“Elektron shifoxona” namunaviy axborot tizimini joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi
03.07.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2020-yil 2-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Elektron sog‘liqni saqlash tizimi — tibbiyot kelajagi” mavzusida videokonferensaloqa tarzida davra suhbati o‘tkazildi.

Ushbu tadbir koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq pandemiyaga qarshi kurashish davrida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan qabul qilingan Prezident qarorlari va topshiriqlari, shu jumladan, zamonaviy tibbiyotda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalar bilan bog‘liq dolzarb vazifalar ijrosi yuzasidan muhokamalar olib borish hamda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish va elektron sog‘liqni saqlash tizimini joriy etishni tezlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida o‘tkazildi.

Kengaytirilgan yig‘ilishda “Yagona elektron tibbiy karta” axborot tizimini, shuningdek, “Shifokor qabuliga yozilish” elektron xizmatini joriy qilish imkoniyatlarini ta’minlovchi “Elektron poliklinika” namunaviy axborot tizimini joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bemorlarni ro‘yxatga olish hamda statsionarni boshqarishni avtomatlashtirish va boshqa imkoniyatlar bilan ta’minlovchi “Elektron shifoxona” namunaviy axborot tizimini joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Shuningdek, deputatlar tomonidan joylarda amalga oshirilayotgan ishlarga to‘siq bo‘layotgan salbiy omillar, muammolar bo‘yicha tahlillar, mulohazalar asosida qator savollar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, sog‘liqni saqlash tizimining quyi bo‘g‘inlarida AKT mutaxassislarining yetishmasligi, ayniqsa, shahar-tumanlardagi tibbiy muassasalar tarkibiy tuzilmalarida bunday mutaxassislar uchun shtatning o‘zi yo‘qligi, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi oilaviy poliklnika va shifoxonalarda internet tarmog‘i va uning sifati talab darajasida emasligi, Prezident qarorlarida belgilangan elektron sog‘liqni saqlash amaliyotiga doir axborot tizimlariga tegishli loyihalarning o‘z muddatida bajarilishi uchun ham moliyaviy, ham moddiy, ham malakaviy tayyorgarlikning sustligi, joylarda axborot texnologiyalarini rivojlantirishga oid mutasaddilarning bajarilayotgan ishlarni yetarli olib bormayotganliklari, bu borada o‘zaro hamkorlikning sustligi munozaralarga sabab bo‘ldi. Muammolar ro‘y-rost muhokama qilindi.

Yig‘ilish davomida dolzarb vazifalarning amalga oshirilishi bo‘yicha tegishli tizim va soha mutaxassislari tomonidan ma’lumotlar taqdim etildi.

Xususan, Sog‘liqni saqlash hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari tomonidan davlatimiz rahbarining “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari bajarilish holati bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Tadbirda “Elektron poliklinika” axborot tizimi ishlab chiqilib, Toshkent shahrining 62 ta oilaviy poliklinikasiga joriy etilganligi, zamonaviy AKT va tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan 150 ta reanimobil yetkazib berilganligi, Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasining “CALL” markazi ta’mirlanib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlanganligi qayd etib o‘tildi.

Shuningdek, dasturchilar markazi tomonidan avtomatlashtirilgan tez tibbiy yordam boshqaruv tizimi joriy etilgan. “Elektron shifoxona” namunaviy axborot tizimini ishga tushirish, “Yagona tez tibbiy yordam” axborot tizimini “Elektron sog‘liqni saqlash” tizimiga integratsiya qilish, “Elektron retsept” axborot tizimini joriy etish va boshqalar yuzasidan ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan hamda ular bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni ro‘yxatga olish va monitoring qilish bo‘yicha yagona axborot tizimi yaratilgani va joriy etilgani tadbir ishtirokchilarining e’tirof etildi.

Tadbirda taqdim etilgan axborotlar va o‘tkazilgan muhokamalar asosida tegishli qaror qabul qilindi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq