Ikki filologning qanday qilib onlayn ta’lim platformasi yaratganligi va daromad olgani haqida hikoya!
05.07.2020
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Prezidentimizning 2020-yil 18-iyundagi uchunchi tashabbusini amalga oshirish maqsadida Buxoroda IT mutaxassisliklari hamda kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishga mo’ljallangan yangi IT Markaz o’z eshiklarini ochdi.

Ochilish marosimida biz Buxorodan kelgan yosh va iqtidorli mutaxassis Mironshoh Mustafayev bilan suhbatlashishga muvaffaq bo’ldik. U qanday qilib IT sohasiga kirib kelgani haqida so’zlab berdi.

Mironshoh Mustafayev 24 yoshda, Buxoro davlat universiteti ingliz filologiyasi fakulteti bitiruvchisi. Shuningdek, u «WebClass» (onlayn ta’lim) deb nomlangan loyihaning asoschilaridan biri hamda IT Park inkubatsiya va akseleratsiya dasturining ikkinchi to’lqini startapchisi.

— Ta’lim sohasida platforma yaratish g’oyasi qayerdan paydo bo’ldi?

— Men hamkasbim Sardor bilan ingliz filologiyasi fakultetida birga o’qidik, kelajakdagi sohamizga ko’ra ingliz tili o’qituvchilari hisoblanardik. Biz chet tillar fakultetlarida repititor sifatida ishlab, daromad oluvchi ko’plab do’stlarimiz borligini bilardik. Shuni hisobga olgan holda, sherigim ta’lim platformasi yaratish va u yerda o’qituvchilar har kimni onlayn tarzda, erkin grafik asosida o’qitish haqida o’ylardi. Boshida men bunga qarshi edim, chunki o’sha paytlar O’zbekistonda internet juda sust ishlar va qimmat edi. Lekin asta-sekin internet sifatini yaxshilana bordi, narxlar kamaydi.

Loyihani, dastavval, Buxoroda ishga tushirdik. Biz o’qitishni IMO mobil ilovasida boshladik, chunki Zoom hali juda mashhur emas va Skypedan faqat kompyuteri borlar foydalana olardi. Biz juda past narxga, deyarli bepul ta’lim berdik. Biz faqat bu qanday samara berishini ko’rishni istadik. Taxminan 4-5 oydan so’ng, odamlar javob bera boshladilar va qiziqish bildirishdi. Biroq onlayn ta’limning mohiyatini tushunadigan investorlarni topish biz uchun qiyin edi, chunki o’sha paytda hech kim pandemiya yaqin orada boshlanishi va hamma narsa onlayn rejimga o’tishi haqida o’ylamagandi.

— Loyihani qanday qilib ishga tushirdingiz?

— G’oyaning o’zi 2018-yilda tug’ilgan, 2019-yil yanvar oyida uni takomillashtira boshladik, fevral oyida esa, biz o’z saytimizni yaratdik. Dastlab, do’stlarimizni to’pladik, operatorni yolladik va biznesni boshladik. Loyiha boshida bizda deyarli hech qanday ish haqi yo’q edi. Biz hammamiz oddiy talabalar edik, xolos. Mukammal platformani 6 oy ichida yaratishga muvaffaq bo’ldik. Ammo hozirgi platformamizni ham 100% kamchiliklardan holi, deb atay olmaymiz. Chunki hali ham bajarishimiz kerak bo’lgan, amalga oshirilmagan g’oyalarimiz bisyor. Bundan tashqari, platforma hali tas-ix da ishlamaydi.

— Loyihani ishga tushurish uchun jamoada qancha odam bor edi?

— O’sha paytda hammamiz ham startap nima ekanligi haqida muayyan tushunchaga ega emas edik, lekin intiluvchan bo’lganligimiz sababli ko’pchilikda loyihamiz qiziqish uyg’otdi. Avvaliga jamoada 10-15 kishi bor edi, ular orasida musiqachilar, fotosuratchilar va filologlar ham bor edi. Ammo barchamiz universitetni tugatib, o’z yo’limiz bo’yicha ketdik.

— Qanday muammolarga duch keldingiz?

— Bizning asosiy muammo — bu investor izlash, deyish mumkin. Investorlar bilan bog’lanish va umuman, loyiha ishlayotganligini isbotlash juda qiyin edi. Biroq, pandemiya boshlanganidan so’ng, investorlarning o’zlari bizni chaqirib, ishlarimiz qanday ketayotganini so’ray boshladilar.

Bundan tashqari, dastlabki bosqichda hech kim bizga ishonmadi, chunki bizda narxlar past edi. Hech kim bu loyihaning kelajagini ko’rmadi, hatto biz umidsizlikka tushgan paytlar ham bo’ldi. Men va mening sherigim Sardor yolg’iz qolgan edik, biz ham operatorlar, ham o’qituvchilar vazifasini bajarishimiz va sinov darslarini o’zimiz bajarishimiz kerak edi. Men bu loyihani qo’llab-quvvatlashga harakat qildim, chunki men Sardorni yolg’iz qoldirolmadim. Mana 6-7 oy o’tib, biz nihoyat daromad oldik.

— Ikki filolog qanday qilib platforma yaratishga muvaffaq bo’ldi?

— O’sha paytda, men IT sohasiga qiziqmas edim, saytlar yaratishdan esa, umuman xabarim yo’q edi. Sardorning boshlang’ich tajribasi bor edi, u videolar yaratish, tahrirlash, saytlar, dasturlar qanday yozilishini bilardi. Bizning birinchi prototipimizni Sardorning o’zi yaratgan, chunki dasturchilar uchun haq ajratolmas edik. U WordPress shablonlaridan foydalanib, barchasini o’zi yaratdi.

— Sizning birinchi mijozlaringiz kim edi?

— Bizning ilk mijozlarimiz chet eldagi o’zbek diasporasi bo’ldi. GreenCardni qo’lga kiritgan, Amerikada yashaydigan, ammo ingliz tilini bilmagan odamlar bor. Rossiya, Koreya, Germaniya va boshqa mamlakatlardagi o’zbekistonliklar uchun narxlarimiz juda past, bundan tashqari, bizning o’qituvchilarimiz har doim erkin grafikka moslashadi. Shuning uchun, mijozlarimiz o’zlarining o’quv dasturlarini tuzishlari va qachon va qanchalik tez-tez o’rganishlarini hal qilishlari mumkin. Bu kech tun yoki erta tong bo’ladimi-bizning o’qituvchilarimiz ular uchun saboq berishga tayyor.

— “Webclass” ayni kunlarda qaysi bosqichda?

— Bugungi kunga qadar, platformamiz 200 dan ortiq bituruvchi tamomladi, 25 nafar o’qituvchimiz faoliyat yuritmoqda va 60 nafar o’quvchi tahsil olmoqda. O’ylaymanki, bugungi kunda biznesimiz muvaffaqiyatga erishyapti, men bunday daromadni kutmagan edim. Pandemiya davrida odamlar «WebClass» ga katta qiziqish bildirishdi, chunki biz doimo sifatga e’tibor qaratamiz. Men o’zim ham dars beraman, shuning uchun har bir o’qituvchini shaxsan tanlayman. Darslarning sifati haqida savollar bo’lishi mumkin emas. Shu tufayli, biz sarafan marketingdan foydalandik hamda Koreya, Amerika va boshqa mamlakatlardagi ko’plab talabalar bizning kurslarimizni boshqalarga tavsiya qila boshladilar. Endi «WebClass» muvaffaqiyatga erishmoqda va biz uni kengaytirib va ta’lim platformamizni yakunlay olamiz.

— Loyihaning investori bormi yoki buyurtmalar orqali daromad ko’radimi?

— Hozirda, taklifimizni qachonlardir rad qilgan, ammo keyin loyiha naqadar istiqbolli ekanligini anglagan investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Katta yordam IT Park tomonidan taqdim etilmoqda, ular biz uchun yaxshi investorlar izlaydilar. Shuningdek, “WebClass” “OneMillionUzbekCoders” loyihasi doirasida buxorolik informatika o’qituvchilarini o’qitish dasturining bir qismi bo’ladi.

— Siz loyihangizni Buxoroda boshladingiz, bugungi kunda uni Respublika miqyosida, deb hisoblay olasizmi?

— O’ylaymanki, uni allaqachon global deb atash mumkin. Buxoroda biz ushbu loyihani noldan, hech narsasiz boshladik. Hatto, internet uchun o’qituvchilarimiz cho’ntagidan pul to’lashdi. Oktyabr oyida Toshkent, Samarqand, Namangan va hatto, Koreyadan o’qituvchilar ham bor edi. Biz o’qituvchilarga e’tibor qaratamiz, ular erkin xodimlar sifatida sifatli ish qilishlarini xohlaymiz. O’qituvchilar yuqori maoshga ega emasligi sababi — bu kasb juda mashhur emas. Lekin biz ular uchun frilanserlar sifatida pul topish va butun dunyoga ta’lim berish imkoniyatini yaratmoqdamiz, masalan, bizning o’qituvchimiz Jahongir nemis tilini rossiyalik bolalarga o’rgatadi. Shuningdek, qirg’izistonlik talabani o’qitadigan koreys tili o’qituvchisi ham bor.

— Kelajak uchun rejalaringiz qanday?

— Boshidanoq biz “Skyeng” analogini yaratmoqchi edik, shuningdek, Markaziy Osiyo, Rossiya va boshqa mamlakatlar bozorlariga kirishni maqsad qilganmiz. Maqsadimizga yetish uchun dastlabki qadamlar, allaqachon, bizning davlat tomonidan amalga oshirildi — televideniyada onlayn darslar bor, onlayn ta’lim platformalar yaratilgan. Yutug’imiz biz nafaqat qo’shni bozorlarni, balki chet ellarni ham qamrab oldik. Bundan tashqari, tas-ix zonasida yuqori sifatli analog video oqimini yaratmoqchimiz, bu o’z navbatida talabalarimiz uchun internet xarajatlarini tejash imkonini beradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq