Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining axboroti eshitildi
18.10.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2020-yil 16-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axborotini eshitdi.

Axborotda qayd etilganidek, mamlakatimizda zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlarining aholi bilan muloqot qilishining yangi mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ish olib borilmoqda. Xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini jiddiy ravishda kengaytirish, Internet tarmog‘idan umumiy va arzon foydalanish maqsadida NGN kommunikatsiya uskunalarini kengaytirish loyihasi ishlab chiqilgan. Mazkur loyiha asosida 350 mingdan ortiq keng polosali abonent portlari o‘rnatildi.

Shuningdek, respublika hududida zamonaviy internet xizmatlarini joriy etish maqsadida keng polosali telekommunikatsiya tarmog‘ini 800 ming portga kengaytirish uchun kerakli qurilmalar xarid qilindi. Mobil aloqa tarmog‘ini rivojlantirish loyihalari doirasida joriy yilda 2933 ta baza stansiyalari o‘rnatilib, ishga tushirildi. Shu bilan birga uch mingdan ortiq stansiyalar 3GG`4G asosida modernizatsiya qilindi. BMT vakolatxonasi va IT-park hamkorlikda koronavirus pandemiyasiga qarshi qurashish, uning oqibatlarini yengillashtirishga xizmat qiluvchi innovatsion g‘oyalarni izlab topish bo‘yicha tanlov o‘tkazdi. Tanlovda sog‘liqni saqlash, yordamga muhtoj aholiga ko‘maklashish, ta’lim, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash kabi 8 ta yo‘nalish bo‘yicha 600 dan ortiq arizalar kelib tushdi va eng yaxshi g‘oya mualliflari aniqlandi.

Tadbirda qo‘mita a’zolari respublikamizning chekka hududlariga arzon va sifatli internet xizmatlarini yetkazib berish, gender tengligini ta’minlash maqsadida axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga xotin-qizlarni kengroq jalb etish, viloyatlarda foydalanish uchun topshirilayotgan «IT-Park»larda xotin-qizlar sonini ko‘paytirish orqali ularni kelajakda yetuk mutaxassis qilib tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan ham qiziqdilar.

Deputatlar axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini boshqarish va joriy etish sohasidagi bir qator tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, sifatli axborot xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan takliflar ham berdilar.

Qo‘mita eshituvida deputatlar tomonidan o‘z saylov hududlariga tegishli ayrim masalalar ham o‘rtaga tashlanib, takliflar bildirildi.

Tadbirda ko‘rilgan masala bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq