Saylovchi o‘z deputati faoliyatini kuzatib boradi va baholaydi
22.11.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan “Elektron parlament” axborot tizimining roli va ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan tadbirda parlament quyi palatasi deputatlari, Devoni xodimlari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yagona integrator “UZINFOCOM” MChJ vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida qo‘mita raisi Ilhom Abdullayev parlament faoliyatining ochiqligini ta’minlash, deputatlar korpusi ishining samaradorligini oshirish, qabul qilingan qonunlarni ijrochilarga yetkazish va xalq bilan muloqotni tashkil etishning samarali mexanizmlarini rivojlantirishda “Elektron parlament” axborot tizimining roli muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Yagona integrator “UZINFOCOM” MChJ Bosh direktori Emil Gimranov “Elektron parlament” axborot tizimi doirasida ishlab chiqilgan oliymajlis.gov.uz, deputat.gov.uz hamda qonun.gov.uz tizimlarining huquqiy asoslari, ularda qo‘yilgan talablar va boshqa tashkiliy masalalar to‘g‘risida ma’ruza bilan chiqish qildi.

Qonunchilik palatasi Devonining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘limi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xodimlari tadbir ishtirokchilariga ishlab chiqilgan tizimlarning imkoniyatlari hamda ulardan samarali foydalanish bo‘yicha tushuntirishlar berib o‘tishdi.

Ta’kidlanganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi elektron hujjat aylanish tizimi internet tarmog‘ida oliymajlis.gov.uz domeni ostida faoliyat yuritadi hamda tizim ma’murlar tomonidan oldindan biriktirilgan rollar asosida o‘z shaxsiy kabinetlariga kiradilar.

Shaxsiy kabinet imkoniyatlari foydalanuvchiga biriktirilgan rollarga bog‘liq bo‘lib, bir foydalanuvchi bir paytning o‘zida bir nechta rollarga ega bo‘lishi mumkin.

Elektron hujjat aylanish tizimi “Elektron parlament” ning asosiy tarkibiy qismi hisoblanib, barcha amaliy jarayonlar aynan shu tizimda amalga oshiriladi va barcha ma’lumotlar unda saqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi deputatlar portali internet tarmog‘ida deputat.gov.uz domeni ostida faoliyat yuritadi. Portal asosan aholi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u orqali portal saylovchiga uning Qonunchilik palatasidagi deputatini (saylovchining doimiy yashash manzili asosida) aniqlab beradi.

Saylovchi bevosita o‘z deputatiga murojaat yuborishi, onlayn chat orqali suhbatlashishi, shuningdek, deputat ayni paytda qaysi qonun loyihasi bilan band ekanligi, faoliyati bilan bog‘liq statistik ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Foydalanuvchi tomonidan yuborilgan murojaat va so‘rov avtomatik tarzda Qonunchilik palatasi elektron hujjat aylanish tizimidagi deputatning shaxsiy kabinetiga kelib tushadi. Deputatning murojaat va so‘rovga javobi, murojaat asosidagi deputatlik so‘rovi saylovchi kabinetiga avtomatik tarzda yo‘naltiriladi.

Saylovchi deputatning javobini baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi, ya’ni 5 ballik mezonda.

Qonun ijodkorligi tizimi internet tarmog‘ida qonun.gov.uz domeni ostida faoliyat yuritadi va uning asosiy vazifasi aholiga Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalari, ularning holati va ular yuzasidan ovoz berish natijalari haqida ma’lumot taqdim etish sanaladi.

Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar hamda o‘z takliflarini ilgari surdilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq