O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi
08.10.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida, respublika tuman (shahar)larida mavjud umumta’lim maktablari negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Shunga ko‘ra, joriy yilda mazkur yo‘nalishda 14 ta tayanch maktab, 2021-2023 yillarda esa respublika bo‘yicha jami 205 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi belgilangan.

2020/2021 o‘quv yilda maktablarda “Informatika va axborot texnologiyalari” fani “Bir million dasturchi” loyihasiga oid o‘quv dasturlari bilan integratsiya qilinadi.

Mazkur loyiha doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan maktablarning 100 nafar eng yaxshi “Informatika va axborot texnologiyalari” fani o‘qituvchilarini har yili BHMning 20 baravari miqdorida bir martalik mukofotlash tizimi joriy qilinadi.

2021-yil 1-martga qadar ushbu fan o‘qituvchilarini sertifikatlash milliy tizimi joriy qilinadi.

2021-yil 1-sentyabrdan raqamli ko‘nikmalarni egallash darajasi bo‘yicha tegishli sertifikatga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktablarning ushbu fan o‘qituvchilariga BHMning 50 foizi miqdorida har oylik ustama haq to‘lanadi.

2021/2022 o‘quv yilidan Toshkent viloyatida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filiali tashkil etiladi.

Bundan tashqari, qarorga muvofiq, OTMning tegishli ta’lim yo‘nalishlari talabalari o‘rtasida informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari sohalarida o‘tkaziladigan respublika va nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari bo‘lgan talabalar OTMning tegishli magistraturasi yo‘nalishlariga ajratilgan kvota doirasida davlat grantlari asosida imtihonsiz qabul qilinadi.

2021/2022 o‘quv yilidan ushbu yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlayotgan barcha OTM maktablarning bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Informatika va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha ko‘p bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – oliy ta’lim muassasasi) o‘z olimpiadasi o‘tkazadi.

Tanlovda 1-3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar birinchi o‘quv yili uchun to‘lov OTMning mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan holda imtihonsiz o‘qishga qabul qilinadi.

2021-yildan “Informatika va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan professor-o‘qituvchilar bir oylik maosh miqdorida bir martalik mukofotlanadi.

OTMning informatika va axborot texnologiyalari bilan bog‘liq ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha imtiyozli diplomga ega bitiruvchilari mazkur OTMning magistraturasiga kirish imtihonlarsiz to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Maktablarning “Informatika va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha o‘rta-maxsus ma’lumotli va kamida 1 yil pedagogik ish stajiga ega o‘qituvchilari TATUga pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha masofaviy o‘qitish shaklida to‘lov-kontrakt asosida kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.

Shuningdek, 2021-yil 1-yanvarga qadar “O‘zbekistonning IT-iste’dodlari” portali ishga tushiriladi.

Portalda, jumladan, dasturlash sohasida o‘tkaziladigan olimpiadalar, tanlovlar va aksiyalar to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtirib boriladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq