“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinadi
05.11.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Bugungi kunda davlat xaridlari sohasidagi muammo va kamchiliklar ko‘plab noqulaylik va e’tirozlarni keltirib chiqarayotgani hech kimga sir emas. Masalan, xaridlarning aksariyat qismi ularning ochiqligini va shaffofligini ta’minlovchi axborot-kommunikatsiya tizimidan foydalanmagan holda amalga oshirilishi, xarid qilish tartib-taomillarini, shartnoma majburiyatlarini monitoring va nazorat qilish tizimi bugungi kundagi talabga javob bermayapti. Shu bilan birga, davlat xaridlari jarayonidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimining samaradorlik ko‘rsatkichi pastligi hamda davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etmaslik holatlari ham mavjud. Bu o‘z navbatida, davlat buyurtmachilari tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilish uchun ko‘p vaqt sarflashiga, shuningdek, investitsiya dasturlari doirasidagi loyihalarning kechikishiga olib kelmoqda.

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan birinchi o‘qishga tayyorlanayotgan yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi amaliyotda vujudga kelayotgan kamchiliklarni barataraf etishga qaratilgan.

— Davlat xaridlari sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xaridlari ishtirokchilariga qulayliklar va keng imkoniyatlar yaratish orqali xarid qilish tartib-taomillarini takomillashtirish maqsadida qonun loyihasiga ko‘plab yangiliklar kiritilgan, — deydi qo‘mita a’zosi Leyli Seyitova. — Ularga ko‘ra, davlat xaridlari sohasida davlat buyurtmachilari qamrovini kengaytirish maqsadida davlat xaridlarini amalga oshirishning alohida tartibi belgilangan strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarni korporativ buyurtmachilar sifatida davlat xaridlarida ishtiroki ta’minlanadi. Shuningdek, qonun loyihasi bilan davlat xaridlarini qisqa muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida ularning muddatlari qicqartirilmoqda. Xususan, amaldagi tahrirda elektron bozor qirq sakkiz soat qilib belgilangan bo‘lsa, ushbu muddat bir ish kuniga, auksion – kamida besh kun (amaldagi tahrirda kamida o‘n kun), tanlash – kamida besh kun (amaldagi tahrirda tanlov kamida o‘n kun) va tender – kamida o‘n besh kun (amaldagi tahrirda tender kamida o‘ttiz kun) etib belgilanmoqda.

Qo‘mita huzuridagi ishchi guruhi muhokamalarida qonun loyihasidagi korrupsiogen holatlarni oldini oladigan normalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, davlat xaridlarida korrupsion holatlarni bartaraf etish maqsadida ishtirokchi va xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining affillangan shaxsi davlat xaridlari bo‘yicha savdolarda bitta lotda ishtirok etishga cheklov belgilanmoqda. Bu bilan nosog‘lom raqobatning oldi olinadi.

Yana bir muhim jihat, davlat xaridlari sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari va davlat xaridlari ijrochilariga o‘zlarining ta’sischilari va benefitsiar mulkdorlarini ochiqlash majburiyati yuklatilmoqda.

Qo‘mita a’zolarining fikricha, konun loyihasining qabul qilinishi xalqaro reyntinglarda mamlakatimiz natijalarini yaxshilashga, iqtisodiyotni yanada modernizatsiyalash bo‘yicha davlat investitsiya dasturlarini samarali amalga oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkonini beradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq