Joriy yil yakunigacha 14 ta va kelgusi yil birinchi choragida yana 14 tumanni raqamlashtirish bo‘yicha 239 ta loyiha amalga oshiriladi
28.09.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-sentyabr kuni tarmoq va hududlarda raqamli iqtisodiyot hamda elektron hukumatni joriy qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi.

2020-yil mamlakatimizda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinib, bu borada katta ishlar boshlandi. Xususan, 28-aprelda davlatimiz rahbarining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Videoselektor yig‘ilishida shu borada amalga oshirilayotgan ishlar, joriy yil yakuni va 2021-yil birinchi choragiga mo‘ljallangan loyihalar muhokama etilgan edi.

Xususan, joriy yil yakunigacha 14 va kelgusi yil birinchi choragida yana 14 tumanda odamlar eng ko‘p murojaat qiladigan sog‘liqni saqlash, kadastr, ijtimoiy himoya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim yo‘nalishlarini raqamlashtirish bo‘yicha 239 ta loyiha amalga oshiriladi.

Ushbu yig‘ilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga joriy yilda belgilangan 14 tumanda ijtimoiy muassasalarni to‘liq raqamlashtirib, qolgan hududlar uchun namuna qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgandi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish doirasida 2020-yil yakuniga qadar sog‘liqni saqlash va maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘liq, umumta’lim maktablarning 80 foizi yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanadi.

Shu bilan birga, xalqaro Internet kanallari tezligini 3 barobarga oshirish hamda umumiy sig‘imi 100 Petabaytlik 2 ta ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlarini ishga tushirish mo‘ljallangan.

Agrar va oziq-ovqat sohalarini raqamli transformatsiya qilish dasturiga muvofiq 11 ta vazirlik, 32 ta idora va 5 ta xo‘jalik birlashmalari tomonidan 2020-2022 yillarda 48 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

2020-yil yakunigacha kosmik yo‘ldosh ma’lumotlari asosida yagona geoaxborot tizimini ishga tushirish orqali 2020-yilda 10 ming, 2021-2022 yillarda 250 ming kv. km. qishloq xo‘jaligi maydoni qamrab olinadi.

Shuningdek, suv xo‘jaligida joriy etilgan suv hisobini yurituvchi “Aqlli suv” tizimi doirasida respublikamiz irrigatsiya tizimlarida joriy yil yakunigacha 90 ta hamda 2022-yil yakunigacha 3,8 mingdan ortiq suv resurslarini monitoring qilish raqamli qurilmalari o‘rnatiladi.

2021-yil yakuniga qadar “Raqamli qishloq xo‘jaligi” axborot tizimi ishlab chiqiladi va 20 dan ortiq axborot tizimlari integratsiya qilinadi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq