Uyg‘onish davrining dasturilamali
12.11.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

«O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni yurtimizda ta’lim-tarbiya va ilm-fan taraqqiyotiga birlamchi e’tibor qaratilayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Ushbu farmonga nafaqat mustaqillikkacha, balki undan keyingi davrda ham yetarlicha e’tibor qaratilmagan sohalar, xususan, ta’lim-tarbiya, ilm-fan rivoji bilan bog‘liq masalalarni bartaraf etish hamda yig‘ilib qolgan muammolar yechimiga xizmat qiladigan tarixiy hujjat deya ta’rif berilayapti.

Zotan, Farmonda alohida qayd etilganidek, bugun chindan ham «Milliy ta’lim-tarbiya tizimining amaldagi holati uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni yuksak bilim-ma’rifat egalari, jismoniy va ma’naviy sog‘lom insonlar etib tarbiyalash, ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda».

Agar davlatimiz rahbarining 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirdagi ma’ruzasida O‘zbekistonda Uchinchi uyg‘onish davrining mazmun-mohiyati ochib berilgan bo‘lsa, jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama etilgan yangi Farmon UYG‘ONISh g‘oyasini amalga oshirishning tom ma’nodagi dasturilamali bo‘ldi.

Farmonning tarixiyligi shundaki, unda birinchi marta ta’lim tizimiga jamiyatning har bir a’zosi mas’ul etib belgilanganidir. Bundan buyon o‘qituvchi maqomini oshirish, uning avvalgi obro‘-e’tiborini tiklash, ta’lim muassasalaridagi shart-sharoitlarni yaxshilash hokimliklar zimmasidagi asosiy vazifa sifatida belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, Xalq ta’limi vazirligining maktablar mazmuniga javob berishi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi. Boshqacha aytganda, bundan buyon mahalliy rahbarlar ishiga paxta, g‘allaga qarab emas, ta’lim-tarbiya uchun yaratilgan shart-sharoitga, ilmli-ma’naviyatli yoshlarga qarab baho beriladigan bo‘lyapti.

Avval ham ta’kidlanganimdek, farmon loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan kundan boshlab 1400 nafarga yaqin deputatlarimiz maktabgacha ta’lim va xalq ta’limi vakillari bilan uchrashib, ularning fikrlarini, talab va takliflarini o‘rgandilar. Eng jo‘yali takliflar umumlashtirilib, Prezident Administratsiyasiga taqdim etildi.

Masalan, umumta’lim maktablarida joriy qilingan «Tarbiya» darsligining milliy va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan, ilmli-iymonli, fidoyi yosh avlodni tarbiyalashdagi ahamiyatini nazarda tutib, ushbu darsni matematika, geografiya yoki tarix fani o‘qituvchisi emas, balki psixologiya, pedagogika va fiziologiya bilan birga diniy hamda dunyoviy bilimlarga ega bo‘lgan tarbiyachilar o‘tishi maqsadga muvofiq, degan taklifni berdik.

Ma’lum bo‘lishicha, organizmi o‘sish jarayonida bo‘lgan har qanday bola och qolgan paytda tajovuzkor va sabrsiz bo‘lib ulg‘ayadi. Bunday holatlarda bolalar nafaqat bilimga e’tiborsiz, balki nihoyatda tor fikrli ham bo‘lib qoladilar. Masalaning ana shunday nozik jihatlarini e’tiborga olib, maktablarimizda xususiy sheriklik asosida oshxonalar tashkil etish, 1-5 sinf o‘quvchilarini yengil tushlik bilan ta’minlash masalasini dolzarb masalalardan biri sifatida ilgari surdik.

Farmonda bir qarashda unchalar e’tibor tortmaydigan, ammo yangi avlod kelajagi bilan bog‘liq bo‘lgan og‘riqli masalalargacha qamrab olindi. Xususan, unda pedagog xodimlarga malaka toifalarini berish bo‘yicha navbatdagi attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun yig‘im undirilmasligi, navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoridagina yig‘im undirilishi belgilandi.

2021-yil 1-yanvardan boshlab esa olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarida har oylik kompensatsiyasi to‘lanishi belgilandi. Shuningdek, tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi o‘rinni egallagan umumta’lim muassasalari derektorlarining mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik rag‘batlantirilishi qayd etildi.

Farmonda Xalq ta’limi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan birgalikda 2022/2023 o‘quv yiliga qadar o‘quvchilar bilimini baholash jarayonini raqamlashtirish va shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha umumta’lim muassasalarida «Elektron kundalik» dasturini joriy etish belgilandi.

Shuningdek, hujjatda Xalq ta’limi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 7-sinfdan boshlab o‘quvchilar o‘rtasida interaktiv so‘rovnomalar o‘tkazishi, bolalarning kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlarini aniqlash va shu asosda ma’lumotlar bazasini yaratish, har oyda bir marta «Kasblar olamiga sayohat» mavzusida maxsus kurslar tashkil etish, 8-sinf o‘quvchilari uchun esa har chorakda kamida bir marta «Mening kelajakdagi kasbim» mavzusida seminar-treninglar o‘tkazib, o‘quvchilarni kasblarga yo‘naltirish tadbirlarini o‘tkazish belgilab qo‘yildi.

Bundan buyon 9-sinf o‘quvchilarining kasbiy moyilligi bo‘yicha o‘tkazilgan pedagogik-psixologik tashxislar natijalari asosida kelgusida aniq ishchi kasblar bo‘yicha kasb-hunar maktablarida ta’lim olishi mumkin bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida kasbga yo‘naltirish ishlari olib boriladi. Bunday tadbirlar va qat’iy choralar birinchi marta belgilanayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Hech kimga sir emaski, yaqin 20 yil mobaynida o‘zbek tilining texnologik taraqqiyoti va ilm tili darajasiga ko‘tarilishi uchun yetarlicha harakat qilmadik. Bu sohada Prezident tomonidan imzolangan «O‘zbek tilini davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonigina tub burilish yasadi, deyish mumkin. Shu ma’noda, o‘zbek tilining ilm tili bo‘lishi uchun ko‘plab adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish kerakligini chuqurroq anglab yetyapmiz. Bugun ilm bilan shug‘ullanib, olimlikka da’vo qilayotgan shaxslar shubhasiz, xorijiy tillardagi ilmiy adabiyotlardan keng foydalanyaptilar. Xususan, ulardan xorijning nufuzli jurnallarida maqolalar ham chiqarish talab etiladi. Bizningcha, ana shunday yosh olimlarimizga qo‘shimcha tarzda ilmiy daraja olishning asosiy shartlaridan biri sifatida o‘zi foydalangan bitta xorijiy tildagi adabiyotni o‘zbek tiliga tarjima qilish majburiyatini ham yuklash vaqti keldi. Bu bilan ular ilm-fanimiz rivojiga, ayniqsa, yosh olimlarning intellektual salohiyatlari oshishiga hissa qo‘sha boshlaydilar.

Tilimizga munosabat, ta’lim tizimidagi inqilobiy o‘zgarishlar, sohaga ajratilayotgan mablag‘lar miqdorining yildan-yilga oshirilayotgani, maktabgacha ta’lim tizimining esa tom ma’noda tarbiya o‘chog‘iga aylanayotgani ham O‘zbekistonda Uchinchi uyg‘onish davri uchun zamin tayyorlanayotgani balandparvoz gaplar emasligidan dalolat beryapti.

To‘g‘ri, bu oson va tez egallanadigan marra emas. Ilm-fan, ayniqsa, ta’lim tizimida yo‘limizga to‘g‘anoq bo‘layotgan muammolar ko‘p hali. Ammo keyingi to‘rt yil har qanday muammoni hal etish, yakdillikda har qanday to‘siqlarni yengib o‘tish mumkinligini ko‘rsatdi. Xalqimiz qisqa fursatda iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda salmoqli natijalarga erishish mumkinligini ham isbotladi. Eng muhimi, ana shu davrda uzoq va yaqin o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolardan xulosalar chiqarildi. Xususan, qo‘shnilarimiz bilan qardoshlik aloqalari tiklandi. Dini, tili, an’ana va urf-odatlarigacha egizak bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida kimlarningdir manfaati, xohishi va hatto aralashuvi bilan qanchadan-qancha ijtimoiy, iqtisodiy muammolar yechilmay qolayotgan edi. Faqat va faqat O‘zbekiston Prezidentining siyosiy irodasi bilan 60 milliondan ziyod aholi istiqomat qilayotgan mintaqada go‘yo uzoq vaqtdan beri qizdirilayotgan qozon ochib tashlangandek bo‘ldi. Chegaralardagi tuynuklar o‘rniga esa darvozalar ochildi.

Yangi O‘zbekistonda yangicha qarash va yondashuvlar asosida muqaddas dinimizga bo‘lgan munosabat, uning hayotimizdagi beqiyos o‘rnini baholash mezoni ham o‘zgardi. Tilga bo‘lgan munosabatda yuzaki qarashlardan voz kecha boshladik. Inson huquqi va manfaati oliy qadriyat ekani haqidagi tamoyillar faqat qog‘ozlarda aks etishiga chek qo‘yildi. Jamiyatda so‘z va matbuot erkinligi kafolatlandi. Urf-odat va an’analar hamda unutilayotgan qadriyatlarga faqat madaniy meros sifatida emas, balki taraqqiyotimizning ma’naviy ustunlari sifatida qaray boshladik.

Bugungi hayotimiz aynan ana shu jihatlari bilan ham bizni tarix va mangulik bilan uyg‘unlashgan jarayonlar ishtirokchisiga aylantiryapti, desak xato bo‘lmaydi. Shuning uchun ham tub o‘zgarishlarning taraqqiyot jarayonlari bilan chambarchas bog‘liq ekanini qancha tez va chuqur anglasak, har tomonlama rivojlangan davlatni farzandlarimizga meros qoldirish mas’uliyatini shuncha tez anglay boshlaymiz.

Sir emaski, dunyoning sanoqli xalqlarigina sivilizatsiya hodisasiga guvoh bo‘lganlar. O‘zbek xalqi esa dunyo tan olgan ikki Renessans hodisasini boshdan kechirgan. Ayrim manbalarda Movarounnahr – Turon – Turkiston – O‘zbekiston uch marta sivilizatsiya hodisasini boshdan kechirgani ta’kidlanadi. Tahlilchilar dunyoviy dinlardan biri bo‘lgan Zardushtiylik dinining dunyoga kelishini va Osiyo, Afrika mamlakatlari hududida uzoq yillar insoniyatni ma’rifatga da’vat etganini ham sivilizatsiyaviy hodisa deb atashadi. Darhaqiqat, Zardushtiylik bundan 3 ming yil muqaddam qadimiy Xorazmda dunyoga keldi. Ko‘pxudolilik sharoiti vujudga kelgan bir paytda aynan Zardushtiylik yakkaxudolik g‘oyasini ilgari surdi. Turli urug‘lar, qabilalar o‘rtasidagi jangu jadallarga, xilma-xil qarashlarga chek qo‘yib, ular e’tiqodini birlashtirdi va yagona Allohga sig‘inish orqali ilk jamoachilik turmush tarzini vujudga keltirdi. Giyohlarni bosma, suvga tupurma, hasharotlar va qushlarga ozor berma, olovga gustohlik qilma qabilidagi oddiy ahloq me’yorlaridan tortib, olam va odam, olam va tabiat o‘rtasidagi munosabatlargacha bo‘lgan umuminsoniy qadriyatlarga bog‘liq g‘oyalarni ilgari surdi.

Aslini olganda, bu ilk davlatchilikning boshlanishi, ya’ni o‘sha davr uchun ilk sivilizatsiyaviy hodisa bo‘lgan. Shu o‘rinda Zardushtiylik dinining mazmun-mohiyatini chuqur anglagan xalq tomonidan chin ma’rifat dini bo‘lgan Islomni qabul qilish jarayoni oson kechganini ham alohida ta’kidlash joiz.

Yana bir faxrlanadigan jihatimiz – Xorazmiyning o‘nlik raqamini, xususan, nol raqamini yaratgani bugunga kelib, insoniyat aqlu idrokini hayratda qoldirayotgan kibernetika, kosmonavtika va kompyuter tizimiga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugun oddiy telefonning birgina murvatini bosib, Yer sharining xohlagan nuqtasi bilan bog‘lana olamiz. Ana shu aqlga sig‘mas mo‘jiza zamirida esa al-Xorazmiy kashf etgan Algoritm mujassamdir.

Yana bir buyuk alloma – Abu Rayhon Beruniy esa qo‘lbola asbob-uskunasi bilan Yer sharining dumaloq ekanini isbot qilgan. Ya’ni, u yerning aylanasi va radiusi uzunligining aniq hisob-kitobini chiqargan. Yer shari xaritasini tuzib, globusni yaratgan. Biz o‘tirgan yerning narigi tarafida quruqlik borligini isbot qilib, Yer o‘z o‘qi va quyosh atrofida aylanishi nazariya¬sini yaratgan.

Xalqimiz tarixidagi ikkinchi sivilizatsiya hodisasi bu – XIV-XVIII asrlardagi sohibqiron Amir Temur va temuriylar nomi bilan bog‘liq. Tarixning guvohlik berishicha, ushbu davrda davlatchilik, davlat boshqaruvi, fan, madaniyat, adabiyot va san’at, ijtimoiy hayot darajasi misli ko‘rilmagan darajada rivojlangan. Birgina Sohibqironning davlat boshqaruvi dunyo davlatchiligining etaloni maqomini olgan. Ulug‘ arab olimi Ibn Xaldun jahon davlatchiligi haqida shunday deydi: «Temur davri bashariyat tarixi inkishofining eng yuksak nuqtasidir. Dunyo yaratilganidan beri bunday bir davlat qurilmagandir. Bobil va Eron hukmdorlari va Iskandar bu buyuk turk hukmdoriga nisbatan ko‘laga bo‘lib qoladi. Zero, davlat asabiya ruhi ustiga quriladi va uning ahamiyati ham shu milliy asabiyaning qudrati darajasida bo‘ladi. Asabiya xususida esa dunyoda hech bir millat turklarga teng kelolmaydi».

Demak, bugun biz qurayotgan huquqiy-demokratik davlat, qonun ustuvorligi, erkin fuqarolik jamiyatining ildizlari asli Amir Temur saltanatiga borib taqaladi. Davlatimiz rahbarining jamiyatda adolatning hamisha ustuvor bo‘lishi, qonun oldida barchaning tengligini ta’minlash, shu asosda jamiyatda ijtimoiy adolatning barqaror bo‘lishi borasidagi da’vat hamda chaqiriqlari ham yangi O‘zbekistonda Amir Temur davlatchiligi tajribalari qayta tiklanayotganidan dalolat bermoqda.

Zahiriddin Muhammad Bobur ham fenomen sifatida shakliyu mazmuni, zohiriyu botini mukammal bo‘lgan, o‘zini g‘oyatda ulkan madaniyat egasi va tarbiya sohibi sifatida namoyon qila olgan noyob shaxs edi. Davlat boshqaruvida adolat tamoyillarini izchillik bilan qaror toptirgan Bobur Hindistonda bir necha katta-kichik davlatlar o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlarga chek qo‘yib, barqaror turmush tarzi va izchil taraqqiyot uchun sharoit yaratdi. Bu insoniyat tarixidagi o‘ziga xos buyuk hodisa edi.

Bir so‘z bilan aytganda, sivilizatsiyaviy hodisalar har qanday xalqning o‘zligini anglashidan boshlanadi. Qachonki, millat tarixiy taraqqiyoti davomida o‘z qadriyatlarini rivojlantirish yo‘lidan izchil borsa, Renessans hodisasi yuz beradi.

Yangi O‘zbekiston esa aynan ana shu yo‘ldan bormoqda. Qadriyatlar tiklanyapti, ilm-fanga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilyapti, ustoz so‘zi, murabbiy so‘zi, maktab so‘zining og‘izda boru aslida allaqachon yo‘qotilgan ma’nosi, mohiyati kelajak bilan bog‘liq ekani ongimizga singdirilyapti. Mana to‘rt yildirki, ma’naviyatsiz, tarbiya va zamonaviy ta’limsiz bir qadam ham oldinga yurib bo‘lmasligi ta’kidlanyapti.

Shuni ham qayd etish joizki, O‘zbekiston uzoq davom etadigan va nihoyatda murakkab jarayonga jadal islohotlar, ilm-ma’rifat va innovatsiyani rivojlantirish orqali kirib bormoqda. Buni 29-oktabr kuni imzolangan, ilm-fan sohasida yangi sahifa ochadigan «Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni misolida ham ko‘rish mumkin. Bu esa jamiyatdagi barcha o‘zgarishlar muallifi hisoblangan inson uchun fikr va ijod erkinligi, qulay mehnat va turmush sharoiti yaratish borasida tizimli ishlar olib borilayotganidan dalolatdir.

Tarixdan ma’lumki, niyati ulug‘ bo‘lgan har qanday xalqning orzu istaklari doimo ushalgan.

Zero, ezgu niyatlar haqida gap borganida Imom Buxoriy hazratlarining «Al-Jome’ as-Sahih» asari «Barcha ezgu amallar niyatga bog‘liq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi» degan hadis bilan boshlanganini bugun yana bir bor eslash o‘rinlidek tuyuladi.

Alisher QODIROV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq