Yurtimizda real vaqtda ishlay oladigan ilk innovatsion telemeditsina klinikasi ish boshladi
21.07.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2020-yilning 17-iyul kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi va Sogʼliqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda respublikada ilk bor telemeditsina amaliyotiga start berdi. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali professor va shifokorlari Moʼynoq tumanidagi 18 yoshgacha boʼlgan surunkali kasalliklari bor bolalarni real vaqtda masofadan tibbiy koʼrikdan oʼtkazdilar. Tibbiy koʼrik jarayonida bolalar tekshirilib, ularga eng maqbul davo choralari tavsiya qilindi. Yurtimizning chekka hududlaridan biri Moʼynoq tumanida istiqomat qiluvchi bolalar mazkur tumanda tashkil etilgan zamonaviy Innovatsion telemeditsina klinikasiga kelib, yurtimizning eng yetuk shifokorlaridan maslahatlar oldilar.

Mazkur Innovatsion telemeditsina markazi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yurtimizning chekka hududlaridan biri Moʼynoq tumanida tashkil etildi. Tuman hokimligi ajratgan yer maydonida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining Moʼynoqni rivojlantirish maxsus boshqarmasi bilan hamkorlikda mazkur klinika binosi qurib bitirildi hamda АQShning AMD kompaniyasi bilan hamkorlikda telemeditsinaga oid barcha kerakli asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Klinikaning asosiy vazifasi Moʼynoq misolida Oʼzbekistonda ilk bor chekka hududlarda joylashgan aholini Respublika markazidagi malakali shifokorlar va dunyoni istalgan nuqtasidagi tibbiyot muassasalaridagi mutaxassislar bilan real vaqt oraligʼida bogʼlanib (onlayn) tibbiy koʼrikdan oʼtkazish va sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish, terapevtik davo maslahatlarini olish imkonini beradi.

Shifokor bemorni real vaqtda masofadan videotasvirini koʼribgina qolmay, uning ichki organlaridagi oʼzgarishlarni (ultratovush apparati), teri qoplamini (dermaskop), LOR kasalliklarini (otoskor), yurak kon-tomir kasalliklarini (Stetoskop, tanometr, pulьsoksimetr va YeKG), koʼz kasalliklarini (oftalmoskop) va boshqa jihozlar yordamida xuddi bemor yonida koʼrik oʼtkazilgan sifat bilan teng sifatli tekshiruv usullaridan foydalanib bemorga tashxis va terapevtik davo oʼtkazish imkoni mavjud. Bunda bemorning chekka hududdan Markazga kelishiga hojat qolmasligi muhimdir.

Bu turdagi Innovatsion telemeditsina klinikalarini kelajakda barcha viloyatlar chekka hududlarida tashkil etish orqali aholining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi rejalashtirilmoqda. Bu xalqimiz hayot sifatini yaxshilanishiga, chekka hududlarda yashovchi hamyurtlarimizning tibbiyot xizmatlaridan bahramand boʼlishiga xizmat qiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq