Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari dasturlash boʻyicha bilimga ega boʻldilar
01.12.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari “Dasturlash soati” (Hour of Code) mahorat darsida ishtirok etdilar va dasturlash boʻyicha bilimlarga ega boʻldilar.

Mahorat darsi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) tomonidan tashkil etildi.

— Axborot texnologiyalari hayotimizning uzviy qismiga aylandi va bugun mehnat bozorida raqobatbardosh boʻlish uchun bu yoʻnalishda bilimlarga ega boʻlish kerak. Biz tizimimizdagi maktablardagi oʻquvchilar uchun bu kabi mahorat darslarini tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Bu orqali biz bolalarga dasturlashni oʻrganish qiziq boʻlishini koʻrsatmoqchimiz. Yaqin vaqt ichida PIIMA tizimidagi maktablar oʻquvchilari yana boshqa mahorat darslari va treninglarida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladilar, — dedi PIIMA direktori oʻrinbosari Amirulla Abdullayev.

Mahorat darsini oʻtkazish uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabining oʻqituvchilari trener sifatida jalb etildi.

Trenerlar mahorat darsida mashhur “Minecraft” oʻyiniga asoslangan “Heroʻs Journey” (“Qahramon yoʻli”) ni dasturlashni oʻrgatishga qaratilgan darslardan foydalanishdi. Mazkur darslar Microsoft korporatsiyasi tomonidan yaratilgan.

“Microsoft” korporatsiyasi muhandislari bolajonlarga informatika asoslarini oson va tushunarli tilda oʻrganishlari uchun mazkur dasturni tayyorladilar. Undan dars vaqtida, sinf soatlarida va uy vazifalarini bajarishlarida foydalanishlari mumkin.

Mualliflar, ijodiy yondashgan holda Agentlar, yaʼni qiziqarli qahramonlar yordamida oʻquvchilarga dasturlashning asosiy tushunchalari va prinsiplarini taqdim etadilar.

Menga mahorat darsi juda yoqdi. U qiziqarli oʻtdi va biz Minecraft yordamida turli oʻyinlar yaratdik. Men dasturlash boʻyicha boshlangʻich bilimlarga ega boʻldim. Umid qilamanki, bunday tadbirlarni tashkil etish boʻyicha ishlar davom etadi va biz yangi bilimlar va koʻnikmalarga ega boʻlish imkoniyatiga ega boʻlamiz, dedi Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Farangiz Abduqahhorova.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq