Ochiqlik, oshkoralik va xolislik axborot siyosatining o‘zgarmas qoidalaridir
18.10.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Davlat boshqaruvi tizimi va davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash” mavzusida videoseminar tashkil etildi.

Onlayn tarzda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining mas’ul xodimlari hamda Agentlikning Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari hududiy boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, viloyat hokimliklarining Axborot xizmati rahbarlari, davlat organi muassisligidagi tahririyatlar bosh muharrirlari va mutaxassislar ishtirok etdilar.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi 3-4 yil ichida mamlakatimizda davlat organlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash borasida institutsional islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, fuqarolarning davlat idoralari faoliyatiga oid axborotlardan erkin foydalanish imkoniyatlari kengayishi va jamoatchilik muhokamalari uchun qulay sharoitlar yaratilishi ushbu sohada yangicha munosabat shakllanishiga xizmat qilmoqda. Masalan, davlat boshqaruvi tizimi bilan bir qatorda mahalliy davlat organlari faoliyatida yo‘lga qo‘yilgan Axborot xizmati instituti davlatning jamoatchilik bilan aloqalarini yangi bosqichga olib chiqdi.

Tadbirda davlat boshqaruvi tizimida yaratilgan ochiq va shaffof axborot muhiti, markaziy boshqaruv organlarining axborot xizmatlari faoliyatining bugungi holati va jamoatchilik bilan aloqalar sohasidagi islohotlarga oid ko‘rsatkichlar dinamikasi, olib borilayotgan chora-tadirlar natijalari tahlil qilindi.

Tahlillarga ko‘ra, respublika buyicha jami 606 ta Axborot xizmatlari faoliyat olib bormoqda. Shundan, davlat boshqaruvi tizimida va mahalliy hokimiyat organlari huzuridagi Axborot xizmatlari soni 89 tani tashkil qilyapti. 2019-yil 1-iyuldan 2020-yil 1-sentabrga qadar respublika bo‘yicha Axborot xizmatlarida mavjud shtatlar soni 433 tadan 1067 taga yetgan, hozirda ularning 544 tasi hududlar kesimidagi davlat organlarining Axborot xizmati xodimlaridir.

Seminarda qo‘mita a’zolari tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash hamda jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishda Axborot xizmatlarining ahamiyatini ochib berishga qaratilgan aniq takliflar o‘rtaga tashlandi.

Shuningdek, seminarda hokimliklar muassisligidagi tahririyatlarni qo‘llab-quvvatlash tadbirlarining sifatini, muammolarni o‘rganish hamda tahririyatlarda erkin ijodiy va iqtisodiy sharoitlar yaratish mexanizmining zamonaviy uslublarini qo‘llash zarurligi ta’kidlandi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining muassis sifatida majburiyatlarini bajarish holati, tahririyatlarning AKT vositalari bilan ta’minlanish darajasi, rasmiy veb-saytlar holati, nashrlarning elektron shakllari mavjudligi, tahririyatlarning ijodiy va iqtisodiy imkoniyatlarini baholash, erkin sharoitlar yaratish va qo‘llab-quvvatlash ishlari Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi holatlar misolida atroflicha tahlil qilindi.

Ayniqsa, bosma nashrlarni tarqatish startegiyasini ehtiyoj va talabdan kelib chiqib, rivojlantirish, OAVning elektron va veb-sayt shaklining yo‘lga qo‘yilishidagi mavjud amaliyotni qayta ko‘rib chiqish va ijrochilar mas’ulligini oshirish lozimligi o‘rtaga tashlandi.

Statistika bo‘yicha O‘zbekistondagi mavjud OAVlar soni 2015-yildagiga nisbatan qariyb 70 foizga oshgan (2020-yilda – 1777 ta OAV). Ulardan davlatga qarashli bo‘lgan OAV soni 643 ta (36,4 foiz)ni tashkil etadi. Bu esa jamoatchilikning bosma nashrlarga bo‘lgan qiziqishi barqaror ekanini ham ko‘rsatadi.

Oxirgi davrda bosma nashrlarni tarqatish bilan bog‘liq jarayonlar tobora oqsab, pochta tizimida turli muammolar yuzaga kelgan. So‘nggi to‘rt yilda “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan matbuot tarqatish hajmi 3 barobarga kamayib, uning jami matbuot tarqatishdagi ulushi 13 foizga tushib qolgan. Bu borada joriy yil oktabr oyida Prezident raisligida o‘tkazilgan “Mahalliy pochta tizimini isloh qilish chora-tadbirlari” mavzusidagi videoselektor yig‘ilishida mutasaddilarga bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash borasida matbuot tarqatish tizimini rivojlantirish, davriy nashrlarga onlayn obuna xizmatini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining IV bo‘limi 15-bandi bilan “Davlat boshqaruvi tizimida hamda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash” yo‘nalishida belgilangan muhim vazifalar, shuningdek, davlat rahbarining qator ma’ruza va nutqlarida bildirilgan qat’iy fikrlari axborot makonida davlat organlarining ishtiroki informatsion ochiqlik muhitini yaratishga, OAV tahririyatlarini rivojlantirishga va ularning zamonga xos sharoitlarga ega bo‘lishiga qaratilgandir.

Onlayn videoseminar davomidagi muhokamalar asosida axborot sohasidagi ishlarni rivojlantirishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar belgilandi. Muhokamalar yakuni va natijalari bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli tavsiyalari ishlab chiqildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq