IMEI-kodlari va shaxsiy maʼlumotlar: qonunga zid harakatlar katta jarima yoki uch yilgacha qamoq jazosiga olib keladi
28.09.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazishda xorijdan mamlakatimizga kelayotgan fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlaridan uchinchi shaxslarning noqonuniy foydalanishi kuzatilyapti. Xususan, bunday shaxsiy maʼlumotlar asosida kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan uyali aloqa vositalari UZIMEI mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish tizimi orqali roʻyxatga qoʻyilayotgani haqidagi murojaatlar soni ortib bormoqda.

Maʼlumot uchun: Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida “Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUK (UZIMEI)ga mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini roʻyxatga olish, vazirlik va idoralar hamda telekommunikatsiya operatorlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish vazifasi yuklatilgan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan maʼlum qilinishicha, yuqoridagi kabi holatlar yuzasidan joriy yilning sentyabr oyida Ichki ishlar vazirligi UZIMEI masʼul xodimlari ishtirokida muxokamalar oʻtkazdi, muammolarni bartaraf etish va tezkor choralar koʻrish tadbirlari belgilab olindi.

Shu oʻrinda eslatib oʻtish kerakki, fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlarini qonunga xilof ravishda yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yoʻq qilish Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining
46-2-moddasiga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Shunday harakatlar maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa, yoxud bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirilib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, gʻarazli yoki boshqacha past niyatlarda, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilsa, yoxud ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 1412-moddasiga asosan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Misol: 2020-yilning 18-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi Andijon viloyati IIB xodimlari bilan birgalikda Andijon shahrida oʻtkazgan tezkor tadbirlarda yuqorida qayd etilgan noqonuniy harakatlarni etgan uch nafar shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 1412-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov yakuni boʻyicha qaror qabul qilinib, ushbu fuqarolarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi taʼminlanadi.

Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov jarayonida aniqlanishicha, fuqaro bank filialidan oʻzining nomiga berilgan 5 ta plastik kartadagi pul mablagʻlaridan “UZPAYNET” MCHJ orqali jami 2158 dona uyali aloqa vositasini qonunga xilof ravishda “Mobil qurilmalarini roʻyxatga olish tizimi”da qayd etishda foydalangan. Ushbu holatda gumon qilinuvchilar juda koʻp sonli boʻlib, 3115 dona uyali aloqa vositasi Qirgʻiziston Respublikasidan Oʻzbekistonga bojxona nazoratini chetlab, aylanma yoʻllar bilan olib kirilgan.

Ayni vaqtda mazkur noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanayotgan shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan qonuniy chora koʻrish yuzasidan Ichki ishlar organlari tomonidan keng doirada tadbirlar davom ettirilmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq