Raqamli iqtisodiyotning qonunchilik asoslarini rivojlantirish
20.11.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yilning 19-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda “Raqamli iqtisodiyotning qonunchilik asoslarini rivojlantirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Anjumanni o‘tkazishdan asosiy maqsad Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasiga oid Qonunlarni takomillashtirish masalalarga bag‘ishlangan bo‘lib, qonunchilikda mavjud muammolarni muhokama qilish va shulardan kelib chiqib, amalga oshiriladigan asosiy yo‘nalishlarni belgilab olish etib belgilandi.

Ushbu tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zolari – deputatlar, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosarlari va mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda ilgari surilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim shartlaridan biri – bu jamiyatni raqamlashtirish hisoblanadi. Bu esa o‘z navbatida, barcha sohalarda, shu jumladan, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida ham, mavjud qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni yoki kerak bo‘lsa, yangi Qonunlarni qabul qilishni talab etiladi.

Ta’kidlandiki, davlat rahbari tomondan joriy yil 24-yanvarda Parlamentga qilgan Murojaatida raqamli iqtisodiyotni barcha sohalarda keng joriy etish lozimligi, raqamlashtirishni mamlakatni barcha yo‘nalishlar bo‘yicha barqaror rivojlanishi uchun ustunvor masalalardan biri ekanligini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir qator Qonunlarni, jumladan, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi, “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi, “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonunlarning yangi tahrirda ishlab chiqish, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risidagi”gi va sohaga tegishli boshqa Qonunlar negizida yangi, O‘zbekiston Respublikasi “Raqamli iqtisodiyot to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish va “Aloqa to‘grisida”gi Qonun eskirganligi va aksariyat moddalari tegishliligicha boshqa Qonunlarda aks ettirilganligini inobatga olib, ushbu Qonunni bekor qilishni ta’minlash maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq tadbirda raislik qiluvchi Qo‘mita raisi I.Abdullayev aytganidek, qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha tashkil etilgan Ishchi guruhlar oldida o‘ta murakkab va katta hajmli ishlar turibdi. Mazkur ishlarni o‘z vaqtida muvaffaqiyatli yakunlab, sifatli va foydali qonunlarni ishlab chiqish uchun deputatlar va soha egalaridan fidokorona mehnat qilish talab etiladi. Bundan tashqari, I.Abdullayev o‘z nutqida barcha sohaga oid qonunlarni yana bir bor tahlil qilgan holda, har biri bo‘yicha yakuniy xulosaga kelish lozimligini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining maslahatchisi — IT texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O.Umarov yuqoridagi fikrlarga qo‘shilgan holda, sohaga oid qonunlarni aksariyati o‘tgan asrning to‘qsoninchi va shu asrning boshida qabul qilinganini ta’kidlab, ularni bugungi kundagi foydalanayotgan texnologiyalar va ko‘rsatilayotgan xizmatlarni rivojlantirishga javob bermasligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, hukumat raqamlashtirish jarayonini keskin jadallashtirish, xizmatlar turini va hajmini ko‘paytirish maqsadida sifatli qonunlarni qabul qilinishi bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishini aytib o‘tdi. Shundan so‘ng Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari O.Pekos, o‘rinbosarlari J.Maksudov va J.Egamberdiyev – Ishchi guruhlar rahbarlari, tegishli qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalari to‘g‘risida batafsil axborotlarini taqdim etdilar.

Davra suhbati qizg‘in muzokaralar va fikrlar almashuvi ostida o‘tdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar Prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalarni so‘zsiz bajarishga, buning uchun sohaga oid sifatli Qonunlarni ishlab chiqish va bu bilan iqtisotiyotdagi raqamlashtirish jarayonini jadallashtirishga o‘z hissalarini qo‘shishga kelishib olindi.

Muallif: Baxtiyor Maniyazov. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi va “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi a’zosi

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq