Pochta tizimini rivojlantirishda dеputatlik korpusi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
09.11.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2020-yil 6-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda “Raqamli iqtisodiyot rivojida pochta sohasining o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Videokonferens aloqa shaklida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbekiston Pochtasi” AJ mas’ul rahbarlari va xodimlari hamda jurnalistlar ishtirok etdilar.

Ma’lumki, joriy yilning 5-oktabr kuni mamlakatimiz Prezidenti tomonidan milliy pochta tizimini isloh qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda davlatimiz rahbari mazkur yo‘nalishni rivojlantirish va barqarorligini ta’minlash yuzasidan soha mutaxassislariga muhim vazifa va topshiriqlar belgilab bergan edilar. Qolaversa, pochta sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalari ham tadbir kun tartibidan o‘rin olgan edi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim shartlaridan biri – bu sohalarni raqamlashtirish hisoblanadi. Bu o‘z navbatida, pochta sohasiga ham zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni taqozo etadi.

Davra suhbatida pochta aloqasi sohasida tizimli islohotlarni amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasining Umumjahon pochta ittifoqi dalolatnomalaridan kelib chiquvchi majburiyatlari so‘zsiz bajarilishini ta’minlash bo‘yicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining axboroti tinglandi.

Ta’kidlanidek, bugungi kunda pochta aloqasi bozorida kuchli raqobatli muhit vujudga kelgan. Pochta va kurerlik xizmatlari 575 ta mahalliy xususiy kompaniya va xalqaro darajadagi yirik kompaniyalar tomonidan ko‘rsatib kelinmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur korxonalar tomonidan 2019-yilda 260,0 mlrd. so‘mlik pochta va kuryerlik xizmatlari taqdim etilgan.

Tadbir davomida tizimdagi kamchilik hamda muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, “O‘zbekiston pochtasi” AJ tizimida mamlakatimizning barcha hududini qamrab olgan 2 mingdan ziyod bo‘linma bo‘lib, ularda 7 ming nafar xodim faoliyat yuritishi lekin yillar davomida sohaga e’tibor berilmagani sababli pochta xizmatining o‘rni pasayib ketgani aytib o‘tildi. Jumladan, so‘nggi o‘n besh yilda 1 ming 300 ta pochta bo‘linmasi yopilgan. O‘tgan yili xorijdan kelgan 6 ming tonna jo‘natmalarning atigi 10 foizi, kurerlik xizmatlarining 30 foizi milliy pochta hissasiga to‘g‘ri kelgan xolos.

Pochta sohasi istiqboliga xizmat qiladigan milliy hamda xalqaro qonunchiligimizni takomillashtirish masalalari ham ishtirokchilar e’tiborida bo‘ldi. Xususan, deputatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi pochta sohasida asosiy xalqaro shartnomalarga qo‘shilgan va amaliyotda ularning normalarini qo‘llab kelmoqda. O‘zbekiston 2007-yilda “Pochta to‘lovlari xizmatlari to‘g‘risidagi Buxarest bitimga” qo‘shilgan hamda Umumjahon pochta ittifoqi ustaviga taalluqli Beshinchi, Oltinchi, Yettinchi, Sakkizinchi va 2018-yilda To‘qqizinchi qo‘shimcha bayonnomalarni ratifikatsiya qilgan. Qolaversa, O‘zbekiston ushbu yunalishda ikki tomonlama davlatlararo hamkorlikni muntazam ravishda kuchaytirib kelmoqda. Tegishli telekommunikatsiya va pochta aloqasi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Bitimlarni Polsha, Ozarbayjon, Moldova, Qozog‘iston, Belarus, Eron, Pokiston va Xitoy Xalq Respublikasi shular jumlasidandir.

Qizg‘in muhokamlardan so‘ng tadbir ishtirokchilari pochta sohasida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, sohani modernizatsiya qilish bo‘yicha eng muhim yo‘nalishlarni amalga oshirish, sohani rivojlantirishda to‘sqinliq qilayotgan mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan huquqiy yechimlarni ishlab chiqish, bunda deputatlik korpusi bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishga kelishib olindi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq