Mobil qurilmalarni IMEI kodlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan brifingda Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Qobulov bergan ma’lumot
25.09.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

24-sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Qobulov, mavzu yuzasidan to‘liq ma’lumot berib shunday dedi.

“Iste’molchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish hamda telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida 2018-yil 22-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 847-son qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan respublikada mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari asosida ro‘yxatga olish bo‘yicha Tizim ishlab chiqish yuzasidan ishlar amalga oshirila boshlandi.

Keyinchalik, mazkur qarorning mantiqiy davomi sifatida 2019-yil 17-sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining 778-son qarori qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

Mazkur Nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilgan mobil qurilmalarga IMEI (International Mobile Equipment Identifier, 15 ta raqamdan iborat) yoki xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodni Tizim operatori yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali ro‘yxatdan o‘tkazilishi joriy etildi.

Bugungi kunda chetdan olib kelingan mobil qurilmalarning IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun:

Birinchi holatda, mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida sotish uchun tadbirkorlik sub’ekti (importiyor) tomonidan BYuD asosida olib kirish:

Bu holatda, mobil qurilmalarning IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tadbirkor tomonidan BYuD taqdim etilishi lozim.

Bugungi kunda bojxona organlari tomonidan rasmiylashtirilgan BYuDlar hisobini yuritish bo‘yicha DBQ YaAAT dasturi “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi” DUKning dasturiy ta’minotlari bilan onlayn ravishda integratsiya qilinganligi sababli, tadbirkor taqdim etgan BYuDdagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda tekshirish yo‘lga qo‘yilgan.

Agar import qiluvchi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar BYuDda aks ettirilgan ma’lumotga mos kelmasa, qurilmalarning butun to‘plami ro‘yxatga olinmaydi.

Ma’lumot uchun, Tizim operatoriga tovar bo‘yicha ma’lumotlar BYuDning 31-grafasida nima ko‘rsatilgan bo‘lsa o‘sha ma’lumotlar ko‘rinadi (IMEI kodni ko‘rsatish majburiy emas).

Ikkinchi holatda, jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini o‘zlari kesib o‘tgan holda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan bojxona chegarasi orqali tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan normalaridan oshmagan miqdorda olib kirilgan mobil qurilmalarning IMEI kodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tganligini tasdiqlashi lozim.

Bunda ham jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (sana, usul va boshqa) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashish orqali murojaat etilgan sana va jismoniy shaxsning shaxsiy identfikatsion raqami qayd etilgan holda avtomatik tekshiriladi.

Shuningdek, me’yoridan ortgan qismi bo‘yicha Bojxona kirim orderi orqali bojxona to‘lovlarini ham to‘lash mumkin bo‘lib, mazkur ma’lumotlar ham Uz IMEI tizimiga integratsiya qilingan.

Uchinchi holatda, jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali olib kirilgan mobil qurilmalar faqat Tizim operatoriga o‘zi kelib murojaat etish orqali pochta identifikatorining shtrix kodi va kalendar shtempeli bo‘lgan konvert taqdim etilgan holda amalga oshiriladi.

So‘ngi vaqtlarda mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq muammoli holatlar ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb mavzuga aylandi.

Gap shundaki, xorijdan kelgan ko‘plab fuqarolar o‘zlari bilan olib kelgan mobil telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazishmoqchi bo‘lganida, ularning nomiga allaqachon boshqa mobil qurilmalar Uz IMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tganligi ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘layotgan edi.

Ushbu muammoli masala yuzasidan boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar qatorida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Davlat bojxona qo‘mitasining tunu-kun ishlab turadigan 11-08 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali mazkur masala yuzasidan fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, xabaringiz bor, qonunbuzarlik holatlarini aniqlash borasida olib borilgan tadbirlar natijasida ro‘yxatdan o‘tmagan mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali harakatlangan fuqarolarning nomlariga noqonuniy yo‘llar bilan ro‘yxatga qo‘yish, shaxslarga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ib, saqlab, ulardan g‘arazli niyatlarda foydalanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O.A. sheriklari M.B. va T.R.lar bilan tuzgan o‘zaro jinoiy rejaga ko‘ra qo‘shni davlatlarga o‘tishib, u yerda O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasport ma’lumotlarini telefon yordamida rasmga tushirib, “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali yuborib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelishgan.

Birgina fuqaro B.M.ning uyali aloqa vositasi ko‘zdan kechirilganida, telefon xotirasida O‘zbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport rasmlari borligi, u ushbu pasport ma’lumotlarni yig‘ib, jinoiy sherigi O.A.ga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 AQSh dollardan haq olganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur xolat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1412-moddasining 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, mobil qurilmalar importi 2019-yilning 1-yanvar – 15-sentyabr davrida 58 810 tani (4,6 mln. doll.) tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida 451 039 ta (29,8 mln. doll.) tashkil etdi.

Davlat byudjetiga 2019 yilning ushbu davrida 8,7 mlrd, so‘m, joriy yilda esa 72,6 mlrd. so‘m undirildi, ya’ni o‘tgan yilgan nisbatan 63,9 mlrd. so‘mga ko‘p.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tizim to‘liq amaliyotga joriy etilgandan so‘ng 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 15 sentyabrga qadar 911 882 ta (47,3 mln. doll.) import qilingan bo‘lib, davlat byudjetiga 100,1 mlrd. so‘m undirilgan.

Joriy yilda jami 4,9 mlrd. (2019 y. 6,2 mlrd.) so‘mlik 7 484 ta (2019 y. 7691 ta) uyali aloqa vositalarining noqonuniy olib o‘tish holatlari aniqlandi.”

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq