Matbuot xuddi darslik kabidir
08.10.2020
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Prezidentimizning O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida qalbimizdagi og‘riqli nuqtalardan biri, ya’ni bosma nashrlarga e’tiborsizlik masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo‘q bo‘lgani, buning natijasida maktab va oliygohlarning o‘qituvchilari o‘zlari uchun zarur bo‘lgan gazeta va jurnallardan ajralib qolganini alohida ta’kidladi. To‘g‘risi, bu hayotiy haqiqat gaplardir.

Ilgari maktablarda dars boshlanishidan avval besh daqiqalik “siyosiy axborot”, ya’ni gazetalar sharhi o‘tkazilardi. Ota-onalarimiz ham ishdan uyga qaytishida qo‘llarida bir nechta gazeta bilan qaytar, kechki oqshom ota-onalarimiz bilan biz farzandlar ham talashib-tortishib gazetalarni o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lar edik. Hozirgi kundagi katta avlodning siyosiy yetukligiga shu ham sabab bo‘lgandir balki. Bugunga kelib esa ko‘pchilik gazeta o‘qimay qoldi. Odamlar ishga ketishda yoki qandaydir yumushdan sal ortganda ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘l-yo‘lakay axborot olishga o‘rganib qoldi. Bu bilan kishining fikrlashi, dunyoqarashi kengayib qolmaydi axir. Biz buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Quruq axborot bilan ongni o‘stirib bo‘lmaydi.

Aynan matbuot nafaqat bugungi kun panoramasini to‘liq ko‘rish va kuzatish, balki kelgusidagi istiqbolni ham yaqqol tasavvur qilishga yordam beradi. Matbuot xuddi darslik singari barcha mavzularni, mamlakatning butun tarixiy yilnomasini qamrab oladi. Undagi maqola — ertagayoq esdan chiqib ketadigan uzuq-yuluq faktning o‘zigina emas, unda mulohaza bor, sharh bor. Maqolaga har doim qaytish mumkin.

Yana bir muhim jihati matbuotdagi materialda mas’uliyat bo‘ladi, javobgarlik bo‘ladi. Shoshma-shosharlik bilan material e’lon qilib, yolg‘on fakt ketib qolsa, uni tezda o‘zgartirish yoki o‘chirib tashlash imkoni bo‘lmaydi. Shuning uchun ham gazetaga material tayyorlashda ko‘proq manbalarga murojaat qilinadi, ko‘p o‘rganiladi. Bu o‘quvchi uchun ham foydali. Kerak bo‘lganda, yana boshdan mulohaza qilasan, muhim joylarini belgilab, o‘qiganlarni keyinchalik foydalanish uchun saqlab qo‘yish va dars jarayonlarida foydalanish mumkin.

Yangidan qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” o‘quv-tarbiya jarayonlarini jahon standartlari darajasiga ko‘tarish, ta’lim, zamonaviy pedagogika va axborot texnologiyalari, bosma nashrlar yutuqlarini amalda uyg‘un qo‘llashni taqozo etadi.

Prezidentimiz bugungi kunda bosma nashrlarni ta’lim muassasalariga, o‘qituvchi-professorlarga yetkazib berish ham jiddiy muammoga aylangan. Chunki bu borada matbuot tarqatish va pochta tizimining faoliyati mutlaqo talabga javob bermaydi, deya tanqidiy baho berdi. Bu albatta, matbuotni rivojlantirish bilan bog‘liq masala, bu gazetalarni o‘quvchilarga yetkazib berish tizimini isloh qilish zarur deganidir. Chunki chop etilayotgan matbuot nashrlari iste’molchiga o‘z vaqtida etib bormasligi natijasida, maqolalarning dolzarbligi, vaqt nuqtai nazaridan qiymati kamaymoqda.

Ayni kunlarda yurtimizda bosma nashrlar, gazeta va jurnallarga obuna boshlandi. Yangi yilning ilk kunidanoq ishonchli va qiziqarli yangiliklar bilan tanishish, ularni yoshlarimizga yetkazish uchun ham obuna jarayonlariga majburiy emas, ixtiyoriy ravishda yondashishimiz darkor. Zero, matbuot — hayot ko‘zgusi, ya’ni, u voqealar jarayonini avlodlardan avlodlarga yetkazuvchi manba. Matbuotni o‘qish odamni kitobga yo‘naltiradi, bu esa teran fikrlashga, keng dunyoqarash egasi bo‘lishga yo‘l ochadi.

Dilbar MAMADJANOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq