TATU talabalari “Big Idea Challenge” xalqaro tanlovida g‘olib bo‘lishdi
05.08.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari Britaniya Kengashi va London Metropolitan Universiteti tomonidan Creative Spark global dasturida doirasida tashkil etilgan Big Idea Challenge xalqaro tanlovida o‘zlarining ilg‘or g‘oyalari bilan ishtirok etishdi.

Quvonarlisi shundaki, ushbu xalqaro tanlovda TATU talabalari raqamli texnologiyalar yo‘nalishi bo‘yicha “Tabiat tomon qadam qo‘yish” loyihasi bilan g‘olib bo‘lishdi!

Loyiha g‘oyasi — standart dvigatelga ega avtomobillarni elektron avtomobilga aylantirish. Loyiha mualliflari — Yulduz Abriyeva, Abdulboriy Alimov, Sukhrobbek Khakimov.

G‘oliblar korporativ taʼlim va ijodiy tadbirkorlik sohasida tajribaga ega bo‘lgan milliy va xalqaro hakamlar hayʼati tomonidan tanlandi. Bundan tashqari, jamoatchilik ham ishni baholash va uning g‘olibini aniqlash imkoniga ega bo‘ldi. Xususan, 50 000 nafardan ortiq kishi o‘zlari yoqtirgan g‘oyalarga onlayn shaklda ovoz berdi.

Tanlov talabalarga qo‘shma loyihalarda ishtirok etish imkoniyatini beradi hamda innovatsion rivojlanish va tadbirkorlikning xalqaro tajribasi bilan tanishishga ko‘maklashadi.

Hozirgi kunda London Metropoliten Universiteti tomonidan tashkil etilgan ushbu loyiha ommalashgan bo‘lib, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydigan yagona dastur sanaladi.

Tanlov dasturining ahamiyatli tomoni shundaki, unda ishtirok etish va bosh mukofot olishdan tashqari yoshlar tanlovning har bir bosqichida o‘quv treninglarida taʼlim oladilar. Shunday qilib ular o‘z biznes g‘oyalarini rivojlantirib, ustidan ishlash imoniga ega bo‘lishadi. Ishtirokchilar boshqa mamlakat talabalari bilan hamkorlikda loyihalarda ishtirok etish yo‘li bilan innovatsiyalar va tadbirkorlikning xalqaro amaliyoti bilan tanishib, ingliz tili bilimini mustahkamlaydilar.

Eslatib o‘tamiz, tanlov Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina va O‘zbekistonda 2020-yil 2-martdan 2020-yil 19-iyulgacha bo‘lib o‘tdi. Tanlovda umumiy yuzdan ortiq xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan 500dan ziyod loyihalar taqdim etilgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq