Onlayn imtihon jarayonlarida bilimli va iqtidorli o‘quvchilarni tanlab olish eng muhim vazifadir
26.09.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda 2020/2021 o‘quv yili uchun 5-9 sinflarga o‘quvchilar qabul qilish uchun onlayn imtihonlar davom etmoqda.

26-sentyabr kuni 6-sinf o‘quvchilari imtihonlarni topshirmoqda. 7-sinf o‘quvchilari 27-sentyabr kuni, 8-sinf o‘quvchilari 28-sentyabrt kuni va 9-sinf o‘quvchilari 29-sentyabr kuni onlayn imtihonlarda ishtirok etadilar.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari maktabida yani Respublikamizda birinchi bor o‘tkazilayotgan onlayn imtihon jarayonlari bilan tanishish uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov bordi.

Imtihon jarayonlarini adolatli, o‘tkazish bilan bir qatorda bilimli va iqtidorli o‘quvchilarni tanlab olish eng muhim vazifa ekanligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, onlayn imtihonlarga jalb qilingan xorijiy ekspertlar bilan ham uchrashdi.

Ma’lumot uchun:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi 10 sentyabrdan 20 sentyabrga qadar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabiga 2020/2021 o‘quv yili uchun 5-9 sinflarga o‘quvchilarning hujjatlari www.ictschool.uz rasmiy veb-sayti orqali faqat onlayn qabul qilingan.

Bu jarayon doirasida maktabning www.ictschool.uz rasmiy veb-sayti orqali jami 5058 ta ariza kelib tushdi. Ulardan 3396 ta ariza qabul qilindi. Qolgan 1662 ta arizalarda kamchilik bo‘lgani uchun rad etildi.

Jumladan, 5-sinfga jami 1261 ta ariza, 6-sinfga 790 ta, 7-sinfga 580 ta, 8-sinfga 441 ta va 9-sinfga 324 ta ariza kelib tushdi.

Arizalari qabul qilingan barcha o‘quvchilar 25-29 sentyabr kunlari o‘tkaziladigan imtihonlarda ishtirok etadilar. Imtihonlar 5-6-sinflar uchun matematika, ingliz tili, 7,8,9-sinflar uchun matematika, fizika va ingliz tili fanlaridan onlayn test va mantiqiy masalalarni yechish shaklida tashkil etiladi.

Birinchi bosqich yakunida 5-sinf uchun 360, 6-sinf uchun 180, 7-sinf uchun 180, 8-sinf uchun 180, 9-sinf uchun 90 nafar, jami 990 nafar yuqori ball olgan o‘quvchilar ikkinchi bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.

Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar joriy yilning 5-7 oktyabr kuni Zoom dasturi orqali onlayn suhbatda ishtirok etadilar.

5-sinf o‘quvchilari uchun onlayn suhbat 5-oktyabr kuni, 6-7-sinf o‘quvchilari uchun – 6-oktyabr kuni va 8-9-sinf o‘quvchilari uchun – 7-oktyabr kuni onlayn suhbatlar tashkil etiladi.

Ikkinchi bosqich imtihonida ingliz tili fanidan 1 ta mavzu bo‘yicha o‘qish, tarjima qilish va suhbatlashish mahorati sinovdan o‘tkaziladi, matematika va fizika fanlaridan esa 2 tadan misol ishlanadi.

Imtihon sinovlari Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professor-o‘qituvchi mutaxassislari tomonidan o‘tkaziladi.

Bu yil kvota bo‘yicha 5-sinfga 120, 6-sinfga 60, 7-sinfga 60, 8-sinfga 60, 9-sinfga 30, jami 330 nafar o‘quvchi tanlov asosida saralab olinadi.

2020-yil 10-sentyabr kunidan boshlab, ota-onalar va murojaatchilarga qulaylik yaratish maqsadida 1206 qisqa raqamli Call-center tashkil etildi.

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun: www.ictschool.uz. rasmiy veb-sayti

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq