Maktablarda “Tarbiya” fanini o‘qitish qanday tashkil etilgan? Deputatlarning savollariga Xalq ta’limi vaziri javob berdi
02.12.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2020-yil 1-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar “Umumta’lim maktablarida vatanparvar avlodni tarbiyalash, yangi joriy etilgan “Tarbiya” fani o‘qitilishini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ”gi masalani muhokama qildilar. Xalq vakillarining ushbu masala yuzasidan savollariga O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov javob berdi.

Vazirning ta’kidlashicha, mamlakatimizda xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, maktablarda ma’naviy-tarbiyaviy ishlar yangicha asosda tashkil etilib, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlar asosida yagona “Tarbiya” fani joriy qilindi. 2020-2021 o‘quv yilidan 1– 9-sinflarda o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. 10-11-sinflarda esa mazkur fan 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab joriy etiladi.

Deputatlar “Tarbiya” fanini o‘qitish bo‘yicha olib borilayotgan tashkiliy ishlar bilan qiziqdilar.

Ma’lumotga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Tarbiya” fani 1-9-sinflarda haftasiga 1 soatdan, o‘quv yili davomida esa 34 soat o‘qitiladi. Shuningdek, o‘qituvchilar uchun “Tarbiya” fani bo‘yicha darslarni tashkil qilish yuzasidan zamonaviy yondashuvlar o‘rin olgan uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi. “Tarbiya” fanini o‘qitish texnologiyasi ” nomli qo‘llanma nashrga tayyorlandi. “Tarbiya” fani bo‘yicha o‘quv-uslubiy ta’minotning axborot platformasini yaratish maqsadida internet tarmog‘ining www.tarbiyam.uz domenida fanga doir ma’lumotlar va vazifalari bayon etilgan o‘qituvchiga uslubiy yordam ko‘rsatuvchi ma’lumotlar bazasi yaratildi. Bu platformada o‘qituvchilar uchun “Tarbiya” fanining maqsad-vazifalarini ochib beruvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar – fan konsepsiyasi, Davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturi, uslubiy tavsiyalar, taqvim-rejalar, fanni o‘qitishga doir texnologiyalar, dars ishlanmalari, qo‘shimcha manbalar joylashtirilmoqda. Shuningdek, platformada o‘quvchilar va ota-onalar uchun maxsus ruknlar ham mavjud. “Tarbiya” fanining 1 – 9-sinflarga mo‘ljallangan darsliklari yaratilib, undagi mavzularga oid 21 ta videoroliklar darsliklarga QR-kod bilan kiritildi.

Mazkur darsliklarda yoshlarni fikrlashga o‘rgatadigan, ularni milliy qadriyatlarimizga sodiq, vatanparvar etib tarbiyalashga xizmat qiladigan zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanishga qay darajada e’tibor qaratilgan? Xalq vakillari “Hukumat soati”da ushbu savolni ham o‘rtaga tashladi.

Vazir javobiga ko‘ra, “Tarbiya” fanining o‘quv dasturi va darsliklarida vatanparvarlik, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, mas’uliyatlilik, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida urg‘u berilgan. Xususan, bunda milliy an’analar, ulug‘ allomalarning hayot va yo‘llari, asarlari, zamondosh qahramonlarning faoliyati ibrat sifatida keng foydalanilgan. Mavzularni o‘qitishda bugun jahon miqyosida ommalashgan “Loyiha asosida o‘qitish”, “Qiziqishlar asosida ta’lim berish”, “Art-fest”, “Namuna ko‘rsatish”, “Misollar orqali o‘qitish”, “Vaziyatlarni tahlil qilish” kabi ta’lim berishning ilg‘or texnologiya va uslublari qo‘llanilgan.

“Hukumat soati”da deputatlar ta’lim muassasalarida o‘quvchilar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, badantarbiya mashg‘ulotlari va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishini kundalik turmush tarziga singdirish, sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ham savol berdilar.

Qayd etilganidek, xalq ta’limi tizimidagi 10 008 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasasida 6 mln. 236 ming nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bugungi kun o‘quvchi-yoshlarni har tomonlama yetuk va barkamol bo‘lib ulg‘ayishlarini nazarda tutib, vazirlikda Sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish va tibbiy xizmat ko‘rsatishni muvofiqlashtirish sho‘basi tashkil etilgan. Sho‘ba tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilarining sog‘lom ovqalanishini tashkil etishni yanada takomillashtirish, belgilangan sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyena normativlari talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, maktab oshxonasini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va taomlar sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xalq ta’limi tizimidagi umumta’lim maktablarining 7 672 tasida sport zal, 26 584 ta (basketbol, voleybol, futbol, gandbol, mini-futbol) sport maydonchalari va tennis kortlari mavjud. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida respublikadagi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan tasviriy san’at, musiqa, sport, axborot texnologiyalari, qizlarga kasb o‘rgatish yo‘nalishidagi to‘garaklari va kitobxonlik klublari tashkil etilib, ularga jami 3,9 mln. nafar o‘quvchilar jalb etilgan.

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy kechgan “Hukumat soati”da ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarni yanada rivojlantirish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Muhokamalar yakunida mazkur yo‘nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq