52 IT-kompaniyaning IT Park rezidenti maqomi bekor qilindi
23.10.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

IT Park rezidenti maqomiga ega IT-kompaniyalar soni kundan kunga ortmoqda.

Ammo turli sabablar tufayli ushbu maqomni yoʻqotayotganlar va shunga koʻra, soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqidan mahrum boʻlayotgan IT-park rezidentlari ham mavjud. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 589-sonli qaroriga muvofiq, Nizom talablarini buzgan yuridik shaxslarga nisbatan soliq idoralari imtiyozlarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga toʻlash majburiyatlarini tiklash bilan bekor qilish choralarini qoʻllaydilar.

2020-yil 16-oktabr holatiga koʻra IT-park rezidentlari soni 416 tani tashkil etadi. Shulardan 52 ta IT-kompaniyalar shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganliklari uchun, yaʼni auditorlik xulosasini taqdim etmaganliklari va Nizom talablarini buzganligi tufayli doimiy rezident maqomidan mahrum etildi.

Maʼlumot oʻrnida, Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan IT-park rezidentlari yiliga bir marta majburiy audit oʻtkazishlari shart.

Taʼkidlash joizki, IT Park rezidentlarining vazifalari quyidagilardan iborat:

— faqat axborot texnologiyalari sohasida faoliyat turlarini amalga oshirish;

— IT Park Direksiyasiga har chorakda faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish;

— moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining yillik auditini oʻtkazish va auditorlik xulosasining bir nusxasini Direksiyaga yuborish;

— IT Park rezidentining Direksiya bilan ishlash shartlari toʻgʻrisidagi Shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish.

Shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik IT Park rezidenti maqomining bekor qilinishiga olib keladi.

Yuqorida taʼkidlanganlarga muvofiq, Direksiya buyrugʻiga binoan, 52 ta IT-kompaniya IT Park rezidenti maqomidan mahrum qilindi va ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar imtiyozlarni bekor qilish choralarini koʻrish maqsadida soliq organlariga yuborildi. Xuddi shunday, soliq idoralariga IT-park rezidentlarining yagona reyestriga kiritilgan, ammo turli sabablarga koʻra endi faol rezident boʻlmagan 63 ta IT-kompaniyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham yuborildi.

Eslatib oʻtamiz, qonunga muvofiq IT Park rezidenti maqomida boʻlish bir kun boʻlsa ham kompaniyaning auditorlik tekshiruvini oʻtkazish va imtiyozlardan foydalanish yoki foydalanmaslik toʻgʻrisida xulosa berish majburiyatini keltirib chiqaradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq