Xalqaro standartlarga mos bepul mashg‘ulotlar
12.06.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Yangi O’zbekiston” gazetasida 2020-yil 12-iyun kuni, 106-sonida “Xalqaro standartlarga mos bepul mashg’ulotlar” nomli maqola chop etildi.

Mazkur maqolada O‘zbekistonda «Bir million dasturchi» yirik megaloyihaning mazmuni, maqsadlari va amalga oshirish jarayonlari to’g’risida yoritib ko’rsatilgan.

«Bir million dasturchi» loyihasi

Xalqaro standartlarga mos bepul mashg‘ulotlar

Mamlakatimizda zamonaviy dasturlash texnologiyalarini o‘zlashtirgan kadrlarni tayyorlash maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyihaning ahamiyati raqamlashtirish iqtisodiy taraqqiyotning mezoni, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv, barcha sohalarni kompleks rivojlantirishning asosiy sharti ekani bilan izohlanadi. Bugun dunyoda raqamlashuv, mobillashuv, sun’iy intellektni joriy eta oladigan kadrlar — dasturchilarga talab yuqori. Boisi, raqamli iqtisodiyotni ta’minlovchi infratuzilma, AKT sohasiga kiritilgan katta miqdordagi investitsiya ham elektron imkoniyatlardan samarali foydalana oluvchi dasturchilarsiz o‘zini oqlamaydi.

Raqamli iqtisodiyotni yo‘lga qo‘yish va uning samarali faoliyatini ta’minlovchi bir million dasturchini tayyorlashga qaratilgan loyiha doirasidagi mashg‘ulotlar ayni kunda uzbekcoders.uz o‘quv portali orqali olib borilmoqda. Videodarslar o‘zbek tilidagi subtitrlar bilan taqdim etiladi. Istagan inson ro‘yxatdan o‘tib, onlayn saboqlarda qatnashishi mumkin. Mashg‘ulotlar bepul.

Loyihani ishga tushirishning birinchi bosqichida aholiga loyihani tanitish va raqamli ko‘nikmalarni egallashga yordam beruvchi darslarni targ‘ib qilish maqsadida reklama kampaniyasi o‘tkazildi. “Bir million dasturchi” loyihasining dastlabki bosqichida 62 mingdan ziyod o‘quvchi qamrab olinib, ularning 5 ming 400 nafariga malaka sertifikati berildi. Loyiha ZIYONET ta’lim portali, UZMOBILE mobil aloqa operatori va UZONLINE internet provayderlarining tekin xizmatlariga kiritildi. Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida ushbu loyiha doirasida dasturlash ko‘nikmalariga o‘qitish joriy etilmoqda. 2020/2021 o‘quv yilida yuqori sinf o‘quvchilari va talabalarni uzbekcoders.uz portali orqali o‘qitish qamrovi keskin oshirilishi rejalashtirilgan. Yangi o‘quv yilidan boshlab oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida tegishli yo‘nalishlarning mutaxassislik fanlari hamda umumta’lim maktablarining informatika fani dasturlariga “Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi dasturlash yo‘nalishlari mavzularini kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

— Loyiha doirasida to‘rtta yo‘nalishda dasturchilar tayyorlanadi, — deydi “Bir million dasturchi” loyihasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha menejeri Dilshoda Magrupova. — Bular Android (Google bilan hamkorlikda), Frontend va Full-stack dasturlash hamda ma’lumotlarni tahlil qilishdir. Ularning har biri boshlang‘ich 120 soatlik, ya’ni 12 haftalik kursdan iborat.

Darslarga qatnashish uchun maxsus bilim talab etilmaydi. Mashg‘ulotlarda Udacity axborot texnologiyalari ixtisosliklariga yo‘naltirilgan yetakchi onlayn platforma o‘quv materiallaridan foydalaniladi. Mazkur platforma o‘quv dasturlari va kurslar mazmuni Google, Facebook, Amazon, Autodesk va boshqa shu kabi yetakchi kompaniyalar bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Barcha kurslar haqqoniy ma’lumotlar to‘plami asosidagi loyihalar bilan ishlash orqali amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.

Yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashga qiziqishi ham yuqori. Ularga bir vaqtning o‘zida bir nechta kursda ishtirok etish imkoni berilgan. Mashg‘ulotlar jadvali moslashuvchan. Birinchi bosqichni o‘zlashtirishga atigi ikki hafta kerak. Ammo darslarni tayyorlash uchun vaqt oz bo‘lsa-da, uni 3 oy ichida tamomlash mumkin. Ikkinchi bosqich birinchi bosqich tugagandan so‘ng, ya’ni amaliy bilimlarni baholovchi testlar topshirilganidan keyin boshlanadi. Agar ishtirokchi uni ham 10-12 hafta ichida tugatolmasa, 3 oy ichida o‘zlashtirishi mumkin. Shunday qilib, kursning to‘liq kontentini tamomlash uchun saytda ro‘yxatdan o‘tgan birinchi kundan boshlab umumiy 6 oy muddat beriladi. Kursni tugallaganlarga ikki turdagi ishtirokchi va bitiruvchi sertifikati beriladi.

— Android dasturlash yo‘nalishidan ro‘yxatdan o‘tib, bepul onlayn videodarslar orqali bilimimni oshirdim, — deydi 21 yoshli dasturchi Asadjon Husanjonov. — O‘quv materiallari sodda va aniq qilib tuzilgan, topshiriqlari qiziqarli. Dars yuzasidan paydo bo‘lgan savollarimizga telegram mobil ilovasidagi guruh orqali javoblar oldik. Men kurslarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritdim. Galdagi maqsadim Frontend dasturlashni o‘rganishdir.

Loyiha doirasida faol ishtirokchilar uchun tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Masalan, ayni kunda tashabbus ko‘rsatish, boshqa ishtirokchilarni ruhlantirish, o‘quv materiallarini o‘zlashtirishga yordam berish maqsadida axborot texnologiyalari va yangi dasturiy ta’minot, qatnashchining loyihadagi muvaffaqiyati va tajribasi, loyiha ishtirokchilariga foydali bo‘lgan mavzularda maqola va tarjimalar tayyorlash bo‘yicha tanlov bo‘lib o‘tmoqda. Buning uchun ro‘yxatdan o‘tib, community.uzbekcoders.uz manzilida maqolalar chop etish zarur. Uch nafar g‘olibga 1500 AQSh dollaridan sovrin berilishi ko‘zda tutilgan. Bu ham yoshlarning dasturiy bilimlarni o‘zlashtirish va ularni boshqalarga yetkazishga intilishini oshiradi.

Sanobar JUMANOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq