Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
05.08.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mamlakatimizda aholiga koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va yordamning manzilliligini yana-da oshirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, aholini ijtimoiy himoya qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda.

Xususan, jahonda boʻlib oʻtayotgan koronavirus pandemiyasi aholining ehtiyojmand qismini qisqa muddatlarda aniqlash va ularni davlat tomonidan manzilli qoʻllab-quvvatlashning shaffof va samarali instrumentlari boʻlishini taqozo etmoqda.

Shu bilan birga, ushbu sohada zarur idoraviy axborot tizimlari, elektron resurs va maʼlumotlar bazalari mavjud emasligi qogʻozda ish yuritishdan voz kechish, davlat ijtimoiy xizmati yoki yordamini taqdim etish vaqtini qisqartirish imkoniyatini bermayapti.

Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishning yagona tizimini yaratish maqsadida:

1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:

2019-yilning 1-oktyabridan Sirdaryo viloyatida tajriba loyihasi doirasida bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa, 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqalar va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam (keyingi oʻrinlarda – ijtimoiy nafaqalar) tayinlashni koʻrib chiqish va belgilash tartib-taomillari “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda;

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi granti asosida beriladigan moliyaviy, texnik va ekspert koʻmagi asosida amalga oshirilmoqda;

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini respublika boʻylab joriy etish uchun kompyuter uskunalari va periferiya qurilmalarini sotib olish Jahon banki imtiyozli krediti hisobiga amalga oshiriladi;

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi egasi va foydalanuvchisi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hisoblanadi.

2. Belgilansinki:

2020-yilning 1-sentyabridan boshlab, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari 1-ilovaga muvofiq bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi;

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi “Elektron hukumat” tizimining tarkibiy qismidir;

jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (keyingi oʻrinlarda – shaxsiy identifikatsiya raqami) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida jismoniy shaxsning identifikatori hisoblanadi;

davlat ijtimoiy xizmatlari yoki yordamini taqdim etish doirasida davlat organlari va tashkilotlarining idoralararo elektron hamkorligi “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsion platformasi orqali amalga oshiriladi.

3. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini joriy etishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilansin:

idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllash vositasida oʻzaro hujjat almashish jarayonini avtomatlashtirish orqali davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etish uchun zarur boʻlgan maʼlumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlar sonini tubdan qisqartirish;

belgilangan mezonlarga muvofiq kam taʼminlangan oilalarning ehtiyojmandlik darajasini obyektiv baholash, davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etish jarayonlarini avtomatlashtirish orqali qarorlarni qabul qilishda subyektiv yondashuvni bartaraf etish;

aholining ehtiyojmand toifasi tarkibi oʻzgarishi dinamikasi monitoringi va tahlilini yuritish, ularni baholash mezonlarini respublika va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini hisobga olgan holda takomillashtirish;

davlat ijtimoiy xizmatlari va ijtimoiy yordam oluvchilarning doimiy yangilanib turadigan yagona maʼlumot bazasini shakllantirish;

manfaatdor vazirlik, idoralar va tashkilotlarning oʻzlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishda xizmatlarni bepul yoki imtiyozli asosda taqdim etishi uchun maʼlumot bilan taʼminlash.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 2-ilovada nazarda tutilgan hujjatlar va maʼlumotlar fuqarolardan talab etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali belgilangan tartibda kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan shaxslar yoki oilalar qoʻshimcha hujjatlar va maʼlumotnomalarni taqdim etmasdan 3-ilovaga muvofiq xizmatlar va imtiyozlarni ham olishga haqlidir;

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi va oʻn ikki oy davomida amal qiladi.

5. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi, manfaatdor vazirlik va idoralar axborot tizimlari oʻrtasida oʻzaro elektron hamkorlikni yana-da yaxshilash va kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Dastur ijrosi ustidan doimiy monitoring oʻrnatsin va chora-tadbirlarni bajarish muddatlarining buzilishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini koʻrish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining vazirlik huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga, uning hududiy boʻlinmalari va tuman (shahar) boʻlimlariga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy etilishini va faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun 5-ilovaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan saqlanadigan shtat birliklarini ajratish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

Belgilansinki, mazkur qarorning 5-ilovasida koʻrsatilgan shtat birliklarining:

200 tasi mehnat organlarining inspektorlar va mutaxassislari shtat birliklari;

125 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimi shtat birliklari;

100 tasi Davlat soliq xizmati organlari shtat birliklari maqbullashtirilishi hisobidan ajratiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparatida tasdiqlangan shtat birliklari doirasida fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalarni tayinlashga oid murojaatlari va shikoyatlarini qabul qilish boʻyicha shoʻbasi tashkil etilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2021-yilning 1-yanvariga qadar “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (keyingi oʻrinlarda – FHDYO organlari) arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanayotgan hujjatlarning elektron bazalarini shakllantirilishini taʼminlasin.

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi 2020-yil 1-sentyabrga qadar FHDYO organlari arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanadigan hujjatlar elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish uchun zarur boʻladigan qoʻshimcha xodimlarni vaqtincha ishga jalb etish va ularni joylashtirish choralarini koʻrsin, ularga zarur boʻlgan kompyuter va boshqa orgtexnika vositalari, ofis jihozlari, kanselyariya tovarlari, telefon va internet aloqasi bilan taʼminlasin, shuningdek, arxiv hujjatlari bilan ishlash tartibiga qatʼiy rioya qilinishini nazorat qilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq FHDYO boʻlimlari arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanadigan hujjatlar elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish, shuningdek, shartnoma asosida xodimlarni vaqtinchalik jalb etish hamda zarur kompyuter va boshqa orgtexnika vositalarini xarid qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan 30 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.

Belgilansinki:

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan mazkur qaror doirasida kompyuter va boshqa orgtexnika vositalari, istisno tariqasida, eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali xarid qilinishi mumkin;

“FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimida FHDYO organlarining arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanadigan hujjatlar elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish boʻyicha tadbirlar toʻliq yakunlangandan keyin, ushbu qaror doirasida xarid qilingan kompyuter va boshqa orgtexnika vositalari, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining taqsimotiga muvofiq tegishli tumanlar (shaharlar) umumtaʼlim muassasalariga belgilangan tartibda begʻaraz oʻtkazib beriladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashgan platformasi orqali “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi bilan idoraviy axborot tizimlari va resurslari oʻrtasida sifatli va toʻlaqonli axborot almashinuvini taʼminlasin, bunda Moliya vazirligiga har tomonlama, shu jumladan, zarur texnik koʻmak bersin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2020-yil yakuniga qadar Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish” loyihasi doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi toʻlaqonli va sifatli ishlashi uchun zarur boʻlgan serverlar, kompyuter va boshqa texnika vositalar, asbob-uskunalarni sotib olishni;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi funksional imkoniyatlarini kengaytirish;

“FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimida ariza beruvchining oila aʼzolari tarkibini aniqlash funksiyasi joriy etilganidan soʻng “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun arizalarni elektron tarzda onlayn rejimida qabul qilinishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda 2020-yil 1-oktyabrga qadar maʼlumotlar taqdim etish maxfiyligi va yopiqligini taʼminlash asosida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga ariza beruvchi va uning oila aʼzolari nomiga olingan pul oʻtkazmalari va ochilgan depozit hisobvaraqlaridagi qoldiqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olinganda ariza beruvchilar va ularning muomalaga layoqatli oila aʼzolari roziligi bilan taqdim etish imkoniyatini yaratish tavsiya etilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi oʻzlarining hamda tarkibidagi tashkilotlarning xizmatchilari va xodimlari, ularning oila aʼzolari (turmush oʻrtogʻi va bolalari) tomonidan ijtimoiy nafaqalar va kam taʼminlangan oilalar uchun nazarda tutilgan boshqa davlat ijtimoiy xizmatlarini olish uchun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali arizalar taqdim etishini cheklash va ularning koʻrib chiqilishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrsin.

12. Maxfiy.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi 2021-yil 1-yanvarga qadar “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimidagi fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlariga fuqarolarga tegishli boʻlgan shaxsiy identifikatsiya raqamini biriktirish orqali ariza beruvchining oila aʼzolari tarkibini aniqlash funksiyasi joriy etilishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

bir oy muddatda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda ustuvorlik daromadi nisbatan pastroq boʻlgan oilalarga berilishi nazarda tutilsin;

ikki oy muddatda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etishning yagona tizimini joriy etish, ijtimoiy nafaqalarni, xizmatlarni va yordamni tayinlashda asos qilib olinadigan muhtojlikni aniqlash mezonlarini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingunga qadar Sirdaryo viloyatining kam taʼminlangan oilalariga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi boshqa hududlarga ham tatbiq etilsin.

15. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu qaror maqsadi va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmogʻida keng yoritilishini taʼminlasin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 4-avgust

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq