Prezident IT-park qurilishini ko‘zdan kechirdi
16.10.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizdagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida bo‘ldi.

Majmua shou-rumida qurilishi boshlangan binolar, ularda bo‘ladigan sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning o‘quvchilari ishtirokida yaratilgan dasturiy mahsulotlar namoyish etildi.

Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanidagi IT-markazda saboq olayotgan bolalar bilan videokonferensaloqa orqali muloqot qildi.

Mutasaddilarga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab bilan hududlardagi axborot texnologiya maktablari integratsiyasini ta’minlash, yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishini to‘g‘ri yo‘naltirib, yetuk mutaxassislar etib tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Galdagi bunyodkorlik ishlarining borishi ko‘zdan kechirildi.

Mazkur zamonaviy majmua qurilishi o‘tgan yili 20-noyabrda boshlangan edi. Bu yerda bosqichma-bosqich 17 ta imorat, jumladan, 20-25 qavatli ofis binolari, 22 qavatli mehmonxona, universitet, konferensiya zali, kovorking markazi va boshqa ob’ektlar barpo etiladi. Inshootlar 9 balldan yuqori zilzilaga chidamli bo‘ladi. Yer ostida 3 qavatli avtoturargoh quriladi. Majmua hududida kafe va restoranlar, do‘konlar, masjid, sport maydonlari, dam olish joylari ham bo‘ladi.

Ushbu IT-parkning dastlabki 2 ta binosi foydalanishga topshirilgan. Ularda eng zamonaviy qulayliklar yaratilib, istiqbolli startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. IT-park rezidentlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar 2028-yil 1-yanvarga qadar soliqlar va bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq