Oʻzbekiston ODIN reytingida 125 pog’onaga koʻtarilib, dunyoda 44-oʻrinni, Markaziy Osiyo bo’yicha 1-oʻrinni egalladi
07.12.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Oʻzbekiston Respublikasi Open Data Inventory (ODIN) ochiq ma’lumotlar reytingida 63 ballni toʻpladi.

Mazkur koʻrsatkich bilan Oʻzbekiston ODIN reytingida 125 pozitsiyaga koʻtarilib, dunyoda 44 oʻrinni hamda Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni egalladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 9- aprelida “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash va mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi, bu oʻz navbatida mamlakatimizda ochiq ma’lumotlarni rivojlantirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qildi.

Ushbu qarorga muvofiq, Davlat statistika qoʻmitasi davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma’lumotlar toʻplamlari roʻyxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portalida oʻz vaqtida aks ettirilishi boʻyicha mas’ul etib tayinlandi. 2019- yilning aprelida Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati tarkibida Ochiq ma’lumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etildi.

Oʻtgan davrda Davlat statistika qoʻmitasi boshqa vazirlik va idoralar, shu jumladan, YEXHTning Oʻzbeksitondagi loyihalari Koordinatori, Jahon banki, BMTning Taraqqiyot dasturi va shu kabi boshqa xorijiy tashkilotlar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlarni rivojlantirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Ushbu ishlar natijalarini mamlakatimizning ochiq ma’lumotlar boʻyicha xalqaro reytinglar va indekslarda mavqeining sezilarli darajada yaxshilanishida koʻrish mumkin.

Xususan, Open Data Inventory (ODIN) — rasmiy statistika kamchiliklarini aniqlash, ochiq ma’lumotlar siyosatini ilgari surish, milliy statistika organlari (MSO) bilan ma’lumotlardan foydalanuvchilar oʻrtasida muloqotni yaxshilash va ragʻbatlantirishga qaratilgan qamrov va ochiqlikni baholaydi.

Open Data Watch – ochiq ma’lumotlar va rasmiy statistika oʻrtasida faoliyat olib boruvchi xalqaro notijorat tashkilot. Ularning faoliyati rasmiy statistik ma’lumotlarni ishlab chiqish va boshqarishda oʻzgarishlarni amalga tatbiq qilishdan iborat. Open Data Watch tashkiloti butun dunyo boʻyicha mamlakatlar rasmiy statistikasining qamrovi va ochiqligini yillik baholashni oʻtkazish maqsadida Ochiq ma’lumotlar reestri (ODIN)ni yaratdi. Ma’lumotlarning sifati va ochiqligi monitoringini amalga oshirish orqali ular hukumatlarga, xalqaro tashkilotlarga va fuqarolarga Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ni baholash va erishish muammolarini hal etishga yordam berishlari mumkin.

Oʻzbekistonda ochiq ma’lumotlarning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha potensial hamkorlik doirasida 2020- yil 21- may kuni Open Data Watch ekspertlari tomonidan YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari Koordinatori koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi ekspertlari uchun “Open Data Uzbekistan Workshop Agenda” deb nomlangan onlayn tadbir oʻtkazildi.

The Open Data Inventory (ODIN) mamlakatning statistik takliflari qanchalik toʻliqligini va ulardagi ma’lumotlar xalqaro ochiqlik standartiga mos kelishini baholaydi. ODINda baholanadigan ma’lumotlar milliy statistika organlari (MSO) rasmiy veb-saytida e’lon qilingan yoki MSO veb-saytidan havola mavjud boʻlgan mamlakatning boshqa rasmiy saytlarida e’lon qilingan mamlakatning rasmiy ma’lumotlari boʻlishi kerak. Qamrov ballari asosiy koʻrsatkichlarning mavjudligiga, vaqt boʻyicha va geografik boʻlinmalar uchun tegishli kesimlarda boʻlishiga bogʻliq.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi mazkur reytingda eng yuqori oʻsishni koʻrsatgan 2 mamlakatdan biriga aylandi.

Ma‘lumot uchun: The Open Data Inventory (ODIN) 2018 yildagi reytingida Oʻzbekiston Respublikasi jahonda 169-oʻrinni egallagan edi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq