PIIMA maktablari oʻquvchilari sunʼiy intellekt boʻyicha ʼIBM Skills Networkʼ seminarida ishtirok etdilar
05.12.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) tasarrufidagi Prezident hamda ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari joriy yilning 5-dekabr kuni tashkil etilgan Watson Assistant asosida sunʼiy intellekt yordamida chat-bot yaratishga bagʻishlangan kursda ishtirok etishdi.

Mazkur kurs Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) tomonidan Integrated Technology Laboratory va Intela Education Uzbekistan (Coursera, edX and IBM Skills Network kabi yetakchi onlayn platformalarning hamkori) kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Eslatib oʻtamiz, PIIMA, Integrated Technology Laboratory va Intela Education Uzbekistan joriy yilning noyabr oyining oxirida hamkorlik memorandumini imzoladilar. Hujjat doirasida tomonlar robotlashtirilgan onlayn taʼlimni rivojlantirish va yangi texnologiyalarga bagʻishlangan turli mahorat darslari hamda treninglar tashkil etish rejalashtirilgan.

Tashkil etilgan kurs mazkur hamkorlik doirasida tashkil etilgan ilk loyihadir. Unda Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahridagi Prezident maktablari, al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab, Abu Ali Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilari ishtirok etdilar.

Kurs doirasida ishtirokchilar IBM kompaniyasining Watson Assistant mahsuloti yordamida chat-botini yaratish boʻyicha nazariy va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishdi.

Watson Assistant — sunʼiy intellektga ega IBM mahsuloti boʻlib, u istalgan dasturda interaktiv muloqot yaratish, oʻqitish va joriy etish uchun qoʻllaniladi.

Taʼkidlash lozimki, sunʼiy intellekt hozirgi kunda istiqbolli bozorlardan biridir. Sunʼiy intellekt bozorining qiymati 15 trln. AQSH dollaridan 21 trln. AQSH dollariga qadar baholanmoqda. Oʻzbekiston ushbu bozorning ishtirokchilaridan biriga aylanishi mumkin, bu esa mamlakatimizda yangi ish oʻrinlarini yaratishga imkon beradi. Mamlakatimizning sunʼiy intellekt bozorida raqobatbardoshligini taʼminlash uchun taʼlim sohasiga va ushbu yoʻnalish boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashga katta eʼtibor qaratish lozim.

— Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan taʼlim tizimi oldiga qoʻyilgan vazifalardan biri bu oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirishdir. Axborot texnologiyalari istiqbolli yoʻnalishlardan biri boʻlib, bu sohada yangi kasblar paydo boʻlmoqda. Sunʼiy intellektning rivojlanishi yangi istiqbollarni ochib beradi va biz bu boradagi yechimlarimiz hamda mahsulotlarimizni taqdim etishga tayyor boʻlishimiz kerak. PIIMA, Integrated Technology Laboratory (Intela) va Intela Education Uzbekistan kelajakda sunʼiy intellekt sohasida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha turli tadbirlarni hamkorlikda davom ettirishni niyat qilmoqda, — dedi PIIMA direktori oʻrinbosari Amirulla Abdullayev.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq