“Aqlli qishloq xo‘jaligi tizimining texnologik yechimlari” mavzuida onlayn uchrashuv o‘tkazildi
23.11.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Joriy yil 20-noyabr kuni “Aqlli qishloq xo‘jaligi tizimining texnologik yechimlari” mavzuida onlayn uchrashuv o‘tkazildi.

Videokonferensaloqa tartibida o‘tkazilgan uchrashuvda Yaponiyaning yirik kompaniyalari Toyota Tsusho Corporation, Qunie Corporation vakillari bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligining rahbar va mutaxassislari ishtirok etishdi.

Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – respublikada qishloq xo‘jaligini avtomatlashtirish va raqamlashtirish, shuningdek, ular asosida turli ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borishda hamkorlik masalalarni o‘rganish va xorijiy tajriba bilan tanishishdan iboratdir.

Yaponiyada bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishning barcha bosqichlariga (dalalarni rejalashtirish, yerga ishlov berish, ekin ekish, sug‘orish, parvarishlash, hosilni terib olish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, tashish, sotuvga chiqarish va h.k.) turli darajada zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilgan.

Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi texnikalarini boshqarish, yuklarni tashish va boshqa jismoniy mehnatni yengillashtiruvchi texnikalar va raqamli texnologiyalarning ahamiyati ortib bormoqda. Robot traktorlar, yuk ko‘tarishni yengillashtiruvchi ekzoskeletlar, dalalarni monitoring qilishda dronlar va shu kabilar cheklangan va qimmatli resurslardan suv, urug‘lik, o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallaridan optimal foydalanishga erishilmoqda.

Uchrashuv davomida Kunchiqar davlatda joriy etilgan, fermerlarga axborot xizmatlarini – ob-havo ma’lumotlari, yer holati, boshqa zarur ma’lumotlarni hamda boshqa elektron xizmatlarni qulay usulda taqdim etuvchi platformalarning asosiy konsepsiyasi va tuzilishi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Shuni ta’kidlash joizki, respublikamizda agrar sohasini yanada raqamlashtirish borasida katta ahamiyat qaratilmoqda. Aqlli qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun mo‘ljallangan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalar bir qator agroklasterlar va fermer xo‘jaliklari faoliyatida qo‘llanilmoqda. Shu bilan birga, aqlli qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish va foydalanishga katta ehtiyoj mavjud.

Tadbirda ushbu yo‘nalishda Toyota Tsusho Corporation hamda Qunie Corporation kompaniyalarining mutaxassislari tomonidan innovatsion texnik va dasturiy vositalarni ishlab chiqish, joriy etish va foydalanish bo‘yicha ko‘p yillik tajriba asosida tegishli tavsiyalar berildi.

Uchrashuv davomida Yaponiyada amalga oshirilgan qator loyihalarni, aqlli qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va tizimlarini joriy etish va ulardan amaliy natijalar olishning o‘ziga xos jihatlari yoritib o‘tildi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha ishtirokchilar qiziqtirayotgan yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhokamalarni davom ettirish, taqdim etilgan materiallar va texnologiyalarni respublikamizda joriy etish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganishni kelishib olishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq