Propiska tizimini isloh qilish — tarixiy qadam
04.12.2020
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayoni ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarini qamrab oldi, ayniqsa, uzoq vaqtdan buyon fuqarolik huquqiga oid to‘planib qolgan ko‘p masalalar huquqiy islohotlar bilan o‘z yechimini topmoqda. Ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi bir qator qonun va farmonlar qabul qilingani e’tiborga molik.

Jumladan, yangi tahrirda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonun bilan mamlakatimiz hududida doimiy istiqomat qiladigan fuqaroligi bo‘lmagan 50 mingga yaqin shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishiga imkoniyat yaratildi. Bu boradagi masalalarni ko‘rib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik mexanizmlari amal qilishi belgilab berildi. Shuningdek, sohadagi o‘zgarishlar joriy yilda qabul qilingan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Qonunda o‘z ifodasini topdi.

Prezidentimizning “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan keng jamoatchilik fikrlarini inobatga olgan holda, ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan doimiy propiska qilish tizimidan bosqichma-bosqich xabar berish xususiyatidagi ro‘yxatdan o‘tkazish tizimiga o‘tish yuzasidan ishlar boshlab yuborildi.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan “propiska” so‘zi ma’naviy eskirganligi va ushbu atama fuqarolar ongida “to‘sqinlik qiluvchi”, “erkinlikni cheklovchi” degan tushunchalarni keltirib chiqarayotganligi munosabati bilan “doimiy propiska” so‘zlari “yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” so‘zlariga almashtirildi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkka ega bo‘lish uchun bu hududlarda doimiy ro‘yxatda bo‘lish talabi bekor bo‘ldi.

Qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida fuqarolarga nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga, balki ularning egaligida bo‘lgan uy-joy maydoniga ham doimiy ro‘yxatga turish imkoniyati yaratildi, ya’ni boshqa viloyatda doimiy ro‘yxatda bo‘lgan fuqaro Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan ko‘chmas mulk sotib olgandan keyin, avvalo, o‘zi shu manzilga doimiy ro‘yxatga o‘tadi. So‘ngra oilasi (turmush o‘rtog‘i, farzandlari)ni, agar xohlasa, ota-onasi, bobo-buvisi va nabiralarini ham doimiy ro‘yxatga o‘tkazishi mumkin bo‘ldi.

Er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda propiskani yo‘qotish bo‘yicha qoidalar bekor qilindi.

Oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish imkoniga ega bo‘ldi.

Oliy Majlis palatalari, O‘zbekiston Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar hamda ularning oila a’zolari belgilangan tartibda doimiy propiska qilingandan so‘ng ular boshqa ishga o‘tishi yoki lavozimdan ozod etilishi yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatdan chiqarilishiga oid qoida bekor qilindi.

Ilgari Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar — doimiy yashash uchun tegishincha Toshkent shahriga va Toshkent viloyatiga qaytib kelganida hech qanday to‘siqlarsiz doimiy yashash joyi bo‘yicha qayta ro‘yxatga olinadi, ya’ni oldin amalda bo‘lgan tartib bo‘yicha avvalgi yashagan manziliga faqatgina davlat yo‘llanmasi bilan ishga yuborilgan, o‘qish uchun ketgan, jazoni ijro etish muasssasidan ozodlikka chiqib, qaytib kelgan fuqarolargina, agar shu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etsalar, yana qaytadan doimiy ro‘yxatga olingan. Endilikda har qanday shaxs Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan ma’lum sabalarga ko‘ra, yoki o‘zining xohishiga ko‘ra ro‘yxatdan chiqib ketsa ham, xohlagan paytida yana qaytib, tegishincha Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati hududiga doimiy ro‘yxatga turishi mumkin bo‘ldi.

Davlat hokimiyati organlarida, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida hamda boshqa davlat tashkilotlarida uzluksiz besh yil va undan ortiq bo‘lgan davr mobaynida mehnat faoliyatini olib borayotgan mutaxassislar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) shuningdek, ularning oila a’zolari doimiy ro‘yxatga turish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Farmonda propiskaga qo‘yish bilan bog‘liq jarayonlar va ularni “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish mexanizmlari raqamlashtirilishi lozimligi belgilangan. Shu asosda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish bilan bog‘liq ishlar idoralararo elektron hamkorlik orqali “yagona darcha” tamoyili asosida Ichki ishlar vazirligining “Manzil” dasturi vositasida amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda avvalgi doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqish tartibi bekor qilindi. “Manzil” dasturi orqali ro‘yxatga olish Toshkent shahri va Toshkent viloyatida — 2020-yil 1-sentabrdan amal qilmoqda.Ushbu tartib Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — 2021-yil 1-yanvardan boshlab amalga oshiriladi.

“Yagona darcha” tamoyili deyilganda, fuqaroning ishi bir joyda hal bo‘lishi tushuniladi. Mazkur holatda doimiy ro‘yxatga ega bo‘lish uchun fuqaro talab etiladigan hujjatlarni taqdim etish uchun boshqa davlat idoralariga borishi shart emas. Murojaat ichki ishlar organining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasining o‘zida hal bo‘ladi. Masalan, doimiy ro‘yxatga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan uy-joy kadastr hujjatlari, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar elektron ko‘rinishda idoralararo hamkorlik tizimi orqali raqamlashgan shaklda olinadi. Xuddi shunday boshqa hujjatlar — o‘lim, nikoh tuzilganligi yoki nikohdan ajrashganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar, shaxsning ishlayotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham tarmoq orqali elektron tarzda olinishi mumkin.

Fuqaro doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganida QR-CODE bilan himoyalangan qayd varag‘i berish amaliyoti joriy etildi. Ushbu tartibga asosan pasportlarga shtamp bosish tartibi bekor qilindi.

Idoralararo hamkorlikni samarali tashkil etish maqsadida Adliya vazirligining “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining yagona elektron arxivi” axborot tizimi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi, Davlat soliq qo‘mitasining “Soliq” axborot tizimlari kompleksi “Manzil” dasturiga integratsiya qilindi.

Xalq ta’limi vazirligida ham voyaga yetmaganlarni tug‘ilganlik haqida guvohnomasi ma’lumotlariga hamda voyaga yetganlarni jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga bog‘lagan holda vasiylik va homiylikni tasdiqlovchi hujjatlarning elektron bazasi yaratilib, “Manzil” dasturi orqali o‘zaro hujjat almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mudofaa vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-sentabrdan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini real vaqt rejimida harbiy hisobga olish va hisobdan chiqarish yo‘lga qo‘yildi, 2021-yil 1-yanvardan qolgan viloyatlarda yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Oliy Sudning axborot tizimi “Manzil” dasturi bilan integratsiya qilinib, shaxsni turar-joydan foydalanish huquqi bekor qilinganligi haqida qaror raqami, sanasi hamda uning qonuniy kuchga kirish sanasi va sud qarori asosida bekor qilingan bo‘lsa, qaror raqami, sanasi hamda uning qonuniy kuchga kirish sanasi haqidagi ma’lumotlarni tadqim etish elektron tarzda amalga oshirilmoqda.

Albatta, fuqarolarning turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlarining bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligi tizimda zamonaviy munosabatlarni joriy etish imkoniyatini berdi. Qonunchilikdagi o‘zgarishlar asosidagi propiska tizimining islohotlari bilan aholini doimiy ro‘yxatga olish tartib-taomillari liberallashtirildi hamda fuqarolarning erkin ko‘chib yurish sohasidagi huquqlari mustahkamlandi.

To‘lqin KARIMOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq