O‘zbek tili ham rasmiy til maqomiga ega, lekin…
20.10.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan “O‘zbek tilining raqamli lingvistik resursini yaratish istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi Dasturida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yanada oshirish, mamlakatimiz va xorijda tilimizni keng targ‘ib etish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab olingan. Shuningdek, dasturda oliy qadriyatimiz sanalgan tilimizning huquqiy asoslarini takomillashtirish birlamchi vazifa ekani qayd etilgan.

Ayni paytgacha mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar hamda partiya faollari sa’y-harakati bilan ushbu yo‘nalishda doimiy komissiyalarga 70 ta taklif, xalq deputatlari Kengashi sessiyalariga 65 ta masala kiritildi. Joylarda esa 78 nafar mansabdor shaxsning hisoboti eshitildi, olib borilgan tahlillar natijasida 222 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. Eng muhimi, o‘rganishlar davomida partiya a’zolari tomonidan 1334 ta qonun buzilishi holatlari aniqlanib, ularni joyida bartaraf etishga erishildi.

Tadbirda qayd etilganidek, shu kunlarda tilimizni rivojlantirish, uning sofligini saqlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad parlament quyi palatasida muhokama etilayotgan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning mukammalligiga erishishdir. Partiya tashabbusi bilan oktabr oyining oxirigacha har bir hududda O‘zbek tili markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ta’kidlash joiz, yaqinda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “Davlat tili to‘g‘risida”gi yangi Qonun loyihasini hamda til to‘g‘risidagi yangi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qiluvchi Komissiya faoliyatini qayta tiklash tashabbusini ilgari surdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov shular haqida gapirar ekan, dunyoda olti mingga yaqin tillar bo‘lsa, ularning ikki yuztasigina rasmiy til maqomiga egaligini ta’kidladi.

– Ular orasida O‘zbek tilining borligi xalqimiz uchun eng katta baxtdir, – dedi fraksiya rahbari A.Qodirov. – Lekin tilimizning maqomini yanada oshirishga bo‘lgan e’tibor ancha susayib ketdi va bu rivojlanayotgan O‘zbekistonning ham siyosiy, ham strategik manfaatlariga umuman to‘g‘ri kelmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev ham so‘zga chiqib, departament tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Shundan so‘ng www.xatosizyoz.uz saytini hamda “Kompyuter lingvistikasi” darslik kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi va bu o‘zbek tilining rivoji yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamlar ekani ta’kidlandi.

Tadbir doirasida tilshunos olimlar, taniqli pedagog va til bo‘yicha ekspertlar, siyosatshunos hamda prafessor-o‘qituvchilar sho‘balarga bo‘lingan holda o‘zbek tilining raqamli lingvistik resursini yaratish istiqbollari, o‘zbek tilini o‘rgatish muammolari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etishdagi o‘zaro hamkorlik, davlat tili sofligini saqlash hamda ilmiy atamalar tarjimasini muvofiqlashtirish yo‘nalishlariga doir maqola va ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

Konferensiya yakunida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan tayyorlangan, 21 oktabr — “O‘zbek tili bayrami kuni”ga bag‘ishlangan film taqdim etildi. Tadbirda ishtirokchi hamkorlarga partiyaning qimmatbaho va esdalik sovg‘alar topshirildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq