Davlat xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda qonunchilikdagi mavjud kamchilik bartaraf etiladi
22.10.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida bir qator qonun loyihalarini takomillashtirish yuzasidan ishchi guruhlarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonuniga ayrim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda 1995-yilda qabul qilingan va bugungi kunda dolzarbligini yo‘qotayotgan «Konsessiyalar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.

Mutaxassis va ekspertlarni jalb qilgan holda videokonferensiya tarzida o‘tgan muhokamalarda ta’kidlanganidek, ayni paytda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda bir qator kamchiliklar mavjud. Qonun loyihasi bilan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida valyutani tartibga solish va tovar (ishlar, xizmatlar) narxlarini xorijiy valyutaga bog‘lash, maxsus loyiha tashkilotini tuzish, kreditorlar manfaatlarini himoya qilish va ishtirokini ta’minlash, tender jarayonini soddalashtirish va muddatini qisqartirish taklif etilmoqda. Shu bilan birga, qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kafolatlar berish va qo‘llab-quvvatlash tartibi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan yer uchastkalarini ajratishda ularning rolini belgilash kabi masalalar qamrab olinmoqda.

Qolaversa, davlat-xususiy sheriklik loyihalari jozibadorligini oshirish va ularga jalb qilinadigan xorijiy investitsiyalar miqdorini ko‘paytirishga erishish maqsadida mazkur qonun loyihasini tayyorlashda rivojlangan davlatlar amaliyotini o‘rganish, imkon qadar qonun loyihasini davlat-sheriklikchilik sohasida qabul qilingan xalqaro qonunchilik talab va me’yorlariga moslashtirishga hamda xorijiy investor va ekspertlarning taklif hamda fikrlari ham olinmoqda. Xususan, Davlat-xususiy sheriklikni rvojlantirish agentligi rahbariyati va Osiyo Taraqqiyot Banki mutaxassislarining ham taklif va mulohazalari asosida qonun loyihasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

– Muhokama qilinayotgan qonun loyihasida uning maqsadi, tatbiq etish sohalari, davlat-xususiy sheriklik loyihalarida davlat sherigining ishtiroki aniq qilib ko‘rsatib o‘tilmoqda, — deydi qo‘mita a’zosi Doniyor G‘aniyev. Shu bilan birga, xususiy sherikning ishtiroki va tanlab olish mezonlari, kreditorlarning ishtiroki va o‘rni, O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlari O‘zbekiston Respublikasi valyutasiga, chet el valyutalariga va shartli birliklariga bog‘lanishi, xususiy sherikka beriladigan qo‘shimcha kafolatlarning davlat ko‘magi bitimi orqali rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratilmoqda.

Muhokama jarayonida deputatlar taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlariga mos kelishi va xalq manfaatlarini inobatga olish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib o‘tdilar.

Qo‘mita a’zolarining ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik sohasidagi munosabatlarning huquqiy asosini takomillashtirishga hamda xalqaro amaliyotga mos davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bog‘liq yagona qoida va talablarning o‘rnatilishiga xizmat qiladi. Yana bir muhim jihati, tadbirkorlik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda xalqaro tajribaga asoslangan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq