“Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi normativ-huquqiy hujjat Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olindi
21.08.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Respublikamizda axborot-kommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish va raqamli iqtisodiyotni barpo etish borasida mazkur sohada zamonaviy qonunchilik bazani yaratish eng asosiy negizlaridan biri hisoblanadi. Bu yo‘nalishda mavjud bo‘lgan qonuniy va normativ-huquqiy hujjatlarni  bugungi kun talablariga va norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan “Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari” normativ-huquqiy hujjati ishlab chiqildi va Vazirlikning 2020-yil 30-iyun 208-mh-sonli-sonli Buyrug‘i bilan tasdiqlandi. Ushbu hujjat Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyun 3275-son bilan davlat ro‘yhatidan o‘tkazildi.

Mazkur normativ-huquqiy hujjat ilg‘or mahalliy va halqaro tajribadan kelib chiqqan holda ishlab chiqilib, respublikadagi telekommunikatsiya xizmatlari foydalanuvchilari uchun qulaylik yaratadi va axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirishga yanada turtki beradi. Mazkur hujjatning eng muhim jihati va afzalliklariga to‘htalib o‘tsak.

Birinchidan, mazkur Qoidalar unifikatsiyalashgan va takomillashtirilgan loyiha hisoblanib, o‘z ichiga AKT sohasida faoliyat ko‘rsatishda qator muhim masalalarni inobatga olgan: litsenziyalash, tadbikorlik faoliyatining erkinligini ta’minlash, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, shaxsga doir ma’lumotlar masalalari va boshqalar aks etgan.

Bu esa, o‘z navbatida, bozordagi xizmat ko‘rsatuvchi professional ishtirokchilar va abonentlar uchun qulaylik yaratib beradi, shu bilan birga qonuniy jihatdan ham ish yuritishni osonlashtiradi, yagona qoida va talablar asosida haqqoniy qarorlarni qabul qilishga zamin yaratadi.

Ikkinchidan, mazkur hujjat zamonaviy talablardan kelib chiqib o‘z ichiga dolzarb o‘zgarish va qo‘shimchalarni qamrab olgan. Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tartiblari, xizmatlar turlariga qarab, 1996 – 2018 yillar oralig‘ida qabul qilingan 10 ta normativ-huquqiy hujjatlar va 17 ta ularga kiritilgan o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar bilan tartibga solingan edi. Mazkur hujjatlar o‘tgan davrda texnika va texnologiyalarning hamda sohadagi biznes yuritish imkoniyatlarining rivojlanishiga mutanosibligini yo‘qotgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Qonunchiligidagi o‘zgarishlarni to‘liq qamrab olmay qolgan edi.

Xalqaro tajriba aksariyat holatlarda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish yagona hujjat bilan tartibga solinishini va ushbu tajribaning qator ijobiy jihatlarini namoyon qildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish yo‘nalishiga oid normativ-huquqiy hujjatlari qayta ko‘rib chiqilib, mavjud xizmat turlari yangilandi va zamonaviy xizmat turlari kiritildi. Yangi xizmat turlaridan mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamlarini ko‘chirish xizmatlarini taqdim etish tartiblari belgilandi.

Mazkur normativ hujjat yettita bo‘lim va 391 ta moddadan iborat bo‘lib, unda telekommunikatsiya sohasiga oid atamalar va ta’riflar ko‘rsatilgan, telekommunikatsiya xizmatlarini, jumladan, telefon, telegraf, mobil, internet aloqasi, televideniye, axborot-ma’lumot, qo‘riqlash xizmatlarni taqdim etish tartibi, operator, provayder hamda foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari, shartnomaviy munosabatlari batafsil ko‘rsatilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur hujjat AKT sohasida yagona qoidalarni belgilagan holda, mazkur sohani yanada rivojlantirishda mustahkam asos soladi. Eng muhimi, mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi hududida telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi operatorlar, provayderlar, dilerlar va eshittiruvchilar bilan foydalanuvchilar o‘rtasidagi telekommunikatsiya xizmatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatdir.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq