Oʼzbekistonning kosmik tаrmogʼini rivojlаntirish chorа tаdbirlаri, mаqsаd vа vаzifаlаri
13.10.2020
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Bugungi kunda zamonaviy dunyoda kosmik texnologiyalarni rivojlantirish milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini amalga oshirish muhim shartlaridan biri hisoblanib kelmoqda. Shuningdek, kosmik faoliyat mamlakatning kelajagiga jiddiy taʼsir koʼrsatadi, sababi u ilmiy-texnik salohiyatni, yuqori texnologiyalarning rivojlantirilishini taʼminlaydi, xavfsizlik va mudofaa, tabiatdagi muammolarni hal qilishda, tabiiy va texnogen halokatlarning oldini olishda yordam beradi.

Dunyodagi barcha taraqqiy etgan davlatlarda sunʼiy yoʼldosh telekommunikatsiyasi keng polosali yer usti aloqasi texnologiyalari bilan birgalikda shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Sunʼiy yoʼldosh aloqasini simli va mobil tarmoqlar bilan raqobatbardoshligini oshirish maqsadida yangi chastota diapazonlari oʼzlashtirilmoqda, yangi turdagi modulyatsiya va algoritmlar joriy etilmoqda, maʼlumotlarni uzatish tezligi oshirilmoqda. Bu albatta bejizga emas. Sababi, aloqani tashkillashtirishning bu turi uchun yer ustida «muammoli hudud» degan tushunchaning oʼzi mavjud emas. Jumladan, mustaqil davlatlar hamdoʼstligiga aʼzo davlatlar oʼrtasida sunʼiy yoʼldosh aloqasi sohasidagi barcha masalalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi aloqa sohasidagi regional hamkorlik (АSRH) mavjud boʼlib, uning asosiy vazifasi radiochastota spektri va sunʼiy yoʼldosh orbitalaridan samarali foydalanishda, Xalqaro elektr aloqa uyushmasi (XEАU) va boshqa xalqaro tashkilotlardan MDX davlatlari manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

Bu borada Oʼzbekiston Respublikasi ham xavfsizlik tizimida innovatsion kosmik texnologiyalardan foydalanish orqali mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun mavjud ilmiy-texnik salohiyatni samarali amalga oshirish maqsadida 2018-yil 12-fevral sanasidada Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oʼzbekiston Respublikasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi F-5209-son farmoyishi, 2019 yil 30 avgustida «Oʼzbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish toʼgʼrisida» PF-5806- son farmoni qabul qilindi hamda kosmik tarmoqni boshqarishning yaxlit tizimini taʼminlash uchun «Oʼzbekkosmos» agentligi tashkil qilindi.

Dunyoda kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligiga ega boʼlgan 72 ta davlatlar mavjud boʼlib, ularning aksariyati milliy tadqiqot markazlari yoki kompaniyalarni xorijiy hamkorlar bilan bogʼlaydigan davlat muvofiqlashtiruvchi markazi vazifasini oʼtaydi. Shu agentliklardan 14 tasi kosmik apparatlarni uchirish, 6 tasi (Rossiya, Xitoy, АQSh, Yevroittifoq, Hindiston va Yaponiya) esa, boshqariladigan kosmik kemalarni, ogʼir vaznli sunʼiy yoʼldoshlarni hamda sayyoralararo kosmik zondlarni toʼliq uchirish imkoniyatiga ega boʼlgan davlatlar hisoblanadi.

Kosmik agentliklarning turli funktsiyalari mavjud boʼlib, ular koʼpincha milliy tadqiqot markazlari yoki kompaniyalarni xorijiy hamkorlar bilan bogʼlaydigan davlat muvofiqlashtiruvchi markazi vazifasini oʼtaydi. Shuningdek, ulardan koʼpchiligi oʼz sunʼiy yoʼldoshlariga ega. Baʼzi mamlakatlar sunʼiy yoʼldoshlarning katta guruhlarini boshqaradi (masalan, Rossiya 121 ta, АQSh 579 ta, kosmik apparatlariga ega). Lekin ulardan aksariyati asosan telekommunikatsiya maqsadlari uchun moʼljallangan bitta yoki ikkita sunʼiy yoʼldoshlarga egalik qiladi. Bulardan tashqari oʼzining xususiy sunʼiy yoʼldoshlariga ega boʼlmagan bir qator kosmik agentliklar ham mavjud boʼlib, ular xorijiy davlatlarning sunʼiy yoʼldoshlarini ijaraga olish orqali oʼz maqsadlarini amalga oshiradilar.

Qozogʼiston Mudofaa vazirligi Oʼzbekiston bilan birgalikda sunʼiy yoʼldosh uchirish boʼyicha hamkorlik qilish haqida maʼlum qildi. Ular hamkorlikda amalga oshiradigan loyihalar qatoriga Oʼzbekiston bilan birgalikda sunʼiy yoʼldosh uchirish ham kiritilgan. Taʼkidlanishicha, ushbu qurilma nafaqat ikki davlatga, balki Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarga ham xizmat koʼrsata oladi.

Hozirda “Oʼzbekkosmos” shakllanishining dastlabki bosqichida turganligi sababli, biz faqat uning rasmiy tashkil etilishi borasida fikr bildirishimiz mumkin. Bu tarkibning rivojlanishi, oyoqqa turib olishi, aniq maqsadlarni amalga oshirishi uchun vaqt talab etiladi. Lekin, shu oʼrinda bir narsa insonni quvontiradi. U ham boʼlsa, bu Oʼzbekistonning koinot sari qoʼyilgan ilk qadami emas. Bu borada uzoq yillar davomida hosil qilingan bilim va koʼnikmalarga ega. Masalan, Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (hozirda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti) “Televidenie” kafedrasida tashkil etilgan ilk ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida 1977 — 1982 yillarda dotsent Sh.Z.Tojiboev rahbarligida zaryad orqali aloqa yarim oʼtkazgich asboblardan foydalanib, birinchi rangli televizion kameraning tajribaviy nusxasi yaratildi. Zaryadli aloqa asbobli videokameralarga boʼlgan qiziqish keng koʼlamda ilmiy tadqiqotlarni jadallashtirdi. Koinotni tadqiqot qilish ilmiy institutida akademik G.А.Sagdullaev, Toshkentdagi “Koinot” konstruktorlik byurosida akademik Sh.А.Vaxidov, Oʼzbekiston fanlar akademiyasi astronomiya institutida akademik T.S.Yuldashev, Sh.А.Egamberdev, yadro – fizikasi institutida akademik U.Gʼ.Gulomovlar bilan birgalikda hamkorlik ishlari amalga oshirildi. Natijada zaryad aloqa asbobli matritsasida birinchi boʼlib televizion mikroskop, ilk televizion rangli videokamera yaratildi.

Birinchi rangli televizion kameraning tajribaviy nusxasi

Yoki boʼlmasa, xalqaro radioastronomik rasadxona – “Suffa” loyihasini olaylik. Аslida Suffa platosida radio rasadxona yaratish ishlari 1982-yilda boshlanib, sakkiz yilga yaqin davom etdi, natijada radioteleskopning tashuvchi minorasi qurildi. 1990-yillar boshlaridan boshlab, Suffa radioteleskopning qurilishini 1995-yilda yakunlash yuzasidan qoʼshma ishlar boʼyicha Oʼzbekiston va Rossiya oʼrtasida hukumatlararo bitim imzolanganiga qaramasdan, rasadxona qurilishi mablagʼ yoʼqligi tufayli muzlatib qoʼyildi. 2007 yilda Oʼzbekistonda yordamchi infrastruktura yaratish ishlari qayta tiklandi, ammo RT-70 radioteleskopining oʼzi konservatsiya rejimida edi.

RT-70 radioastronomik majmuasi qurilishining

1-bosqichidan lavha (2007-yil)

Keyinchalik, 2018-yilda Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan “Suffa” xalqaro radioastronomik rasadxona loyihasi radioteleskopi qurilishi ikkinchi hayotni qoʼlga kiritdi hamda 2024-yilda ushbu loyihani birgalikda yakunlashga kelishib olindi.

Shuningdek, 1989-yilda akademik Shavkat Vaxidov tomonidan asos solingan Xalqaro aerokosmik maktab (XАKM) ham oʼzbek kosmonavtikasi sohasida yangi sahifa ochdi. Ushbu maktabning oʼtgan 30 yildan ortiq davr mobaynidagi mingdan ortiq bitiruvchilari hozirda dunyoning turli mamlakatlarida aviatsiya va kosmonavtika sohalarida oʼz faoliyatlarini olib bormoqdalar.

XАKM kursantlarining oʼquv mashgʼulotidan lavha

Mamlakatimizning geografik va iqtisodiy xususiyatlarini hisobga olgan holda, yerni masofadan zondlash va geoaxborot texnologiyalari, sunʼiy yoʼldosh aloqasi, kosmik navigatsiya, kosmik tadqiqotlar olib borish, kosmik texnologiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash eng muhim vazifalardan biri boʼlib qoladi.

Xalqaro ekspertlarning fikriga koʼra, Oʼzbekiston kosmonavtika sohasida orttirgan oʼzining boy tarixiy tajribasiga suyangan holda, xavfsizlik tizimida innovatsion kosmik texnologiyalardan foydalanish orqali mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun istiqbolli rejalar ishlab chiqishga va ularni ulkan maqsadlar yoʼlida safarbar etishga qodir.

TАTU magistranti Аkbaraliev Sh.Sh.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq