamlakatni koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq og‘ir noxush oqibatlardan xalos etish imkoniyatini berganligining guvohi bo‘ldi.

To‘rtinchi misol. “42-modda. Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.

Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi”.

O‘zbekiston Prezidentining bevosita tashabbuslari ilm-fan, texnikani, madaniyatni rivojlantirish sohasini jonlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish uchun asos bo‘ldi. Davlat boshlig‘i ta’lim va madaniyatni rivojlantirish jarayonlariga yangicha shakl-shamoyil berdi. Bu borada zamonaviy global taraqqiyotga hamohang bo‘lgan va har bir shaxsni ijodiy, innovatsion, madaniy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy tizimni yaratishning tamal toshini qo‘ydi.

Natijada keng ko‘lamli izlanishlar, tuzilmaviy o‘zgarishlar tufayli barcha darajadagi ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar tizimi, milliy madaniyatni rivojlantirish jarayonlari qayta jonlana boshladi.

Umuman, Prezidentimiz Asosiy Qonunimizning butun falsafasi va ruhini barchamizga chuqur singdirish bilan bir qatorda, Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan barcha normalar va prinsiplarni hayotga tatbiq etilishiga erisha oldi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Konstitutsiyamiz yangi demokratik normalar bilan boyitildi.

Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimiz xalq xohish-irodasini bilan yaratilgan O‘zbekiston Konstitutsiyasining butun qudrati va salohiyatini o‘zining shaxsiy namunasi, tinim bilmas tashabbuskorligi bilan barchamizga namoyish etmoqda va ibrat bo‘lmoqda. Shu nuqtai nazardan, Shavkat Mirziyoyevning huquqiy davlat va insonparvarlik prinsiplariga nisbatan hurmati, sodiqligi, shuningdek, qonuniylikni va Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan huquqiy normalarning aniq bajarilishini ta’minlashga bo‘lgan intilishlari hammamiz uchun ulkan ibratdir.

Nurdinjon ISMOILOV, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq