Telekommunikatsiya infratuzilmasi rivojlanishi — masofaviy ta’lim tizimining samarali ishlashiga xizmat qilmoqda
18.09.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

“Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturi doirasida respublikada telekommunikatsiyalar infrastrukturasini jadal rivojlantirish bilan bir qatorda, eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida ijtimoiy soha ob’ektlarini, jumladan, umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarida tezkor internetdan foydalanish imkoniyatini yaratish vazifasi belgilangan.

Bu, o‘z navbatida, yosh avlodning zamonaviy bilim olishi uchun zamin bo‘ladi.Jumladan, Xalq ta’limi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hamda pandemiya davrida o‘quvchilarga qulaylik yaratish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda respublikadagi 10 mingdan ortiq xalq ta’limi muassasalarining barchasiga optik tolali aloqa liniyalarini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Karantin rejimi e’lon qilingan vaqtdan boshlab o‘quvchilarga uydan bemalol fanlarni o‘zlashtirish uchun barcha mahalliy tarmoq va mobil operatorlari tomonidan ta’lim axborot-resurslari joylashtirilgan veb-saytlarga bepul kirish ta’minlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda 3 ta televizion kanal tashkil etildi. Ushbu kanallar orqali televizion videodars mashg‘ulotlarini respublika bo‘yicha bepul tarqatish yo‘lga qo‘yildi.
Masofaviy ta’lim berishda ustoz va murabbiylar uchun mobil aloqa xizmatlaridan qulay shartlarda foydalanish uchun maxsus “Ta’lim” tarif rejasi joriy etilgan.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan selektor yilishida belgilab berilgan topshiriqlari asosida masofaviy ta’lim uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratish maqsadida “O‘zbektelecom” AK maktab o‘quvchilari va talabalariga mo‘ljallangan simli Internet xizmatlari uchun maxsus “MAKTAB” va “TALABA” imtiyozli tariflarni ishga tushirdi.

“MAKTAB” tarif rejasi uchun abonent to‘lovi 55 000 so‘mni, “TALABA” tarif rejasi uchun abonent to‘lovi 59 000 so‘mni tashkil etib, bu o‘z navbatida maktab o‘quvchilari va talabalar uchun yana bir qulaylikdir.

“MAKTAB” tarif rejasi faqatgina maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tarif rejani faollashtirish o‘quvchining tug‘ilganlik guvohnomasi taqdim etilganda, ota-onalardan birining nomiga rasmiylashtirib beriladi.

“TALABA” tarif rejasi oliy va o‘rta maxsus o‘quv muassasalari (institut, universitet, litsey va kollejlar) talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun mo‘ljallangan. Ulanish chog‘ida talabalik guvohnomasi yoki ta’lim muassasasida tahsil olishini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish zarur.
Shuningdek, “O‘zbektelecom” AK kompaniyasi umumta’lim maktablarining o‘quvchilariga mo‘ljallangan yangi “MAKTAB” tarif rejasini ishga tushirdi.

“MAKTAB” tarif rejasi — bu o‘quvchilar uchun 29 900 so‘m oylik to‘lovi evaziga 5 000 MB Internet-trafik, tarif ichida 500 daqiqa (O‘zbekiston bo‘ylab 200 daqiqa) va 500 ta SMS taqdim etadigan mobil aloqa abonentlari uchun foydalidir.

Bundan tashqari, abonent masofaviy ta’lim olish uchun o‘quv va axborot platformalari resurslaridan bepul foydalanish imkoniyatini, shuningdek ZiyoNET xizmatining abonent to‘lovi uchun 50 foiz chegirmani qo‘lga kiritadi.

“MAKTAB” tarif rejasi abonentlari mobil internetdan qulay foydalanishlari uchun maxsus TA’LIM Internet-to‘plamlarini arzon va hamyonbop narxlarda sotib olish imkoniga ega bo‘ladilar.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, “MAKTAB” tarif rejasiga ulanish o‘quvchining ota-onasini hujjatlari bo‘yicha bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi asosida faqatgina Kompaniyaning sotuv va xizmat ko’rsatish ofislarida amalga oshiriladi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, yil boshidan bugungi kunga qadar internet tarmog‘iga keng polosali ulanish imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida 9 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurildi. Qurilgan optik tolali aloqa liniyalarining asosiy qismi ijtimoiy soha ob’ektlari uchun tashkil etildi.

O‘z o‘rnida ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini oshirish uchun magistral telekommunikatsiya tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlari darajasida 2 barobarga, tuman markazlarigacha esa 4 barobarga kengaytirildi.

Mobil aloqa xizmatlari qamrovini kengaytirish va xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida 1 375 ta qo‘shimcha yangi mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatildi va 1700 ta baza stansiyalari yuqori tezlikdagi internet texnologiyalari asosida modernizatsiya qilindi.

Bu yo‘nalishda ishlar davom ettirilmoqda. Yil yakuniga qadar yana 4 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari quriladi va 800 dan ortiq qo‘shimcha yangi baza stansiyalari o‘rnatiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq