O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jamoasi Qurbon hayiti bilan tabriklaydi
30.07.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Muhtaram vatandoshlar!

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jamoasi dunyodagi jamiki musulmon ummati uchun mo‘’tabar va qadrli, saodatli hamda ulug‘ ayyomda yurtimiz ahlini Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etadi.

Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizda olijanob fazilatlarni, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Mazkur ayyomning fayzu tarovatidan bahramand bo‘lib, jamiyatimizda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, muhtaram nuroniylar, ayollar va bolalarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ehtiyojmand insonlarga beg‘araz yordam berish singari savobli ishlarni amalga oshirishga intilamiz.

Bunday maqsad va harakatlar mamlakatimizni taraqqiy topgan davlatlar qatoriga olib chiqish, xalqimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan islohotlarimizning ma’no-mazmuniga har tomonlama uyg‘un va hamohang ekani ayniqsa e’tiborlidir.

Buyuk bobomiz Imom Buxoriy hazratlaridan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, “Chinakam musulmon o‘ziga ravo ko‘rgan barcha yaxshiliklarni boshqa insonlarga ham ravo ko‘radi”.

Darhaqiqat, hayotda ezgu va savob amallarni bajarib, oilasi, farzandlari, el-yurtining baxtu saodatini o‘ylab, halol mehnat qilib yashash musulmon ahli uchun iymon-e’tiqodning muhim sharti hisoblanadi.

Ishonamizki, dinu diyonatimiz va zamon ruhini qalbimizga chuqur singdirib, bugungi hayotning o‘tkir talabi bo‘lgan ilm-fan, axborot kommunikatsiya texnologiyalari va taraqqiyot yutuqlari bilan qurollanib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil xizmat qilsak, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga, albatta, yetamiz.

Niyati pok, maqsadlari ulug‘ xalqimizning shu tabarruk kunlarda qilayotgan barcha ibodatlari, ezgu duolari ijobat bo‘lsin!

Muqaddas ayyom – Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq