Akademik Telman Rajabov vafoti munosabati bilan hamdardlik
14.08.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi.

Materialshunoslik fizikasi, ilmiy asbobsozlik va mikroelektronlar texnikasi sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Telman Rajabov shu yil 12-avgustda 85 yoshida vafot etdi.

T.Rajabov 1935-yil 15-avgustda Samarqand shahrida tug‘ildi. 1959-yili N.Bauman nomidagi Moskva texnika universitetini tugatib, keyinchalik mazkur universitet aspiranturasida tahsil oldi. 1966-yili nomzodlik, 1980-yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 1995-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

O‘z mehnat faoliyatini 1959-yilda Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan iste’dodli olim qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Elektronika instituti laboratoriya mudiri, Markaziy ilmiy asbobsozlik konstruktorlik va texnologik byurosi direktori, Toshkent elektrotexnika aloqasi instituti rektori, Markaziy Osiyo telekommunikatsiya o‘quv markazi direktori, Toshkent elektrotexnika aloqasi institutining kafedra mudiri lavozimlarida samarali mehnat qilib, O‘zbekistonda ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish hamda yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Telman Rajabov mamlakatimizda fizikaviy materialshunoslik va mikroelektronikani ilmiy asbobsozlikda qo‘llash ilmiy yo‘nalishining asoschisi sifatida tanildi. Ushbu sohaning dolzarb ilmiy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab maqola va tadqiqotlari, monografiya va risolalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

Akademik T.Rajabovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Taniqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Telman Rajabovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Narbayeva, N.Ismoilov, A.Aripov, B.Yo‘ldoshev

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq