«Shanxay-Toshkent: Elektron tijorat istiqbollari» — «Elektron tijorat Ipak Yo‘li» biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
14.10.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Avval xabar berilgandek, 2020-yil 13-oktyabr kuni soat 11.00da mamlakatimizning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi, Savdo-sanoat palatasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda TIV xuzuridagi Tarjimonlar byurosi ko‘magida O‘zbekiston va Xitoy tijorat tuzilmalari vakillari ishtirokida «Shanxay-Toshkent: elektron tijorat istiqbollari — «Elektron tijorat ipak yo‘li» mavzusida onlayn biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov, mamlakatimizning Shanxaydagi Bosh Konsuli A.Masutov, Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari A.Ahmadxo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Elektron tijorat uyushmasi raisi M.A’zamov, BMB Trade Group Kuzatuv kengashi raisi B.Mamatqulov, “Zoodmall” kompaniyasining global rivojlantirish bo‘yicha direktori Sardor Muhammadaliyev, Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligining Yevroosiyo departamenti raisi Vang Kay, Elektron tijorat Departamenti raisi Dju Liyen, Elektron tijorat xalqaro markazining elektron tijorat va biznesni rivojlantirish departamenti raisi o‘rinbosari Li Ming Tao hamda AYeYeX kompaniyasi Boshqaruv kengashi raisi Djang Xong Ping ishtirok etishdi va nutq so‘zlashdi.

Biznes-forumda, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy jamoat hamda tijorat doiralarining 50 nafardan ortiq vakillari ishtirok etishdi. Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosi tomonidan professional darajada ko‘rsatiladigan tarjima xizmatlaridan ham foydalanildi.

Tadbirda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar ko‘lami kengayib, savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil va jadal sur’atlarda o‘sib borayotganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, raqamli iqtisodiyot ahamiyati va bu boradagi mavjud to‘siq va muammolar va ularning yechimi hamda elektron savdo maydonchalarining savdo aylanamalarini kengaytirishdagi o‘rni va istiqbollari muhokama qilindi.

Anjumanda elektron tijorat sohasida tajriba almashinuvini tashkil qilish, mahalliy mahsulotlar eksportini hamda Xitoydan import qilinadigan tovarlar ko‘lamini kengaytirish tizimini rag‘batlantirish, elektron savdo maydonchalarini amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi.

Biznes-forumda AEEX hamda BMB TRADE GROUP kompaniyalari o‘rtasida mamlakatimizda yetishtiriladigan mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Xitoy bozoriga eksportini kengaytirish maqsadida elektron savdo maydonchalarini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatishga kelishib olindi.

Tadbir yakunida, ikki davlat tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida yaqin istiqbolda Xitoylik kompaniyalar tajribasiga tayangan holda mamlakatimizda elektron savdo maydonchalarini keng tatbiq etish, shuningdek, zamonaviy logistik kompleks va omborxonalarni barpo qilish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha yangi takliflar ilgari surildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq