Kibersport rivoji yoʻlida yangi qadam – Uzbekistan Esports federatsiyasi IESF va AESF aʼzoligiga qabul qilindi
07.08.2020
Rukn: Kompyuter o‘yinlari.
Muallif: .

Uzbekistan Esports federatsiyasi Xalqaro elektron sport federatsiyasi (The International Esports Federation – IESF) va Osiyo elektron sport federatsiyasi (Asian Electronic Sports Federation – AESF) aʼzoligiga qabul qilindi. Bu haqda bugun xalqaro tashkilotlarning rasmiy saytlarida maʼlum qilindi.

IESFʼning maʼlum qilishicha xalqaro tashkilotga Uzbekistan Esports federatsiyasidan tashqari Janubiy Amerikadan Argentina va Gvatemala, shuningdek, Yevropadan Norvegiya va Irlandiya elektron sportfederatsiyalari ham aʼzo sifatida tan olingan.

Maʼlumot uchun, The International Esports Federation – IESF 2008-yilda Yevropa va Osiyoning 9 mamlakati aʼzoligida tashkil etilgan edi. Shundan buyon yildan-yilga ushbu xalqaro tashkilotga aʼzo boʻlayotganlar ortib bordi.

Hozirgi kunda tashkilotga 71 ta davlat aʼzo boʻlgan boʻlib, IESF jahonda elektron sport oʻyinlarining ommalashuvi rivojlanishi yoʻlida faol xizmat koʻrsatmoqda.

Shuningdek, Osiyo elektron sport federatsiyasi (Asian Electronic Sports Federation – AESF) ham Uzbekistan Esports federatsiyasining tashkilotga rasman aʼzo boʻlganligini eʼlon qilar ekan, Oʻzbekistonda ushbu sport oʻyinlari tobora rivojlanib borayotganini eʼtirof etdi.

Uzbekistan Esports federatsiyasi prezidenti Azizbek Pattaxov Asian Electronic Sports Federation ijroqoʻm aʼzoligiga ham qabul qilingan. Endi xalqaro tashkilot tomonidan muhim qarorlar qabul qilinayotganda Oʻzbekiston tomoni ham oʻz ovoziga ega boʻlmoqda.

Maʼlumot uchun, Uzbekistan Esports federatsiyasi 2016-yilda tashkil etilgan boʻlib, “Team Uzbekistan” — milliy terma jamoa sportchilari bilan xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston nomidan munosib ishtirok etib kelmoqda.

Bugungi kunda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan ham kibersportning mamlakatimizda professional sport turi sifatida keng rivoj topishi uchun Uzbekistan Esports federatsiyasi bilan hamkorlikda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har yili mamlakat ochiq chempionatlari tashkil etilib, iqtidorli sportchilarni saralab olgan holda terma jamoa aʼzolari shakllantirilmoqda.

Uzbekistan Esports federatsiyasi Alibaba Sports va SHOS Esports Siyan xalqaro tashkilotlarining ham aʼzosi sanaladi. Federatsiyaning bu tashkilotlar bilan uzoq yillik shartnomalari mavjud boʻlib, ular tomonidan tashkil etilayotgan yirik turnirlarda sportchilarimiz munosib ishtirok etib kelmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq