Mobil qurilmalarni IMEI kodlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov dapartamenti katta tergovchisi Javohir Qodirov bergan ma’lumot
25.09.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

24-sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov dapartamenti katta tergovchisi Javohir Qodirov, mavzu yuzasidan to‘liq ma’lumot berib shunday dedi.

“Mobil aloqa vositalarining mamlakatimiz hududiga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelishini oldini olish, mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni markazlashgan tizim sifatida tartibga solish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 847-son Qaroriga asosan “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi (UZIMEI) tashkil etilib, uning zimmasiga mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini ro‘yxatga olish, vazirlik va idoralar hamda telekommunikatsiya operatorlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishi yuklatilgan.

So‘ngi vaqtlarda, xorijiy davlatlardan mamlakatimizga kelayotgan fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlaridan uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda foydalanilib, ularning ma’lumotlari asosida “UZIMEI” mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi orqali, kelib chiqishi ma’lum bo‘lmagan mobil aloqa vositalari ro‘yxatga qo‘yilayotgani haqidagi murojaatlar soni ortib borayotganligi kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan, mazkur holatni muhokama etish maqsadida, joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi (UZIMEI) mas’ul xodimlari ishtirokida jami 3 marotaba ishchi uchrashuvlar o‘tkazilib, unda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida o‘zaro axborot almashinuvi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim talablarini sifatli tashkil qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari ko‘rsatmasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB, viloyatlar IIBlarida “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi bilan o‘zaro axborot almashinuviga mas’ul bo‘lgan tegishli xodimlari biriktirilib, 23-sentyabr kuni “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi (UZIMEI) ishtirokida onlayn videokonferensiya tashkil etilib, yuzaga kelgan savollar atroflicha muhokama etildi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-547-son Qonuni bilan himoyalanib, fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining

46-2-moddasiga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa-besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. O‘sha harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, yoxud bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirilib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilsa, yoxud og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 1412-moddasiga asosan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jumladan, joriy yilning 18-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi, Andijon viloyati IIB xodimlari bilan hamkorlikda Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, yuqorida qayd etilgan noqonuniy harakatlarni sodir qilgan uch nafar shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 1412-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 030011/2020-38-sonli jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovning yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinib, ushbu fuqarolarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov jarayonida, fuqaro bank filialidan o‘zining nomiga berilgan 5 ta plastik kartadagi pul mablag‘laridan “UZPAYNET” MChJ orqali jami 2158 ta uyali aloqa vositalarini qonunga xilof ravishda “Mobil qurilmalarini ro‘yxatga olish tizimi”ga qayd etishganligi aniqlangan. Ushbu xolatda gumon qilinuvchilar juda ko‘p miqdorni tashkil etgan 3115 ta mobil aloqa vositalarini Qirg‘iziston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga bojxona nazoratini chetlab aylanma yo‘llar bilan olib kirganligi aniqlangan.

Ayni vaqtda mazkur noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish yuzasidan Ichki ishlar organlari tomonidan tegishli tadbirlar davom ettirilmoqda”.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq