Fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ko‘tarilgan savol va murojaatlar bo‘yicha brifing
12.06.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha bir qator savollar va murojaatlar kelib tushmoqda.

Shundan kelib chiqib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Matbuot xizmati rahbari Sherzod Axmatov bugun eng ko‘p berilayotgan savollar va murojaatlarga javob berdi.

1. Pochta jo‘natmalarini olish va yuborishda o‘z vaqtida manzillariga yetib bormaslik xolatlari kuzatilmoqda. Hozirgi vaqtda Xalqaro pochta jo‘natmalarini tashish uchun havo transportida yuborish va qabul qilish yo‘lga qo‘yildimi?

Xabaringiz bor, Yurtimizda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida 16-martdan boshlab “O‘zbekiston pochtasi” pochta jo‘natmalarini yer usti transporti orqali boshqa davlatlarga yuborayotgan edi. Shu vaqtlarda pochta jo‘natmalarini olish va yuborishda o‘z vaqtida manzillariga yetib bormaslik xolatlari kuzatilgandi.Ushbu kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilgan edi.

Shuni aytishimiz mumkinki hozirgi vaqtda “O‘zbekiston pochtasi” AJ, Havo transporti orqali yuk tashuvchi aviakompaniyalar bilan xalqaro pochta jo‘natmalarini dunyoning 35 ta mamlakatlariga yetkazib bermoqda.

Xalqaro pochta jo‘natmalari yuk tashuvchi havo transportida yuborilishi munosabati bilan, yangi “Extra” tarifi asosida qabul qilinmoqda.

Shuningdek, “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan 32 ta davlatga faqat yer usti transporti yo‘nalishida xalqaro pochta jo‘natmalari yetkazib berilmoqda.

2. Bugungi kunda nega ham joyda internet tezligi bir xilda emas, ayniqsa mobil aloqa internet xizmatlari talabga javob bermayapdi! Narhlari ham qimmat!Bu bo‘yicha nima ishlar qilinmoqda?

Aytish mumkinki, so‘ngi ikki yilda amalga oshirilgan ishlar tahliliga nazar soladigan bo‘lsak, mamlakatimizda zamonaviy elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlarining aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro hamkorligining yangi mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimizda jami 5 ta mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi hamda 30 dan ortiq simli tarmoqlar orqali telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi operator va provayderlar faoliyat olib bormoqda. Mobil aloqa tarmoqlari abonentlari soni 24 mln.ni tashkil etsa, shundan 19 mln. abonent internet foydalanuvchilari hisoblanadi. Simli tarmoqlar orqali internet xizmatlaridan foydalanuvchilari soni 3 mln.tani tashkil etmoqda.

2020-yilning 1-yanvaridan operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga arzonlashtirildi. Internet provayderlariga respublikaning turli hududlaridan tarmoqqa ulanish yagona tartibda va bir hil narhlarda tashkil etildi.

Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 6 000 dan ortiq mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatilib, ularning umumiy soni 26 mingtadan ortdi va respublika aholi maskanlarini mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 foizga va mobil internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi darajasi 70 foizga yetkazildi.

2019-yil davomida telekommunikatsiya tarmoqlari qamrovi umuman mavjud bo‘lmagan aholi yashash maskanlari soni deyarli ikki barobarga kamaytirildi.

Shu yerda bir ma’lumot aytib o‘tish mumkinki 2020-yil 1-iyun holatiga ko‘ra xalqaro “Ookla” kompaniyasi Speedtest.net servisi “COVID-19” Internet global sur’atiga ta’sirini e’lon qildi. Buning natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda Internet tezligi 6 foizga (Fixed Speed Change), mobil internet tezligi esa 18 foizga (Mobile Speed Change) ko‘tarilgan.

Jahon miqyosida “COVID-19” pandemiyasi sharoitida internetning o‘rtacha tezligi 1 foizga, mobil Internet tezligi 7 foizga o‘sgan xolos

O‘zbekistonda esa internet tezligi 6 foizga, mobil internet tezligi esa 18 foizga ko‘tarilgan.

Ta’kidlash kerakki, oxirgi yilda internet tezligi bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2020-yil aprel holatiga Internet tezligi bo‘yicha reytingida O‘zbekiston 94-pog‘onani egallagan. Ya’ni, bir yil davomida 37 pog‘onaga ko‘tarilib 131-o‘rindan 94-pog‘onagadan joy oldi. O‘zbekistonda oxirgi yil natijalariga ko‘ra internet tezligi qariyb 2,3 barovarga o‘sgan. 2019-yil mart holatiga ko‘ra 11,62 Mbit/s bo‘lgan bo‘lsa, 2020-yil aprel holatiga ko‘ra 25,88 Mbit/s. gacha ko‘tarildi. 2020-yil 1-iyun holatiga ko‘ra esa O‘zbekistonda internet tezligi 27,12 Mbit/s.ni tashkil etdi.

Internet tezligini ya’nada oshirish maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda, 2020-yilda kamida 800 mingta keng polosali Internet portlari yaratilishi, 12 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari yotqizilishi belgilangan. Telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida joriy yil boshidan bugungi kungacha, Internet tarmog‘ida keng polosali ulanish tarmoqlarini kengaytirish maqsadida 340 ming portga teng keng polosali yangi abonent qurilmalari keltirildi. Keltirilgan telekommunikatsiya qurilmalari hududlarga taqsimlanib mutaxassislar tomonidan montaj va sozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirda 281 ming port qurilmalar o‘rnatildi.

Bundan tashqari, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini kengaytirish maqsadida 40 ta server qurilmasi va 5 komplekt ma’lumotlarni saqlash qurilmalari o‘rnatilib, ishga tushirildi.

Shu kunga qadar respublika bo‘ylab jami 1 148 ta yangi tayanch stansiyalar o‘rnatilib ishga tushirildi. 1 483 ta ob’ektda joylashgan tayanch stansiyalarni modernizatsiya qilish orqali keng polosali internet xizmatlarini taqdim etish imkoniyati yaratildi.

Telekomunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish loyihalari doirasida rejalashtirilgan ob’ektlarga qadar 6, 5 ming kilometr optik tolali aloqa kabellari yotqizildi. Bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom etmoqda.

3 “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga posilka va banderollarni yetkazib berish xizmati qayta yo‘lga qo‘yildimi?

“O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga posilka va banderollarni yetkazib berish xizmati amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasida koronovirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish bo‘yicha maxsus komissiyaning Qarorlari asosida Respublika hududida “Karantin” bo‘yicha cheklovlarni bosqichma-bosqich bekor qilib borilmoqda.

Shu asosda, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tomonidan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning qonuniy huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida, 15-may sanasidan boshlab mahkumlarga posilka va banderollarni yetkazib berishga ruxsat berilgan.

Shundan kelib chiqan holda, “O‘zbekiston pochtasi” AJ jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga posilka va banderollarni yetkazib berish qayta yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qiladi.

4. Hozir kunda IT-markazlar va IT-Park filiallarida kurslarda o‘qish mumkinmi? IT-Parkning qaysi loyihalarida onlayn qatnashish mumkinmi?

Hozirgi kunda, IT-Park barcha bo‘limlari onlayn rejimda ishlashga o‘tgan. Startaplar bo‘yicha o‘qishlar davom etmoqda. Rezidentlar hujjatlarni onlayn ravishda topshirmoqda, barcha uchrashuv va muzokaralar bulutli video platformalarda o‘tkazilmoqda. Oflayn o‘qishlar karantin tugaganidan keyin boshlanadi. Buni kutmasdan o‘qishni istaganlar dasturlashni o‘rganish uchun Uzbekcoders.uz platformasida yoki o‘z startaplarini ishlab chiqishni xohlaganlar, https://online.it-park.uz/pre-akselerator onlayn platformasida ro‘yxatdan o‘tib o‘qishlari mumkin.

Online Pre-Accelerator — bu boshlovchi tadbirkorlar uchun bir oylik onlayn o‘quv kursidir. Kurs 15 ta video dars, nazariy materiallar, topshiriq va tavsiya etilgan adabiyotlardan iborat. Barcha mashg‘ulotlar o‘zbek tilida olib boriladi. Har kim ro‘yxatdan o‘tishi va mustaqil ravishda o‘qishi va yakunlagandan so‘ng testdan o‘tishi mumkin.

Bundan tashqari, dasturlash, grafik muharrirlari va boshqa dasturlar bilan ishlash bo‘yicha video darslar ishlab chiqilgan va Mover hamda Utube servislaridagi IT-Center kanallariga joylashtirilgan.

Shuningdek, hozirgi vaqtda 14 ta loyiha onlayn tarzda amalga oshirilmoqda.

5. 2020-yil 3-iyun kuni Farg‘ona viloyati So‘x tumanida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada yaxshilash bo‘yicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ham bir qator topshiriqlar berilgan edi. Aytingchi, bu bo‘yicha nima ishlar amalga oshirilmoqda?

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Farg‘ona viloyati So‘x tumanining muammoli masalalari yechimi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ijrosi doirasida, mazkur masalalarni zudlik bilan sifatli hal etish choralari ko‘rilmoqda. Shu asosda Vazirlik tomonidan maxsus ishchi guruh tashkil etildi.

So‘x tumanida telekommunikatsiya infratuzilmasini kengaytirish va xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida, 62 kilometr optik tolali aloqa kabellari, umumiy sig‘imi 536 portli zamonaviy qurilmalar, 40 dona 7 metrli temir-beton ustunlar, 5 ta mobil aloqa baza stansiyalari “O‘zbektelekom” AK “O‘zmobayl”filiali — 2 ta antenna machta qurilmalari bilan, “Coscom” MChJ – 1 ta, “UMS”MChJ – 2 ta zarur transport va maxsus materiallar tumanga yetkazildi.

Hozirda G‘aznov – Tul yo‘nalishida 13 ta (33 %) temir-beton ustunlar o‘rnatilib, 16 kilometr optik tolali aloqa kabellari qurish va montaj qilish uchun joylarga yetkazildi.

So‘h tumaniga yetkazilgan 5 ta mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatildi. Jumladan, Lenburg MFY hududidagi mavjud antenna machta qurilmasiga 2 ta (1 ta “UMS”MChJ va 1 ta “Coscom” MChJ) yuqori tezlikdagi internet texnologiyasi asosidagi baza stansiyalar o‘rnatildi va ishga tushirildi.

Chashma MFY hududida “O‘zbektelekom” AK “O‘zmobayl” filialining 1 ta antenna machta va 2 ta (1 ta GSM va 1 ta CDMA) yuqori tezlikdagi internet texnologiyasi asosidagi baza stansiyalarini montaj qilish ishlari yakunlanib, sozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, “O‘zbektelekom” AK “O‘zmobayl” filialining Qalacha, Malbut, Lenburg va Tul MFYlar hududlaridagi mavjud baza stansiyalarigacha tashkil etilgan transport tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 2 barobarga kengaytirildi.

Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun 50 nafardan ortiq mutaxassis va xodimlar jalb qilingan.Hozirida ishlar davom etmoqda.

Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha eng ko‘p berilayotgan savollar va murojaatlar shulardan iborat.

* * *

Sirdaryo viloyati “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen xodisa oqibatida talafot ko‘rgan hududlarda telekommunikatsiya inshootlarini tiklash bo‘yicha olib borilgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi.

2020 yil 1 may kuni Sirdaryo viloyati “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen xodisa oqibatida talafot ko‘rgan hududlarda bir qancha telekommunikatsiya inshootlariga ham zarar yetgandi.

Jumladan, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba tumanlaridagi mobil aloqa kompaniyalarining mavjud 86 ta baza stansiyalaridan 58 tasi ish faoliyati to‘xtagan edi. Shundan, 44 tasida elektr energiyasida uzilishlar bo‘lgan bo‘lsa, qolgan 14 ta mobil aloqa baza stansiyalari suv ostida qolganligi sababli jiddiy talafot yetgan edi, 1,43 kilometr havo aloqa liniyalari va 12,5 kilometr magistral optik tolali aloqa liniyalari zarar ko‘rgan edi.

Telekommunikatsiya ob’ektlariga yetkazilgan talafotlarni bartaraf etish maqsadida Shtab tashkil etilib, aloqa sohasi xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, 100 ga yaqin aloqa sohasi xodimlari, 110 nafar harbiy institut kursantlari, 100 nafar Mudofa vazirligi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi harbiy xizmatchilari va aloqa boshqarmasi mutaxassislari va 15 dan ortiq maxsus texnikalar jalb qilinib talafat oqibatlari tezkorlik bilan bartaraf etilgan edi.

Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa mahallasida o‘rnatilgan 4 ta, Mirzaobod tumani Navbahor va Haqiqat mahallalari va Baliqchilik xo‘jaligida o‘rnatilgan 5 ta hamda Oqoltin tumani Shodlik mahallasida o‘rnatilgan 5 ta, jami 14 ta suv ostida qolgan baza stansiyalarda modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, aloqa xizmatlari tezkorlik bilan ta’minlandi.

“O‘zbektelekom” AK Sirdaryo filiali tomonidan talafot vaqtida tezkorlik bilan ko‘rilgan choralar natijasida Oqoltin tumani markazi Sardoba shaharchasidagi demontaj qilingan ATS (montaj sig‘imi 1152 raqamli C&C08 RSP “HUAWEI” rusumli telefon stansiya, sig‘imi 288 portli DSLAM) 3 may kuni doimiy elektr tarmog‘iga ulanib, qayta ish faoliyati tiklagan edi.

“O‘zbektelekom” AK “Telekommunikatsiya transport tarmog‘i” filiali 3-texnik bog‘lamasi tomonidan 12,5 kilometr magistral aloqa liniyasida o‘lchov ishlari olib borildi, texnik me’yor talablariga keltirilib, shikastlangan 44 ta katta ogohlantiruvchi va 46 ta kichik belgilovchi aloqa ustunlari tartibga keltirildi.

Suv toshqinidan talafot ko‘rgan uy-joylarni ta’mirlash uchun biriktirilgan viloyatlar shtablarida telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish va monitoring olib borish uchun Mirzaobod tumani Navbahor mahallasiga biriktirilgan Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlari, Haqiqat mahallasidagi Sirdaryo, Jizzax viloyatlari, Oqoltin tumani Shodlik mahallasiga biriktirilgan Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari, Sahovat mahallasidagi Toshkent shahar, Ahillik mahallasiga biriktirilgan Surxondaryo viloyati va Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa mahallasiga biriktirilgan Xorazm, Navoiy viloyati, Yurtdosh mahallasiga biriktirilgan Buxoro viloyati hamda Do‘stlik mahallasiga biriktirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi shtablariga jami 10,3 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilib, shtablarda telekommunikatsiya va yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilib berildi.

Shu bilan birga, Sardoba tumanidagi Do‘stlik, Mirzaobod tumanida Navbahor, Oqoltin tumanida Shodlik mahallalari hududlarida yangidan qurilishi rejalashtirilgan massivlarda jami 2640 ta xonadonga mo‘ljallangan 66 ta ko‘p qavatli uylarga hamda mazkur mahallalardagi 1773 ta yakka tartibdagi uylarga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish maqsadida 27,5 kilometr yer osti va 35,86 kilometr havo aloqa liniyalari qurildi.

Sirdaryo viloyati aholisi uchun Uzmobile mobil aloqa operatori tomonidan 1000 mb va 1000 daqiqalik, Ucell mobil aloqa operatori tomonidan tarmoq ichida 1000 daqiqa, O‘zbekiston bo‘ylab 1000 ta sms va 100 mb internet trafik, Beeline operatori tomonidan 500 daqiqa va 500 mb internet trafikli maxsus xizmat to‘plamlarini taqdim etilgan bo‘lsa, Mobiuz mobil aloqa operatori tomonidan Sirdaryo viloyatidagi abonentlari uchun may oyi chiquvchi qo‘ng‘iroqlar narxlanmasligi ma’lum qilindi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq