“IT Park Rewind” onlayn marafoni yakuniga yetdi
28.07.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

2020-yilning 24-iyul sanasida “IT Park Rewind” onlayn marafoni boʻlib oʻtdi. Unda quyidagi mavzular yoritildi: IT taʼlim, sifatli taʼlim olish uchun bepul platformalar, universitetlar uchun muqobil tavlov, oʻyin ishlab chiqish sohasi istiqbollari, IT sohasida muvaffaqiyatli karyera qilish, talabalar IT tadbirkorligi, Oʻzbekiston startap bozori tadqiqotlari.

Keling, biroz ortga nazar solsak.

2018-yil 30-sentyabr 2-oktyabr kunlari boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindiston Respublikasiga birinchi tashrifi davomida oʻzbek va hind Tomonlari IT sohasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishib oldilar. Oʻzbekiston tomoni hind axborot texnologiyalari kompaniyalari bilan hamkorlikda, ularning dasturiy taʼminot ishlab chiqish hamda startaplarni tezlashtirishdagi ilgʻor tajribalari asosida Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari parkini yaratish boʻyicha qiziqishlarini bildirdi. Shu tariqa, aytish mumkinki, IT Park Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusiga koʻra yurtimizda startap ekotizimini hamda startap loyihalarni yaxshilash va ularni realizatsiya qilish maqsadida yaratildi.

Oʻzbekistondan ilk IT Park ochilishi 2019-yilning 24-iyul kuni boʻlib oʻtdi, shu tufayli aynan shu kuni, ochilishning bir yilligiga bagʻishlab IT Park “IT Park Rewind” onlayn marafonini oʻtkazdi.

Onlayn marafon 4 soat-u 39 daqiqa davom etdi va oʻzida mazmunga boy dasturni jamladi. Spikerlar Googleʼda ishlash uchun oliy maʼlumot zaruriyati bor yoki yoʻqligi, IT sohasida muvaffaqiyatli karyera qilish uchun qanday koʻnikmalar zarurligi va ushbu koʻnikmalarni qay yoʻl bilan oshirish mumkinligi haqida soʻzladilar, Oʻzbekistonda robototexnika va kibersport mavzusini yoritdilar, startaplar, IT taʼlim, frilans istiqbollari va koʻplab boshqa mavzular haqida suhbatlashdilar.

5 daqiqalik tanaffus vaqtida onlayn marafonning barcha ishtirokchi va mehmonlari kichik mashq qildilar va fitnes murabbiy qoʻl ostida jismoniy chigal yozdi mashqlarini bajardilar.

Shuningdek, Dubai Future Foundation bosh operatsion direktori oʻrinbosari Abdulaziz Aljaziri Janobi Oliylari “One Million Uzbek Coders” talabalariga tabrik soʻzlari aytilgan videorolik tayyorladi va ularning barchasiga omad tiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bir necha marta “One Million Uzbek Coders” loyihasi borasida fikr bildirdi va yangi oʻquv yilidan boshlab ushbu loyiha maktab va universitetlar oʻquv dasturiga kiritiladi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning eng yaxshi frilanserlari onlayn marafon mehmonlariga frilans, qanday qilib frilans platformalarida pul ishlash va buning uchun qanday koʻnikmalarga ega boʻlish lozimligi haqida gapirib berdilar.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, onlayn marafon koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi va hamyurtlarimizning IT sohadagi imkoniyatlarini, shuningdek, yoshlarning ushbu sohaga boʻlgan yuqori qiziqishlarini koʻrsatib berdi.

Onlayn marfonni quyidagi havola orqali tomosha qilish mumkin: https://www.youtube.com/watch?v=I2qtxfc25e4

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq