AKT vaziri jurnalist va blogerlar bilan ochiq muloqot norasmiy uchrashuv o‘tkazdi
24.10.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

24-oktabr kuni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnologik parki majmua shou-rumida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sodiqov ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bilan ochiq muloqot norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash kerakki, aynan shunday yuqori darajadagi shaklda o‘tkazilgan tadbir ilk marotaba o‘tkazildi. Tadbirda qatnashgan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar shaxsan Vazirlik rahbariyatiga o‘z savollarini murojaat etib ularga batafsil va to‘liq javob olishdi.

Masalan, hozirgi kunda to‘rtinchi hokimyat vakillarini va o‘quvchilarni eng qiziqtirayotgan savollar qatorida AKT sohasidagi kadrlarni tayyorlash masalasi bo‘yicha berilgan savollarga javob berildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sodiqov ta’kidlaganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya va raqamli texnologiyalari sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan barcha choralar asosiy maqsadga yo‘naltirilgan — yosh avlodimiz uchun munosib shart-sharoit yaratib berish, malakali va raqobatbardosh AKT sohasidagi kadrlarni tarbiyalashdan iboratdir. Hozirda yurtimizda AKT sohasidagi kadrlarni tayyorlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Yosh AKT sohasidagi kadrlarni tayyorlashda tamal toshini Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab qo‘yadi. O‘rta mahsus AKT ta’limi esa ixtisoslashtirilgan kollej va litseylarda amalga oshiiriladi. Oliy ma’lumotli AKT sohasidagi mutahassislarni esa Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning Qarshi, Nukus, Samarqand, Farg‘ona va Uhrganchdagi fillialari tomonidan amalga oshiriladi.

TATUda 2020/2021 o‘quv yilida yangi Raqamli iqtisodiyot bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda 8 ta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi.

Respublikada kelgusida AKT sohasidagi ta’limni rivojlantirish va takomillashtirish doirasida 2023-yilgacha respublikaning barcha tuman va shaharlarda informatika va axborot texnologiyalarni chuqurlashtirib o‘rganishga qaratilgan ixttisoslashtirilgan maktablarni ochilishi ham ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, yurtimizning har bir hududida axborot texnologiyalari sohasida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha texnikumlar ham ochiladi. Kelgusi yildan boshlab Toshkent viloyatida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining filiali ishga tushadi.

Shu bilan birga ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar tomonidan raqamli va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni keng joriy etishda elektron hukumat tizimini rivojlantirish, fuqarolarimizga qulay elektron davlat xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bo‘yicha berilgan savollarga ham javob berildi.

Elektron hukumat tizimi faoyliyati oshkoralik va ochiqlik tamoyillarga asoslanadi. Bu esa, o‘z navbatida davlat organlari faoliyati nazorat olib borishda va aholi uchun sifatli davlat xizmatlarni ko‘rsatishda samarali mexanizmni yaratadi.

Ana shu maqsadda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (https://my.gov.uz) joriy etilgan. Bugungi kunda ushbu portal orqali 210 tadan ortiq elektron davlat xizmatlari taqdim etib kelinmoqda. Ular bo‘yicha yil boshidan beri 2,5 millionga yaqin arizalar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga oshdi. Yil yakuniga qadar umumiy xizmatlar soni 230 taga yetkaziladi. Jumladan, ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnoma olish xizmatlari joriy qilinishi hamda arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini olish, kadastr pasportini ro‘yxatdan o‘tkazish, ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasini olish xizmatlarining takomillashtirilishi rejalashtirilgan.

AKT sohasidagi tadbirkorlarga ko‘mak berishda qanday ishlar amalga oshirilayotganligi bo‘yicha berilgan savollarga javob berildi.

AKT sohasidagi tadbirkorlar va startaplar uchun munosib sharoit yaratish mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda eng dolzarb va ustuvor vazifalaridan biri. Bu tarzda Vazirlik tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnologik parki tashkil etilishi bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Poytaxtimizda barpo etilgan texnopark AKT sohasidagi startapchilarga har tomonlama ko‘mak berishga yunaltirilgan bo‘lib, ularga yuridik, moliyaviy, marketing yordam ko‘rsatiladi.

IT Park rezidentlari barcha soliq va majburiy to‘lovlaridan 2028-yil 1-yanvargacha ozod etilgan. Bundan tashqari, IT Park rezidentlari respublika bo‘yicha joylashuviga qaramay barcha berilgan imkoniyatlardan foydalana oladi.

Hozirgi kunda IT Park rezidentlari soni 416 ga yetib, ular tarkibida 5 mingdan ortiq mutahassis mehnat qiladi. Diqqatga sazovor yana bir jihat: 14 korxona xorijiy kapital ishtirokida, va 54 tasi noldan boshlab tashkil etildi.

Yil boshidan beri IT Park rezidentlari tomonidan jami 750 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 346,2 mlrd. so‘m, xususan, eksport hajmi 8,4 mln. dollarni tashkil etdi.

IT Parkning hududiy filiallari binolari Andijon (“Digital city” texnoparki), Farg‘ona (IT Park Marg‘ilon filiali), Sirdaryo (IT Park Guliston filiali) viloyatlarida foydalanishga topshirildi, Andijon filialida 10 ta va Marg‘ilon filialida 7 ta rezident faoliyat yuritmoqda. Joriy yil yakuniga qadar Jizzax viloyat IT Park filiali tashkil etiladi, shuningdek Namangan (5800 kv.m), Nukus (12000 kv.m), Samarqand (1100 kv.m),va Urganch (16000 kv.m) shaharlarida IT Park filiali binolarini qurish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

IT Park hududida ekskursiya davomida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar IT Parkning kelgusi infratuzilmaviy rivojlanish rejalari bilan yaqindan tanishdi. Bugungi kunda IT Park hududini kengaytirish va qator infratuzilma ob’ektlarini barpo etish bo‘yicha yirik ishlar olib borilmoqda. Bu yerda bosqichma-bosqich 17 ta imorat, jumladan, 20-25 qavatli ofis binolari, 22 qavatli mehmonxona, universitet, konferensiya zali, kovorking markazi va boshqa ob’ektlar barpo etiladi. Inshootlar 9 balldan yuqori zilzilaga chidamli bo‘ladi. Yer ostida 3 qavatli avtoturargoh quriladi. Majmua hududida kafe va restoranlar, do‘konlar, masjid, sport maydonlari, dam olish joylari ham bo‘ladi.

Mazkur tadbir o‘tkazilishi, shubhasiz, Vazirlik va ommaviy axborot vositalari hamda blogerlar bilan samarali muloqot o‘rnatishga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat o‘quvchilarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqidan tanishtiradi, bundan tashqari yoshlar va aholi o‘rtasida AKT yo‘nalishiga bo‘lgan qiziqishini ham orttiradi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun IT Park ofisi, qurilish ishlari amalga oshirilayotgan hududlar hamda Toshkent teleminorasiga press-tur o‘tkaziladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq