Agrar soha raqamlashtirilmoqda
29.07.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Raqamli texnologiyalarning eng katta yutug‘i — tashkiliy, moliyaviy va inson harajatlarni tejash orqali iqtisodiy samaradorligini keskin ravishda oshirish imkoniyatidir. Hozirda raqamli texnologiyalardan turli soha va tarmoqlarda keng foydalanilmoqda. Yurtimiz uchun eng dolzarb bo‘lgan shunday sohalaridan biri qishloq xo‘jaligi sohasidir. Mazkur sohada hozirgi paytda katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.

Yer hamda ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish yo‘nalishida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bugungi kunda 8 ta elektron davlat xizmatlari joriy qilingan bo‘lib, 50 mingga yaqin arizalar kelib tushgan.
Mazkur yo‘nalishda aholiga qo‘shimcha qator qulayliklarni yaratish, eng asosiysi mazkur yo‘nalishda “inson omili”ni cheklash maqsadida joriy yil yakuniga qadar 5 ta davlat xizmatlari takomillashtiriladi.

Yer munosabatlari, qishloq va suv xo‘jaligi resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish maqsadida raqamli hamda geoaxborot texnologiyalari tizimini joriy etish yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oldiga ham aniq vazifalar qo‘yilgan. Respublikamizda geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida sohada yetuk tajribaga ega bo‘lgan xorijiy kompaniyalarning tajribasi o‘rganildi.

Hozirgi kunda xorijiy kompaniyalarning yerni masofadan zondlash yo‘ldoshlari olgan kosmik suratlarni respublikamiz hududida qabul qilish va ularga ishlov berish uchun “virtual” qabul qilish stansiyasi (geoaxborot markazini)ni tashkil etish loyihasi bo‘yicha takliflar o‘rganilmoqda.

Mazkur loyiha — geoaxborot texnologiyalarini transfer qilish va mahalliy mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlashni ham o‘z ichiga qamrab oladi.

Buning natijasida kosmik suratlarni qabul qilish hamda ularga ishlov berish orqali geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishlari, noqonuniy qurilishlarning oldini olish ishlari samaradorligi ta’minlanadi.

Aytish joizki, bu borada aniq ishlar izchillik bilan rivojlanib kelmoqda. Masalan, Andijon shahrida yaqinda ochilgan IT-Park filialida — Digital City da “Monterra” nomli pilot loyiha amalga oshirilmoqda.Ushbu loyihaning maqsadi “sun’iy intellekt” texnologiyalarini yordamida Andijon viloyati sharoiti uchun moslashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining xolatini (sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili natijasida aniqlash orqali) ob’ektiv baholash hisoblanadi.

Loyiha doirasida Andijon viloyatining jami 6 ta maydonlari tanlab olinib, vektor formatida “Monterra” onlayn platformasiga joylashtirildi.

Shuningdek, yer egalariga uchun sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari yordamida ekinlar holatiga tegishli hulosalar beriladi.

“Monterra” onlayn platformasi orqali qishloq xo‘jaligi yerlarini sun’iy yo‘ldoshlardan foydalangan holda, xaritalarning turli xil murakkabliklarini yaratish uchun yerning muayyan hududlarini tasvirga oladi va keyinchalik hosildorlikni tahlil qilish uchun tizimda saqlaydi.

Bu loyihaning asosiy ustunlik jihatlari quydagilar:

— qishloq xo‘jaligi sohasida tarixiy tasvirlarni yillar kesimida taxlil qilish;

— qishloq xo‘jaligi sohasida olingan tasvirlarni ma’lumotlar solishtirish;

— topografik va kadastr xaritalarini yaratish;

— qishloq xo‘jaligi maydonlarini relefini tahlil qilish;

— paxta va g‘alla o‘sish jarayonlarini (vegetatsiya) davrida onlayn kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi;

— yer maydonlarida ekilgan ekinlarning turi va holati haqida ma’lumatlarni to‘playdi.

Mazkur loyihani amalga oshirishda Texnopark qoshida yangi rezident tashkil etiladi va 7 nafar malakali dasturchilardan iborat mutaxassislarni qishloq xo‘jaligi sohasida malakasi oshiriladi.

Mazkur platforma hozirgi kunda Davergeodezkadastr qo‘mitasining “Yer axborot” tizimi bilan o‘zaro integratsiya qilindi.

Loyiha sentyabr oyida ishga tushadi va Andijon viloyatidagi barcha ekin maydonlarining tahliliy ma’lumotlari shakllantirilib, yer egalariga taqdim etish imkoniyati yaratiladi.

21-iyul kuni Prezidentimiz yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yildi.

Jumladan, yig‘ilishda, kadastr idoralari zimmasiga yerning hisobi va balansini yuritish, yil yakuniga qadar yer turi, konturi, chegarasi va foydalanuvchisi haqidagi ma’lumotlar jamlangan axborot tizimini ishga tushirish vazifasi yuklandi.

Endi yer ajratish to‘g‘risidagi qaror mazkur tizimga kiritilsagina haqiqiy hisoblanadi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh kanallarini ijaraga olish va signallarni qayta ishlash tizimini tashkil etishga ko‘rsatma berildi. Bu esa kosmosuratlarni yillar bo‘yicha taqqoslash orqali hosildorlikni tahlil qilish, yerlarning meliorativ holatini muntazam o‘rganishda qo‘l keladi.

Yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi maydonlarini elektron tanlov va auksion asosida ajratish tartibini joriy qilish, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yer toifalarini optimallashtirish borasidagi ishlar o‘z vaqtida bajarilishida vazirligimiz boshqa mutasaddi tashkilot va idoralar bilan yaqindan hamkorlikda ish olib boradi.

Yerning o‘lchamidan tortib, tahliligacha bo‘lgan amaliy jarayonlarni sun’iy yo‘ldoshlar yoki dronlar orqali amalga oshirish mumkin. Shu bois, yil oxiriga qadar ushbu yo‘nalishda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, jumladan, qishloq xo‘jaligida kartografiya, yerlarning hisobi, tahlilini raqamlashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Zero, bugun qishloq xo‘jaligini raqamlashtirmasdan turib sohada raqobatbardoshlikni oshirish, bu boradagi siyosatni belgilash juda qiyin.

Mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq