Agrar sohada ham raqamli texnologiyalar keng joriy qilinadi
23.07.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Bugungi kunda yer munosabatlari, qishloq va suv xo‘jaligi resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish maqsadida raqamli hamda geoaxborot texnologiyalari tizimini joriy etish yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oldiga ham aniq vazifalar qo‘yilgan.

Respublikamizda geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida sohada yetuk tajribaga ega bo‘lgan xorijiy kompaniyalarning tajribasi o‘rganildi.

Hozirgi kunda xorijiy kompaniyalarning yerni masofadan zondlash yo‘ldoshlari olgan kosmik suratlarni respublikamiz hududida qabul qilish va ularga ishlov berish uchun “virtual” qabul qilish stansiyasi (geoaxborot markazini)ni tashkil etish loyihasi bo‘yicha takliflar o‘rganilmoqda.

Mazkur loyiha — geoaxborot texnologiyalarini transfer qilish va mahalliy mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlashni ham o‘z ichiga qamrab oladi.
Buning natijasida kosmik suratlarni qabul qilish hamda ularga ishlov berish orqali geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishlari, noqonuniy qurilishlarning oldini olish ishlari samaradorligi ta’minlanadi.

Shuningdek, qishloq hamda suv xo‘jaligi, tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ekologiya, arxeologiya, shaharsozlik hamda yo‘l qurilishi, chegara nazorati, xavfsizlik va mudofaa sohalaridagi ayrim masalalarni hal etish tizimi ham yaratiladi.

Yer hamda ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish yo‘nalishida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bugungi kunda 8 ta elektron davlat xizmatlari joriy qilingan bo‘lib, 50 mingga yaqin arizalar kelib tushgan.

Mazkur yo‘nalishda aholiga qo‘shimcha qator qulayliklarni yaratish, eng asosiysi mazkur yo‘nalishda “inson omili”ni cheklash maqsadida joriy yil yakuniga qadar 5 ta davlat xizmatlari takomillashtiriladi.

Qishloq xo‘jaligi yerlari va ularda yetishtiriladigan ekinlar holatini tezkor va aniq baholash maqsadida kosmik ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha Andijon viloyatida tajriba loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Andijon viloyatining maydonlari vektor formatida “Monterra” onlayn platformasiga kiritilmoqda.

Andijon texnoparkida qishloq xo‘jaligi yerlarni sun’iy intellekt yordamida boshqarish bo‘yicha innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu tajriba (pilot) loyiha qishloq xo‘jaligi yerlari va ularda yetishtiriladigan ekinlar xolatini sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish orqali tezkor va aniq baholash imkonini beradi.

Ushbu loyihaning maqsadi “sun’iy intellekt” texnologiyalari yordamida Andijon viloyati sharoiti uchun moslashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining xolatini (sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili natijasida aniqlash orqali) ob’ektiv baholash hisoblanadi.

Loyiha doirasida dastlabki bosqichda Andijon viloyatining jami 6 ta maydonlari tanlab olinib, vektor formatida “Monterra” onlayn platformasiga joylashtirildi. Shuningdek, yer egalariga sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari yordamida ekinlar holatiga tegishli hulosalar beriladi.

“Monterra” onlayn platformasi orqali qishloq xo‘jaligi yerlarini sun’iy yo‘ldoshlardan foydalangan holda, xaritalarning turli xil murakkabliklarini yaratish uchun yerning muayyan hududlarini tasvirdan o‘tkazadi va ular keyinchalik hosildorlikni tahlil qilish uchun tizimda saqlanadi.

Bu loyihaning asosiy ustunlik jixatlari quydagilar:

— qishloq xo‘jaligi sohasida tarixiy tasvirlarni yillar kesimida taxlil qilish;

— qishloq xo‘jaligi sohasida olingan tasvirlarni ma’lumotlar solishtirish;

— topografik va kadastr xaritalarini yaratish;

— qishloq xo‘jaligi maydonlarini relefini tahlil qilish;

— paxta va g‘alla o‘sish jarayonlarini (vegetatsiya) davrida onlayn kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi;

— yer maydonlarida ekilgan ekinlarning turi va holati haqida ma’lumatlarni to‘playdi.

Mazkur loyihani amalga oshirishda Texnopark qoshida yangi rezident tashkil etiladi va 7 nafar malakali dasturchilardan iborat mutaxassislarni qishloq xo‘jaligi sohasida malakasi oshiriladi.

Mazkur platforma hozirgi kunda Davergeodezkadastr qo‘mitasining “Yer axborot” tizimi bilan o‘zaro integratsiya qilindi.

Loyiha sentyabr oyida ishga tushadi va Andijon viloyatidagi barcha ekin maydonlarining tahliliy ma’lumotlari shakllantirilib, yer egalariga taqdim etish imkoniyati yaratiladi.

21-iyul kuni Prezidentimiz yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oldiga ham bir qator vazifalar o‘yildi.

Jumladan, yig‘ilishda, kadastr idoralari zimmasiga yerning hisobi va balansini yuritish, yil yakuniga qadar yer turi, konturi, chegarasi va foydalanuvchisi haqidagi ma’lumotlar jamlangan axborot tizimini ishga tushirish vazifasi yuklandi.

Endi yer ajratish to‘g‘risidagi qaror mazkur tizimga kiritilsagina haqiqiy hisoblanadi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh kanallarini ijaraga olish va signallarni qayta ishlash tizimini tashkil etishga ko‘rsatma berildi. Bu esa kosmosuratlarni yillar bo‘yicha taqqoslash orqali hosildorlikni tahlil qilish, yerlarning meliorativ holatini muntazam o‘rganishda qo‘l keladi.

Yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi maydonlarini elektron tanlov va auksion asosida ajratish tartibini joriy qilish, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yer toifalarini optimallashtirish borasidagi ishlar o‘z vaqtida bajarilishida vazirligimiz boshqa mutasaddi tashkilot va idoralar bilan yaqindan hamkorlikda ish olib boradi.

Yerning o‘lchamidan tortib, tahliligacha bo‘lgan amaliy jarayonlarni sun’iy yo‘ldoshlar yoki dronlar orqali amalga oshirish mumkin. Shu bois, yil oxiriga qadar ushbu yo‘nalishda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, jumladan, qishloq xo‘jaligida kartografiya, yerlarning hisobi, tahlilini raqamlashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Zero, bugun qishloq xo‘jaligini raqamlashtirmasdan turib sohada raqobatbardoshlikni oshirish, bu boradagi siyosatni belgilash juda qiyin.
Mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq